1

“Quyonlab” va “bo`ritanglay” bolakaylar... Lab va tanglay nuqsonining davosi bor!

Salomatlik 13.12.2016, 10:28
Teglar: Salomatlik, Kasallik, Bola, Ona va bola, SUGDIYONA, Jarrohlik
“Quyonlab” va “bo`ritanglay” bolakaylar... Lab va tanglay nuqsonining davosi bor!

Ota-onaning birdan-bir tilagi tug`ilajak farzandi sog`-omon dunyoga kelishidir. Afsuski, ba`zan niyatlarimiz biz istagandek ijobat bo`lmay ham qoladi. Va homilada tug`ma nuqson bor, degan tashxisni eshitamiz... Avvallari, bunday vaziyatda  “Endi nima bo`ladi?”, “Odamlar nima deydi?”, degan tahlikalar paydo bo`lardi. Endilikda esa mamlakatimiz shifo maskanlarida ko`pgina nuqsonlar samarali davolanib, plastik jarrohlik yo`li bilan bartaraf etilmoqda. Bu borada tibbiyot fanlari doktori, yuz-jag` sohasi plastik jarrohi – Adham Hasanov batafsil ma`lumot beradi.

 

– Adham Ibrohimovich, ma`lumki, ota-ona tug`ilajak farzandida tug`ma nuqson borligini eshitgani hamon, eng avvalo, “Nega shunday bo`ldi?”, degan savolni beradi. Shu ma`noda bilmoqchimiz, “bo`ritanglay” va “quyonlab”lik kabi nuqsonlarning kelib chiqishiga nimalarni sabab, deyish mumkin?

— Bu nuqsonlar ilmiy tilda yuqori lab va tanglay kemtikligi, deyiladi. Uning yuzaga kelishi sabablari esa juda ko`p. Bolada bu turdagi kemtikliklar ona qornidagi davrning birinchi uch oyligida shakllanadi. Homilador ayolning birinchi uch oylikda yuqumli xastaliklar bilan og`rishi, o`z vaqtida davolanmasligi, turli dori preparatlarini shifokor ko`rsatmasisiz qabul qilishi, homiladorlikdagi hamroh kasalliklar, jumladan, kamqonlikda tug`ma nuqson yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikoh, ayol yoki erkakning kimyo sanoatida faoliyat yuritib, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmasligi, farzand ko`rishni noto`g`ri rejalashtirish singari omillarning ham jiddiy ta`siri bor. Lo`nda aytganda, bolaning tug`ma nuqson bilan dunyoga kelmasligi otaning ham, onaning ham sog`lom hayot kechirishiga birdek bog`liq.

— Tug`ma nuqsonlarni homiladorlik davrida aniqlash mumkinmi?

— Homiladorlikning 14-16 haftalarida o`tkaziladigan ultratovush tekshiruvi  tug`ma nuqsonlarni aniqlab beradi. Xususan, lab va tanglay kemtiklarini ham shu davrda bilish imkoni mavjud. Agar tug`ilajak bolada kamchilik aniqlansa, ayol tug`ruqqa qadar nihoyatda yaxshi parvarish qilinishi lozim. Shuningdek, kamqonlik, infeksion kasalliklar, ovqat hazm qilish tizimining buzilishi, yuqori nafas yo`llari shamollashiga yo`l qo`yilmasa, kemtik rivojlanishini to`xtatishga muvaffaq bo`lish mumkin.

– Eshitishimcha, jahon bo`yicha o`rta hisobda har ming nafar chaqaloqning biri tug`ma nuqson bilan dunyoga kelar ekan.  Sizningcha, bu to`g`rimi?

— Avvalo, nuqsonlar haqida gapirilganida ularning tug`ma va orttirilgan turlari borligini aytish joiz. Haqiqatan, dunyo bo`yicha o`rta hisobda 1000 nafar chaqaloqdan birida  tug`ma nuqson aniqlanadi. Ba`zi mamlakatlarda bu ko`rsatkich 1200 nafarga, ayrimlarida  esa 700 chaqaloqqa to`g`ri keladi. Shular orasida ko`p uchraydigani yuqori lab va tanglay kemtiklaridir. O`z navbatida, ushbu nuqsonlar ham bir necha turga bo`linadi. Xususan, yuqori lab kemtiklari ikki tomonlama yoki bir tomonlama bo`lishi mumkin. Tanglay kemtiklari esa chegaralangan – yuqori lab kemtigi bilan tutashgan, ya`ni kesib o`tuvchi bo`ladi. Kesib o`tuvchi shaklning ham bir tomonlama va ikki tomonlama turlari bor.

