my5

Jahon banki O`zbekistonda qishloq xo`jaligini modernizasiya qilishga 500 mln dollar ajratadi

Iqtisodiyot 11.08.2020, 21:59
730
Jahon banki O`zbekistonda qishloq xo`jaligini modernizasiya qilishga 500 mln dollar ajratadi

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining qisqacha mazmuni:

1. Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan O`zbekistonda “Qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasini (keyingi o`rinlarda – Loyiha) moliyalashtirish uchun:

30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln dollar miqdorida qarz;

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ko`lamini kengaytirish dasturining 100 mln dollar miqdoridagi krediti;

Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 5 yillik imtiyozli davr bilan 219 mln dollar miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilmoqda.

Moliya vazirligiga ajratiladigan mablag`larni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, zarur hollarda, ularga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish vakolati berilmoqda.

Qishloq xo`jaligi vazirligiga Loyihaning o`z vaqtida va to`liq amalga oshirilishini ta`minlash, boshqarish va hisobotini yuritish yuklatilmoqda.  

Shu bilan birga, Bosh vazir o`rinbosari O`.Barnoev rahbarligida (J.Xodjaev – o`rinbosar) Ishchi guruhi tasdiqlanib, unga Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish, jalb qilinayotgan 500 mln dollar mablag` doirasidagi har bir loyihani asosliligi va maqsadga muvofiqligini o`rganish yuklatilmoqda.

2. Loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yo`nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida mahsulot etishtirish;

 eksportni rag`batlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qo`shilgan qiymatli qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qo`shilgan qiymat zanjirini yaratish;

qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat tarmog`ini diversifikasiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperasiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investisiyaviy jozibadorligini oshirish;

er va suv resurslari, o`rmon fondidan oqilona foydalanish;

sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat ko`rsatish servisini takomillashtirish;

qishloq xo`jaligida ilmiy-tadqiqot, ta`lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integrasiyalashgan samarali tizimini yaratish;

 qishloq xo`jaligini raqamlashtirish, statistik ma`lumotlarni to`plash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish.

Hisob palatasiga Loyiha doirasidagi mablag`larning maqsadli ajratilishi, sarflanishi va natijadorligi ustidan doimiy nazorat o`rnatish hamda har yarim yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga axborot kiritib borish yuklatilmoqda.

3. Qaror bilan quyidagilar:

“O`zbekiston Respublikasida qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosi hamda uning asosiy ko`rsatkichlari;

“O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasi bo`yicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablag`laridan foydalanish sxemasi;

“O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”;

“O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz to`lovlarini amalga oshirish jadvali;

“O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz to`lovlarini amalga oshirish jadvali;

“O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi imtiyozli kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz to`lovlarini amalga oshirish jadvali;

2021-2025 yillarda meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmlarining prognoz ko`rsatkichlari tasdiqlanmoqda.

4. Mazkur qarorni qabul qilinishi natijasida:

Respublikadagi 80 foiz fermerlarning o`zaro kelishuv asosida kooperasiyalarga birlashuvi ta`minlanadi.

12 mingta fermerlar tomonidan zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi.

10 ming gektar er maydonlarining agrotexnologik xaritalari yangilanadi, elita va super elita urug` va ko`chatlar ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshiriladi.

Meva-sabzavotlarning jami ekin maydonlaridagi ulushi 20 foizdan (776 ming ga) 30 foizga (1 mln ga) oshadi.

 Respublikada 2 850 ga ko`rgazmali zamonaviy intensiv bog`lar, 27 ta meva-sabzavotchilik kooperasiyalari tashkil etiladi.

Loyiha doirasida ko`rsatiladigan xizmatlar orqali iste`molchilarning 75 foizi qamrab olinadi.

 15 000 ta yangi ish o`rinlari (ayollar uchun 2 250 ta) yaratiladi.

Respublika va barcha viloyatlarda “yagona darcha tamoyili” asosida davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etiladigan Agroxizmatlar markazlari (sohadagi barcha vazirlik va idoralarning hududiy bo`limlari vakillaridan iborat) faoliyati yo`lga qo`yiladi hamda 500 dan ortiq xizmatlar ko`rsatiladi.

 Bunda 40 dan ortiq yangi turdagi innovasion, jumladan geoaxborot tizimlari, dron xizmatlari yo`lga qo`yiladi, xalqaro standartlar, “Organic”, “Global G.A.P” va “Halol” sertifikatlari joriy etiladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasida 8 ta, Andijonda 4 ta, Buxoroda 3 ta, Jizzaxda 2 ta, Qashqadaryoda 3 ta, Namanganda 5 ta, Navoiyda 3 ta, Samarqandda 5 ta, Sirdaryoda 4 ta, Surxondaryoda 3 ta, Toshkent viloyatida 3 ta, Farg`onada 3 ta, Xorazmda 4 ta Elita urug`chilik xo`jaliklari urug`larni saralash, kalibrovka qilish, dorilash, qadoqlash texnikalari bilan to`liq jihozlanadi va urug`larni saqlash bo`yicha zamonaviy omborxonaga ega bo`ladi.

Natijada ishlab chiqarish xarajatlari 30-40 foizga kamayadi, har bir ekin turi navlarining avlodi bo`yicha sifatli urug`larni etishtirish miqdori 50 foizga, ularning hosildorligi 100 foizga oshadi;

Buxoroda 500 ga, Andijonda 300 ga, Jizzaxda 250 ga, Qashqadaryoda 200 ga, Namanganda 300 ga, Samarqandda 300 ga, Surxondaryoda 200 ga, Toshkent viloyatida 500 ga, Farg`onada 300 ga, maydonda yangi usuldagi zamonaviy intensiv bog`lar yaratiladi.

Buxoroda 200 ming tonna, Xorazmda 200 ming tonna bo`lgan agrologistika komplekslari barpo etiladi.

Respublika Ishchi guruhi (Qishloq xo`jaligi vaziri Xodjaev boshchiligida) tomonidan hududiy ishchi guruhlari uchun Toshkent davlat agrar universitetida etti kunlik seminar tashkil etilib, Unda har bir viloyat kesimida qilinadigan ishlarning mazmuni va ishni tashkil etish mexanizmi tushuntirib beriladi.

Шарҳлар