1

QAYNONA-KELIN MUAMMOSI. ERKAK ARALAShIShI KERAKMI?

SUG'DIYONA 07.07.2017, 15:13
Teglar: Kelin
QAYNONA-KELIN MUAMMOSI. ERKAK ARALAShIShI KERAKMI?

— Turmushga chiqqanimga etti yil bo`layapti. Erim yomon inson emas. Ikki farzandimiz bor. Faqat qaynonam bilan kelisha olmaymiz. O`rtamizda muammo chiqsa, erim doim onasining oldida meni urishib, er bilan bitta qiladi. Mayli, bunisiga ham chidayman. Lekin o`zaro gaplashganimizda bir og`iz uzr so`rab, ko`nglimni ko`taradigan gap aytsa, men ham qaynonam bilan til topishish uchun harakat qilmasmidim, deb o`ylab qolaman.

Zubayda, 31 yosh

Ushbu murojaatga asosan ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan qaynona-kelin muammolarida erkakning roli haqida fikr yuritishni lozim topdik. Xo`sh, ikki o`t orasida qolgan kishi qanday yo`l tutishi kerak? Savolga birgalikda javob izlaymiz.

Toifalar

Keling, shartli ravishda erkaklarni qaynona-kelin o`rtasida muammo tug`ilganda, qanday yo`l tutishiga qarab, 4 toifaga ajratamiz:

1. Onasi tomon bo`ladiganlar.

2. Rafiqa tomonga og`ib ketadiganlar.

3. Umuman aralashmaydiganlar.

4. Aralashadigan erkaklar.

Endi toifalarning har birini alohida ko`rib chiqamiz.

«Ona topilmaydi, xotin topiladi...»

Ona — yagona, muqaddas zot. Jannat onalar oyog`i ostida. Volidasining duosini olgan inson kam bo`lmaydi. Biroq «Ona topilmaydi, xotin topiladi», deya fikrlash bu volidai muhtaramalarimizni ulug`ovchi bayot emas. Ona va rafiqani solishtirishning o`zi aslida noo`rin. Xotiningiz ham onangiz kabi ayol, farzandlaringizni dunyoga keltirgan (keltiruvchi) zot. Uning ham qadri bor, unga ham hayot bir marta ato etiladi.

Sabab: ona va o`g`il o`rtasidagi psixologik kindik uzilmagan. Ona o`g`lini shaxs sifatida tan olmaydi, doim farzandi xato qilib qo`yishidan qo`rqadi, nazoratda ushlab turishni istaydi. O`g`lining oilasini kuchli nazorat ostiga oladi, barcha qarorlarni o`zi qabul qiladi. Kimga uylanadi, qachon to`y bo`ladi, kelin qanaqa kiyinadi, ertalab nechida uyg`onib, kechqurun nechida uxlaydi, uyiga qancha muddatda boradi, ishlaydimi-yo`qmi — bari-barini qaynona hal qiladi. Bu ona uchun me`yor sanaladi, uylangan yigit ham «Nega onam hamma narsaga aralashayapti?» deya hayratlanmaydi. Faqat kelin hayron bo`ladi. Shu tufayli muammo kelib chiqadi.

Oqibat: onasining etagidan ayrilmagan erkakning mustaqil shaxs sifatida shakllanishi dargumon. Kuyinchak ona bir umr o`g`lining katta-kichik muammolarini hal qilib yashaydi, er xotinining nadomatlarini eshitishga majbur bo`ladi, ayol esa chidaydimi-yo`qmi — o`zi tanlaydi. Ba`zi ayollar eridan najot kutish befoydaligini anglagach, yo hiyla bilan, yo janjal bilan qaynona zulmidan ozod bo`lishga urinishadi. Bora-bora ular nafaqat qaynonasi bilan, erlari bilan ham hisoblashmay qo`yishadi.

Chora: qaynonalar, o`g`lingiz uylandimi, uning kap-katta inson ekanligini tan oling. Agar hali ulg`aymagan, deb hisoblasangiz, bir boshog`rig`ingizni ikki qilishga shoshmay turing. Farzandingiz sizningcha juda bo`sh tabiatli bo`lsa, sekin-sekin mas`uliyatni bo`yniga iling. Ro`zg`orni, ayoli bilan hamfikr qaror chiqarishni, oilasidagi muammolarni bartaraf etishini o`g`lingizning o`ziga qo`yib bering.

