1

Piyoda yurish salomatlikka qanday ta`sir ko`rsatadi?

Salomatlik 01.04.2024, 17:57
Piyoda yurish salomatlikka qanday ta`sir ko`rsatadi?

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati kuniga bir kilometr piyoda yurishning salomatlikka ijobiy ta`sirlari haqida batafsil ma`lumot berdi.

Xo`sh, piyoda yurishning nafi haqida mutaxassislar qanday tibbiy tavsiyalar beradi?

— Odam o`zini yaxshi his qilishi va tashqi ko`rinishining ko`rkam bo`lishida piyoda yurishning ahamiyati katta, — deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti bo`lim boshlig`i, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova. — Sababi yayov yurganda insonning barcha muskullari harakatga kelib, tanada moddalar almashinuvi yaxshilanadi.

Ayniqsa, erta tongda piyoda yurish salomatlik uchun juda foydali. Chunki bu vaqtda havo toza bo`ladi, kishi kechasi uxlab, dam olgani sababidan charchamasdan 30-40 daqiqa bemalol yayov kezishi mumkin.

Qolaversa, kechki payt ishdan chiqqach, imkon bo`lsa, yo`lning bir qismini piyoda bosib o`tish, ruhiyatga tetiklik baxsh etib, kishini tinchlantiradi va charchoqni oladi.

Shuningdek:

  • Umr davomiyligini uzaytiradi. Ko`p yillik tadqiqotlar natijasiga ko`ra, har kuni bir yoki undan ortiq kilometr masofani piyoda bosib o`tishga odatlanganlar bunday mashg`ulotni xush ko`rmaydiganlarga nisbatan 7 yilgacha ko`proq umr ko`rar ekan. Shuningdek, muntazam piyoda yurish yoshlikni uzaytiradi.
  • Moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Yuqori qon bosimi, qand miqdorining balandligi, ortiqcha vazn, asabiylik, turli kasalliklarga tez chalinuvchanlik, bosh og`rig`i, tez charchash... Bu ro`yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin va bularning barchasiga muntazam piyoda berish orqali yaxshigina zarba berish mumkin.
  • Mablag`ni tejaydi. Bugun yurtimizda sport zallari va fitnes klublari ko`p. Ammo ularga qatnash uchun mablag` kerak. Bundan tashqari, velotrenajyor sotib olib, uyda shug`ullanish uchun ham pul zarur. Shunchaki piyoda yurish esa yo`l-yo`lakay ishlarni bitirish bilan birga, sizni ana shunday xarajatlar, eng muhimi, qimmat tibbiy muolajalardan xalos etadi.
  • Uyquni yaxshilaydi, stressdan himoyalaydi. Asrimizning quloch yozayotgan muammolari qatorida stress va uyqu buzilishi alohida o`rin tutadi. Ularning har ikkisi bir-biriga chambarchas bog`liq. Muntazam piyoda yurish aqliy tetiklik bilan birga, jismoniy charchoqqa olib keladi. Bu esa o`z navbatida asabni tinchlantirib, tiniqib uxlashga yordam beradi.
  • Suyaklarni mustahkamlaydi. Qator suyak kasalliklari borki, ularda piyoda yurish nafaqat befoyda, balki zararli va xavfli hamdir. Yangi jarohatlar, artritning faol bosqichlari shular jumlasidan. Ammo mutlaq ko`pchilik uchun piyoda yurish suyaklarni mustahkamlashdek muhim yutuqni keltiradi. Tayanch-harakat tizimining sog`lomligi esa organizmdagi juda ko`p muammolarning oldini oladi.
  • Ko`rish qobiliyatini yaxshilaydi. Ochiq havoda, istirohat bog`larida, keng dalalarda sayr qilayotgan inson istasa-istamasa, uzoqlarga tikiladi, turli manzaralarni tomosha qiladi. Piyoda yurish ortidan qon aylanishi yaxshilanishi ko`zga ham o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi.
  • Kasalliklarning oldini oladi. Me`yorida, ma`lum bir masofaga piyoda yurishning nojo`ya ta`siri yo`q, aksincha salomatlik uchun foydali jihatlari talaygina. Xususan, yayov kezish semizlik, yurak-qon tomir xastaliklari, shamollash, qandli diabet kabi kasalliklar va turli zararli odatlardan xalos bo`lishga yordam beradi.

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1