my5

"Ular orasida 2 nafar qiz ham bo`lgan". Toshkentda ikki kishining o`limiga sabab bo`lgan ommaviy pichoqvozlik tafsilotlari ma`lum qilindi

Jinoyat 21.09.2020, 19:57
2995
"Ular orasida 2 nafar qiz ham bo`lgan". Toshkentda ikki kishining o`limiga sabab bo`lgan ommaviy pichoqvozlik tafsilotlari ma`lum qilindi

Avval xabar berilganidek, kecha, 20 sentyabr kuni ertalab soat 6.00 atrofida Yunusobod tumani, A.Temur ko`chasida joylashgan tungi klub yonida sodir bo`lgan ommaviy janjal oqibatida 4 kishi pichoqlangan.

Ayni paytda Toshkent shahar IIBB ushbu hodisa bo`yicha qo`shimcha tafsilotlarni ma`lum qildi.

"Kelib tushgan xabarga kzra, PPX xodimlari voqea joyiga etib kelishganda, pichoq bilan yaralangan to`rt nafar yigitlardan bittasi – 18 yoshli Ali G. voqea joyning o`zida hayotdan ko`z yumgan edi, uch nafar yigitlar shifoxonaga etkazildilar. Shifoxonada janjalda ishtirok etganlardan yana biri – 23 yoshli Danil S. hayotdan ko`z yumdi. 21 yoshli Aziz A. va 28 yoshli Azizbek T.lar ayni vaqtda shifoxonaga joylanganlar.

Ma`lum bo`lishicha, kelishmovchilik ikki guruh yigitlar orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo`lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qizlar ham bo`lgan va ularning hammasi Amir Temur ko`chasida joylashgan tungi klub yonida bo`lishgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham o`sha atrofda bo`lganlar. Qizlardan birining o`z guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan. Mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi 23 yoshli Sanjarbek X. pichoq chiqarib tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Natijada to`rt nafar yigitlar jabrlanib, ulardan ikkitasi hayotdan ko`z yumgan.

Voqea joyiga etib kelganlar Toshkent shahar IIBB xodimlari tomnidan 23 yoshli Sanjarbek X., 18 yoshli Sardor K., 23 yoshli Rahmatulloh X. va yana bir necha kishi qo`lga olinib, ichki ishlar bo`limiga olib ketilgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur fakt asosida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 moddasi 2 qismi (“Qasddan odam o`ldirish”) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi. Gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilingan 23 yoshli Sanjarbek X. hozirda qo`lga olingan.

Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi bo`lmish 18 yoshli Sardor K. va 23 yoshli Rahmatulloh X.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismi (“Bezorilik”) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi. