1

Shisha ichidagi shayton jiyanni tog`aning qotiliga aylantirdi

Jinoyat 15.01.2018, 11:38
Shisha ichidagi shayton  jiyanni tog`aning qotiliga aylantirdi

Toir Isaev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) Rossiyada ishlab qaytgach, buzilgan uyali aloqa telefonlari ustasi bo`lib oldi. Hozir texnikani yaxshi tushinadiganlarning oshig`i olchi. Keksa-yoshning qo`lida shu matoh. Hamma ham unga kiritilgan vazifalarni yaxshi tushunavermaydi. Ba`zida bilmay bosilgan bitta tugma telefonning buzilishiga sabab bo`ladi. Tuzatib berishning narxi esa ustaning insofiga bog`liq. Toir ham shunday “uddaburon”lardan. Kelajakda oila qurib, shu hunari bilan bir ro`zg`orni tebrata olardi. Ammo shisha ichidagi shayton uni o`z tog`asining qotiliga aylantirib, panjara ortiga uloqtirdi.

ChALA QOLGAN ULFATChILIK

2016 yil 8 dekabr. Toir 35 yoshda bo`lsa-da, hali uylanmagan. Uning ijaraga olib yashab yurgan uyiga jiyani — singlisining hali voyaga etmagan o`g`li Jasur mehmonga keldi. Toir oila mas`uliyatini bo`yniga olishni istamasa-da, ayni farzand erkalab yuradigan yoshda emasmi, jiya­nini ko`rib juda quvondi. Darrov qo`liga pul tutqazib, ko`cha boshidagi kabobdan yaxshilab pishirtirib olib kelishini, qaytayotganida bitta aroq va bitta "Kola" ham sotib olishni buyurdi. Jasur tog`asining bu hotamtoyligidan shod, pulni olib ko`chaga yugurdi. Soat 19:30lar chamasi tog`a-jiyan dasturxon atrofida o`tirganlarida eshikdan Toirning tog`asi A.Raimov aroq ko`tarib kelib qoldi. Toir tog`asi A.Raimov bilan birga ikkita shishani bo`shatib, uchinchisini ham olib keltirishdi. Toir tashqariga chiqib qaytib kirganida tog`asi A. Raimov ketishga chog`lanib turardi. U qanchalik tog`asini ulfatchilikni davom ettirishga undamasin, ko`ndira olmadi. Boyagina xona chetiga uloqtirgan kurtkasidan tog`asiga “yo`lkira” olib ber­moqchi bo`ldi. Lekin ne ko`z bilan qarasaki, cho`ntak bo`sh edi.

"SO`NGGI RAUND"

Toirning odati bor, agar ulfatbozlikni boshlasa, “so`nggi raund”gacha davom ettiradi. Buning uchun albatta cho`ntak baquvvat bo`lishi kerak. Hali birinchi "raund" tugamasidan cho`ntagi bo`shab qolgani Toirning jahlini chiqardi. Eshikka etib borgan tog`asining elkasidan ichkariga tortdi. “Cho`ntagimdan o`g`irlagan 39.000 so`m pulni qaytarib bering”, deya talab qila boshladi. Tog`asi shimining ikki cho`ntagi avrasini tashqariga chiqarib pulga tegmaganlini aytsada, unga o`shqira ketdi. Tog`asining tinmay “olmadim”, deya aljirashi Toirni battar jazavaga tushirdi. Biroz oldin gazak uchun limon kesgan das­tur­xondagi yog`och das­tali osh­xona pi­chog`ini olib, o`ylab o`tirmay tog`asining ko`k­siga sanchdi.

Tog`asining ovozi birdaniga o`chib, shilq etib erga quladi. Toir avval hech narsani tushunmay enkayib tog`asiga qaradi. Ko`ksiga tiqilib turgan pichoq ostidan sizib chiqayotgan qonni ko`rib, hushi joyiga keldi. Narigi xonada shirinlik­lar eb o`tirgan jiyani Jasurga qo`shnilarni chaqirib kelishni buyurdi-yu, o`zi qo`li qaltirab “Tez yordam”ga, onasiga qo`ng`iroq qildi. Keyin shosha-pisha pichoqni tanadan sug`urib olib, uyning tomiga otdi.

PAYPOQ IChIGA YaShIRILGAN PUL

Toirning onasi D.Esh­murodova o`g`lining telefondagi "tez keling, ukangiz Ahmad yana o`g`irlik qildi, qon chiqayapti", degan ovozidan dovdirab qoldi. Nima bo`lganini tushunmay, o`g`lining uyi­ga yugurdi. Aroq va tamaki hidi anqib turgan, betartib xona o`rtasida ukasi Ahmad cho`zilib yotardi. O`g`li esa o`zini oqlab nimalarnidir uqtirardi. Dod solib ukasini quchoqlashini ham, farzandiga dalda bo`lishni ham bilmay turganida, “Tez yordam” xodimlari etib kelishdi va A.Raimovni mashinaga solib, shifoxonaga olib ketishdi. Shifoxonada esa shifokorlar D.Eshmurodovaga Ahmad Raimovning vafot etganligini aytib, marhumning paypog`i ichidan chiqqan 39.000 so`m pulni qo`liga tutqazishdi...

Sud hukmi o`qildi. Agar Toir Isaev o`sha zahri qotilni ichmaganida arzimagan pul uchun o`z tog`asini o`ldirmagan bo`larmidi?! 1982 yilda tug`ilgan, ma`lumoti o`rta, bo`ydoq, muqaddam sudlanmagan, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug`ullanib kelgan Toir Isaev O`zbekiston Respub­likasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jasur Kenjaev, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori.

Inobat ERNAZAROVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1