– Ularni davolash choralari qanday? Bilasiz, ko`pchilikni ayni amaliyotdan keyingi holat qiziqtiradi.

— Tug`ma nuqsonning turi va shakliga qarab, jarrohlik amaliyoti o`tkaziladigan muddatlar belgilanadi. Tug`ma nuqson bilan dunyoga kelgan chaqaloq amaliyotga qadar ortodon, pediatr va yuz-jag` jarrohi kuzatuvida bo`ladi. Misol uchun, yuqori lab kemtikligining bir tomonlama chegaralangan nuqsoni bilan tug`ilgan bolalarda jarrohlik amaliyoti olti oylikdan keyin o`tkaziladi. Chunki chaqaloq hayotining oltinchi oyiga kelib, birlamchi yuqori lab mushaklari va limfa tizimlari shakllanishining birlamchi bosqichi tugaydi. Yumshoq tanglay kemtiklarida 1-1,5 yoshda, qattiq tanglay kemtigida esa yuqori jag`dagi barcha tishlar chiqib bo`lgach, 2-3 yoshlarda amaliyot o`tkaziladi.

– Bir martalik jarrohlik amaliyotidan so`ng takroriy muolaja talab qilinmaydimi?

– Lab, yumshoq va qattiq tanglaydagi xastaliklarda jarrohlik amaliyoti faqat bir marotaba o`tkaziladi. Shundan so`ng bolaning 8-9 yoshida tish qatorlari me`yoriy holatga kelishi mumkin. Dastlabki amaliyotdan so`ng bemor ortodontik davo olishi hamda logoped, pediatr shifokorning muntazam ko`rigida bo`lishi lozim. Bola ulg`aygach, burun qanotining shakl buzilishi yuzaga kelsa, rinoplastika amaliyoti o`tkaziladi. Ayrim paytlarda bolaning 6-10 oyligida o`tkazilgan amaliyotdan so`ng u 6-7 yoshga etgach, labda ozroq shakl buzilishi yuzaga kelishi mumkin. Bunday hollarda labni korreksiyalash, ya`ni kichik nuqsonlarni tuzatish  amaliyoti bajariladi.

– Birinchi farzandi lab yoki tanglay kemtikligi bilan tug`ilgan ona keyingi homilada bu holat takrorlanishidan qo`rqmasa ham bo`ladimi?

– Kasallik genetik, ya`ni nasldan-naslga o`tadigan belgilariga ko`ra, suyak surishi mumkin. Ammo bu bilan to`ng`ich farzanddagi  tug`ma nuqson keyingisida ham takrorlanadi, degan qat`iy xulosaga kelish noto`g`ri. Agar ayol homiladorlikni rejalashtirmoqchi bo`lsa, barcha zarur tibbiy tekshiruvlardan o`tishi kerak. Bo`lajak ota-ona sog`lom ekanligiga ishonch hosil qilib, so`ng zurriyod qoldirishni rejalashtirsa, bunday xavfning oldini olgan bo`ladi. Ko`pchilikka erish tuyulishi mumkin, ammo er-xotinning qovushish paytida nechog`li sog`lom va es-hushi joyida ekanligi bu borada katta ahamiyatga ega. Ya`ni, erkak spirtli ichimliklar ichmagan, er-xotinning ikkisi ham qovushish payti biror kasallik bilan og`rigan (yoki unga qarshi davolanayotgan) bo`lmasligi kerak. Hatto ichki kasalliklarni davolash uchun qabul qilinayotgan dori-darmonlar ta`sirida ham homila biror nuqson yoki kasallik orttirib olishi mumkin. Muxtasar aytganda, tug`ilajak farzandning salomatligi ota-onaga har jihatdan bog`liqdir.

Dildora Yusufbekova suhbatlashdi.

 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1