Erkaklar, avvalboshdan xatoga yo`l qo`ymang. Deylik, turmushning ilk kunlarida ayolingiz biror joyga bormoqchi. Sizdan ruxsat so`rayaptimi, munosib javob bering. Ya`ni «Onamdan so`ra», deya gapni qisqa qilib, tinchingizni o`ylamang. Onangiz kelinidan shikoyat qilayaptimi, «Siz xavotirlanmang, o`zim hal etaman», deya vaizyatni o`z qo`lingizga oling.

Ayolning qiladigan birinchi ishi qaynonasining hurmatini joyiga qo`yish. O`chakishmang, qaynonaga qasdma-qasd ish qilmang. Eringiz mustaqil shaxsga aylanguncha uni hadeb ayblamasdan, onasi tomonligini yuziga solmasdan, ayollik vazifalaringizni ado etib, mehringiz, hurmatingizni namoyon qilib, sabr qilishingizga to`g`ri keladi.

«Xotinim bechora...»

Har bir erkak jufti haloli uchun javobgar. Uning kimdan, qanday hujumdan bo`lsa-da, himoyalashga majbur. Biroq bu himoyalash kimningdir, ayniqsa, onaning ko`nglini og`ritish evaziga bo`lmasligi kerak.

Sabab: erkakning ikki tomondan biriga og`ib ketishiga oilada kimning roli qanaqa ekanligini, o`zining va hayotidagi ikki muhim ayolning ma`naviy, diniy va yuridik haq-huquqlarini, burch-vazifalarini bilmasligi ham sabab bo`ladi. Bizda qizlarni kelinlikka obdon tayyorlashadi. O`quv markazlari, to`garaklar turli tanlovlar — bari ularni kelajakda orasta, sarishta kelin bo`lishi uchun xizmat qiladi. Yigitlar esa asosan oila tushunchasini tushunmasdan uylanishadi. Afsuski, shunday kelinlar ham borki, ular etni tirnoqdan ajratib, qaynonasi bilan g`idi-bidilarga barham berishni o`ylashadi.

Oqibat: onaning duosi, roziligi inson kamoli asosidir. Bugun oilangizni himoyalayman deya, noto`g`ri usuldan foydalansangiz, ertaga pushaymon yuragingizni o`rtashi aniq. Ayollar ham bir haqiqatni unutmasliklari kerak, o`g`il, baribir, onasiga talpinadi. Siz janjalto`polon bilan eringizni uydan olib chiqib ketsangiz ham, baribir u onasidan kechmaydi. Qolaversa, farzandlaringizga salbiy o`rnak ko`rsatasiz.

Chora: ayollar o`g`ilni onaga qarshi qo`yishdan saqlanishlari darkor. Ro`zg`orda bo`ladigan mayda gaplarni ham oshirib-toshirib, eringiz oldiga dasturxon qilib yoymang. Turmush o`rtog`ingiz bilan hamfikr bo`lishga harakat qiling. Biror masala sizni o`ylantirayaptimi, eringizga maslahat soling. Harholda sizdan ko`ra u volidasining fe`l-atvorini biladi, qaysi vaziyatga qanday yondashishni o`rgatadi.

Erkak kishi esa xotini onasidan shikoyat qilishni boshlagan ilk kezlardayoq volidasini hurmat qilishi kerakligini, hech qachon onasini unga yomonlamasligi shartligini bosiqlik bilan tushuntirishlari darkor.

«Meni tinch qo`yinglar...»

Ikki kishi o`rtasida tortishuv yuz bersa, ayniqsa, ikkala tomon ham sizning yaqiningiz bo`lsa, muamoni taftish qilish, hal etish mushkul savdo. Ikkala tomon ham o`z haqiqatini aytadi, o`zini oqlaydi. O`rtadagi kishi uquvli hakam bo`lishi, oqillik, donalik, vazminlik bilan muammoga yondashishi kerak. O`zini qiynashni istamagan kishi esa qo`l siltaydi-qo`yadi.

Sabab: onasi va ayoli o`rtasida muammo chiqqanida, qulog`ining tinchini o`ylaydigan erkaklar mas`uliyatsizlardir. Ular oila mas`uliyatini elkalariga olishmagan. Olishni istashmaydi ham. Kerak bo`lsa, bahsli vaziyatdan qochish uchun yo`l izlab qolishadi.

Oqibat: ming harakat qilmang, qochib qutula olmaysiz. Bir-biri bilan chiqisha olmayotgan ikki ayolning biri onangiz, biri rafiqangiz axir. Ular sizga begona bo`lsa ekan, o`z hollariga tashlab qo`ysangiz. Bugun arzimas narsa ustida tortishib, ertaga katta janjal yasashlari, bora-bora oilangiz parkondalikka yuz tutishi hech gapmas. Qolaversa, qaysisi bilan gaplashmang, albatta, bir-biridan nolishadi. Bu asablaringizga ta`sir qilmay qolmaydi.

Chora: o`rtaga tushish oson ish emas. Ayniqsa, ta`sirchan ayollar o`rtasiga. Lekin aralashuvingiz baribir talab etiladi. Faqat vaziyatga to`g`ri munosabat qila bilishingiz kerak.

O`rtaga tushding, o`tga tushdingmi?

Yo`q, agar siz uddaburron bo`lsangiz, ikki o`t orasida qolmaysiz. Yuqoridagi murojaat egasi kabi nafaqat ayrim ayollar, erkaklar ham xato fikrlashadi. Ya`ni qaynonaning ko`zicha kelinni urishib, achchiq-achchiq gaplar bilan tanbeh berib, keyin holi qolishganida uzri hol qilishadi. Bu usul nega o`zini oqlamaydi? Birinchidan, sizning ayolingizga bo`lgan munosabatingizni ko`rgan onangiz yanada olovlanadi. Kelinim o`zi hurmatga arzimaydi, deya o`ylaydi. Rafiqangiz esa inson. Uning ham ko`ngli bor. Qaynonaning oldida uni kelin sifatida erga urganingizda ko`ngli darz ketadi. Singan ko`ngilni esa chegallash qiyin. Xatosini ko`rib turibsizmi, onangizga o`zim gaplashib, tushuntiraman, deng-da, yaxshi gap bilan qaerda xatoga yo`l qo`ganini ayting.

Onasi va ayoli kelisha olmayotgan erkaklarning yagona chorasi — ikkala tomon bilan alohida-alohida gaplashish. Birinchi navbatda, bahsli vaziyatda ularni tinchlantiring. So`ngra avval onangiz bilan dillashing. Ularni qanchalik hurmat qilishingizni ayting. «Keliningiz yosh, sekin-sekin oilamiz tutumlariga o`rgatib olamiz. Shirin nevaralaringizning onasi u, shu sabab ham keling, shu gal kechira qoling», deya volidangiz ko`nglini yumshating. Aslo, ikkinchi tomonni ayblab, qop-qora qilmang.

Ayolingizga ham xuddi shu tariqa muomala qiling. Yaxshi ko`rishingizni, onangizni hurmatiga joyiga qo`ysa, mehringiz ming chandon oshishini ayting.

Ayollar shirin so`zning gadosi bo`ladi. Bundan tashqari, onangizga chiroyli ro`molmi, biror atirmi, rafiqangizga shirinlikmi sovg`a qilib, dilxiralikni ariting.

Eng muhimi, onangizga ayolingizdan, ayolingizga onangizdan nolimang. Aksincha, ularning hurmatga sazovar jihatlarini gap orasida e`tirof etib turing.

MUXLISA

Sharhlar

⚡️Farg`onada 20 yoshli o`g`il xotini bilan janjallashgan onasini pichoqlab o`ldirdi (video)

07.03.2023, 13:30

Farg`onada 20 yoshli o`g`il oilaviy kelishmovchilik sabab o`z onasini pichoqlab o`ldirdi. Bu haqda "zamon" informasion dasturida xabar qilindi. Ma`lum qilinishicha, Farg`ona viloyati Marg`ilon shahar "Do`stlik" mahallasida yashovchi...
​VERTOLYoTDA O`Z TO`YIGA BORAYoTGAN KELIN HALOKATGA UChRADI (VIDEO)

07.07.2017, 17:13

Ijtimoiy tarmoqlarda o`z to`yiga ketayotgan braziliyalik kelin hayotining so`nggi daqiqalari aks etgan video paydo bo`ldi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.Halokat oqibatida kelin bilan birga vertolyot...
​“RAQQOSA KELIN” IJTIMOIY TARMOQLARNI ZABT ETDI (Video)

07.07.2017, 12:37

Qirg`izistonlik “raqqosa kelin” aks etgan videorolik ijtimoiy tarmoqlarni zabt etdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri. Instagram blogeri bo`lgan Sayqal Jumalieva foydalanuvchilarning labiga tabassum yugurtirishga qodir...
​“Turmushga chiqyapman, ammo ko`nglim o`zgada...”

04.07.2017, 14:59

“ Sizlarga bu smsni ming bir xijolat bo`lib jo`natayapman. Ikki haftadan keyin to`yim. Turmushga chiqayotgan yigitim yahshi inson, tushungan. Biroq mening ko`nglim o`zgada. U bilan...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1