1

O`zbekistonda anomal issiq qachon kuzatilishi mumkinligi aytildi

Jamiyat 17.06.2024, 12:06
O`zbekistonda anomal issiq qachon kuzatilishi mumkinligi aytildi

O`zbekistonda joriy yilning iyul va avgust oyi boshlarida g`ayritabiiy (anomal) issiqlik davrlari kuzatilishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti prognozida ma`lumot berildi.


Qayd etilishicha, ba`zi kunlarda harorat uzoq muddatli o`rtacha qiymatlardan sezilarli darajada ko`tarilishi mumkin, ehtimol bu vaziyat mintaqada vujudga keluvchi termik depressiya jarayoni ta`siri bilan uzviy bog`liq. 

Sharqiy zona (Farg`ona vodiysi), Toshkent viloyati tog`li hududlari hamda Surxondaryo viloyatida butun yoz davomida havo harorati ko`p yillik iqlimiy me`yor ko`rsatkichlariga yaqin bo`lishi mumkin.

Termik depressiya – bu yozgi sinoptik jarayon bo`lib, Markaziy Osiyoning janubi-sharqida past bosimli hudud paydo bo`lishi, quruq-jazirama issiq ob-havo bilan tavsiflanadi (bu davrda Markaziy Osiyo tekislik hududlarida havo harorati +44...+46 darajaga, ba`zi hollarda, +48 darajagacha etishi mumkin). 

Termik depressiyaning davomiyligi 2-3 sutkadan 5-7 sutkagacha, ba`zi yillarda esa 1,5–2 haftagacha davom etishi mumkin. So`nggi paytlarda mazkur sinoptik jarayon kuzatilgan davrda mintaqa mamlakatlarida qishloq xo`jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari hamda energetik tizimda kuchli zo`riqishlar kuzatilmoqda.

Iyun oyining birinchi va uchinchi dekadasi ba`zi kunlarida O`zbekiston bo`ylab biroz yog`ingarchilik bo`lishi kutilmoqda. Tekislik hududlarida yozning qolgan oylarida yog`ingarchilik ehtimoli deyarli mavjud emas, respublikaning tog` va tog`oldi hududlarida qisqa muddatli yog`ingarchiliklar bo`lish ehtimoli mavjud. Bu asosan kunning ikkinchi yarmida lokal xususiyatli ob-sharoiti bilan bog`liq. 

Shu maqsadda, butun yoz davomida mintaqaning katta qismida yog`ingarchilik miqdori ko`p yillik o`rtacha qiymatlarga yaqin bo`lishini (90 foiz-110 foiz) prognoz qilish mumkin. Faqatgina, Farg`ona viloyati janubi tog` va tog`oldi hududlarida yog`ingarchilik bilan bog`liq ijobiy vaziyat (110 foiz-130 foiz) bo`lishi kutilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1