Yaponiyalik olimlar ipak qurti lichinkasidagi oqsildan COVID-19’ga qarshi vaksina ishlab chiqarish ustida ish olib borishmoqda. Bu haqda RIA Novosti nashriga tayanib zamon.uz xabar berdi.
«Ipak qurti yordamida biz sun`iy chandiqli proteinni hosil qilamiz. U yangi tipdagi koronavirus oqsiliga nihoyatda o`xshaydi, faqat ichida virus bo`lmaydi, shu bois u bezarar», — deydi Kyusyu universiteti professori Takaxiro Kusakabe.
Uning izohlashicha, koronavirusning yuzasida S deb nomlanuvchi protein bo`lib, u uchtadan guruhlarga ajraladi va o`sha ma`lumu mashhur bo`lgan «nish» ni hosil qiladi: u yordamida kasallikni yuqtiradi.
Ipak qurti tanasiga bakulovirus yuboriladi. U hasharotni zararlaydi, odam uchun esa mutlaqo xavfsiz. Bir necha kundan so`ng qurtning tanasida COVID-19 chandiqli S-proteiniga nihoyatda o`xshaydigan oqsil «o`sib chiqadi».
«Hozir ikki turdagi vaksina ustida ish olib boryapmiz — in`eksiya shaklida va og`iz orqali qabul qilinadigan. In`eksiya ko`rinishidagi vaksinani tayyorlash uchun uni tozalash va xavfsizligini tekshirish talab etiladi. Nima bo`lganda ham, u ham hozir ishlatilayotgan vaksinalar kabi xavfsiz bo`ladi deb o`ylayman. Og`iz orqali qabul qilinadigan vaksinaga kelsak, Osiyo mamlakatlarida azaldan ipak qurtini taomda foydalanishadi. Shunday ekan, bu borada hech qanday muammo bo`lmasligi kerak», deya ta`kidlaydi professor.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur usul ko`p miqdorda vaksina ishlab chiqarish imkonini beradi. Eng ahamiyatli jihati, u grippga qarshi preparatlardan qimmat bo`lmaydi. 2021 yil mart oyigacha jonivorlarda sinab ko`rish rejalashtirilmoqda.