Organizminng me`yorda ishlashi uchun vitaminlar zarur organik birikma hisoblanadi. Biroq ularning qay biri tanada qanday vazifa bajarishini bilasizmi?
Ushbu savolga Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig`i o`rinbosari Sojida Do`stmamatova batafsil javob berdi.
— Inson salomatligida ushbu organik birikmalarning o`rni beqiyos, — deydi mutaxassis. — Misol uchun, A vitamini hujayralarning rivojlanishi, terining ko`rkamligi, sochlar go`zalligi, tirnoqlar salomatligi, ko`rish quvvatining kuchli bo`lishi, suyaklar mustahkamligi, yurak-qon tomir, nafas olish va reproduktiv tizimlarning yaxshi ishlashi va tashqi ta`sirlardan himoyalanishni ta`minlaydi.
Ushbu vitamin sabzi, sitrus mevalari, jigar, pishloq, tvorog, sut, tuxum, baliq va petrushkada ko`p bo`ladi.
D vitamini esa tanada kalsiy va fosforning so`rilishini tartibga soladi. Shuningdek, u suyaklar mustahkamligi, qonning me`yorda ivuvchanligi, shamollashdan himoyalanish, zaharli moddalarning organizmdan chiqib ketishi, yaxshi kayfiyat va yurak-qon tomirlar salomatligi uchun zarur.
Bu vitamin baliq yog`i, echki suti, sariyog`, pishloq, tvorog, tuxum sarig`i, dengiz mahsulotlari, kartoshka, o`simlik yog`i, mol go`shtida bisyor. Shuningdek, organizmda quyosh nuri ta`sirida ajralib chiqadi.
S vitamini — terining go`zalligi, kuchli immunitet, soch va tishlar sog`lom bo`lishi uchun kerak.
U ko`proq sitrus mevalari, sabzi, qizil karam, shivit, na`matak, chakanda moyi (oblepixa), qizil rangli mevalar, yashil no`xat, turp va kivida mavjud.
K vitamini — tanadagi jarohatlarning tez bitishi, qon sifati va uning ivuvchanligi me`yorda bo`lishiga yordam beradi.
U karam, sabzi, ismaloq, qichitqi o`t, na`matak, pomidor, qulupnay va ko`k choyda mavjud.
E vitamini — gormonlar hosil bo`lishi, qon ivishi, asab to`qimalari va immunitetni mustahkamlash, reproduktiv tizim faoliyatining yaxshi ishlashi, tashqi salbiy ta`sirlardan himoyalanishni ta`minlaydi.
U asosan kungaboqar va zaytun yog`i, go`sht, qovoq, jo`xori, sariyog`, yong`oq, sut mahsulotlari va jigarda bor.
V1 — organizmda uglevodlar almashinuvi, asab tizimi va miya uchun energiya ishlab chiqarish, jismoniy faollikni oshirishga yordam beradi. U don mahsulotlari, dukkaklilar va kartoshkada ko`p miqdorda bo`ladi.
️V2 — hujayralarga energiya ishlab chiqarish, ko`z va teri salomatligi uchun zarur. Ushbu vitamin sut va sut mahsulotlari, jigar, bodom, tuxum, qo`y go`shti, qo`ziqorin, grechka va tvorogda mavjud.
V6 — oqsillar so`rilishi, asab tizimining yaxshi ishlashi va qon tomirlari sog`lom bo`lishi uchun kerak.
U banan, ko`k salat, yong`oq, karam, bug`doy kepagi va yangi undirilgan nihollari, losos balig`i hamda go`shtda bo`ladi.
V12 — asab tizimi va ichaklar salomatligi, mustahkam xotira hamda immunitet va qizil-qon hujayralari ishlab chiqarish uchun zarur.
U salat, turli baliq mahsulotlari, sut, pishloq, tuxum sarig`ida ko`p uchraydi.
Biotin — organizmda uglevod va yog`lar sintezi, metabolik jarayonlarning faollashishida ishtirok etadi. U asosan jigar, sut mahsulotlari, soya, dukkaklilar, yong`oqda bor.
Foliy kislotasi — yangi hujayralar o`sishi va anemiyaning oldini oladi. U turli ko`katlar, no`xat, mol go`shti va jigari, buyrak va tuxumda ko`p miqdorda bo`ladi.
Har qanday vitaminni faqat shifokor tavsiyasi bilangina qabul qilish zarurligi ta`kidlanmoqda. Qayd etilishicha, mutaxassis kishining yoshi, jinsi, sog`lig`i, turmush tarzi va boshqa omillarga qarab, qaysi vitaminlarni qancha miqdorda ichish bo`yicha ko`rsatma beradi.