Prezident Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan O`zbekistonda bo`lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Oliy Majlis Senatida bo`ldi.
O`zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko`p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, global siyosat va mintaqaviy masalalar bugungi kunning muhim mavzularidandir.
Uchrashuv davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bog`liq, jumladan, gender tengligini ta`minlash masalalari ham muhokama qilindi. So`nggi yillarda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida O`zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMTning tavsiyalari ham muhim o`rin tutayotgani alohida ta`kidlandi.
Xususan, parlamentlararo munosabatlar ko`lami, gender tenglik, ayollarning ta`lim olish huquqlari, global iqlim o`zgarishlari sharoitida amalga oshirish lozim bo`lgan vazifalarga alohida to`xtalib o`tildi.
Shuningdek, suhbat chog`ida O`zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo`llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. 2017 yildan buyon mamlakatimiz tashabbusi bilan BMTning 10 ta rezolyusiyasi qabul qilingani hamda O`zbekiston BMT qo`mitalari va boshqaruv organlari (Inson huquqlari bo`yicha kengash, EKOSOS, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqalar)ga a`zo bo`lganiga e`tibor qaratildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy majlis Senatidagi mazkur uchrashuvdan mamnun ekanini bildirib, ”Markaziy Osiyo sivilizasiya markazi hisobalanadi, O`zbekiston esa mintaqaning markazidir. O`zbekiston BMTning ko`plab sohalarida, xususan, BRMni amalga oshirishda yo`lboshchi davlatlardan biri. O`zbekiston bilan BMT hamkorligi alohida o`rin va ahamiyat kasb etadi. Men Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurganimda, mintaqa tarqoq va yakkalanib qolgan edi. Endi Prezident Shavkat Mirziyoev tufayli mintaqa birlashdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyoning ko`plab muammoli masalalari hal etildi”, deya fikr bildirdi.
Ushbu tarixiy tashrif O`zbekiston va Birlashgan Millatlar tashkiloti o`rtasida ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.