JSST xulosasiga ko`ra, bugun insoniyat hayotiga tahdid soluvchi besh asosiy xavfli omildan biri — stress.
Qayd etilishicha, ruhiy zo`riqish, ortiqcha asabiylashish va depressiya ko`plab kasalliklarni keltirib chiqarishi ma`lum. AQShning "Kold-Spring-Xarbor" laboratoriyasi olimlari o`tkazgan tadqiqot davomida esa stress va saraton kasalligi o`rtasidagi bog`liqlik topildi.
Ma`lum bo`lishicha, stressli vaziyatlarda organizmda bir qator gormonlar faollashuvi kuzatiladi. Shulardan asosiysi — adrenalin. U tufayli yurak urishi tezlashib, qon bosimi ko`tariladi va tanada qo`shimcha energiya hosil bo`ladi.
Xuddi shunday ruhiy holat kortizol gormoni ishlab chiqarilishini ham faollashtiradi. Oqibatda qon tarkibida qand miqdori me`yordan oshadi. O`z navbatida, tahdid yo`qolishi bilan gormonlar yana normal holatiga qaytadi.
Biroq agar inson doimo stress ostida hayot kechirsa yoki tez-tez depressiyaga tushsa, yuqoridagi gormonlar barcha organlar faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsata boshlaydi va bora-bora turli xavfli kasalliklarni qo`zg`atadi.
Xususan, AQSh olimlari o`tkazgan tadqiqot davomida surunkali stress saraton hujayralarini paydo qilishi aniqlandi. Ya`ni ruhiy tushkun holatimizda qon tarkibidagi neytrofillar tananing o`simtalarga moyilligini oshiruvchi yopishqoq tuzilmalar hosil qiladi.
Olimlar xulosasiga ko`ra, ushbu tadqiqot onkologik kasalliklarni davolashga doir yangi usullar va samarali strategik yondashuvlarni ishlab chiqishda qo`l kelishi mumkin.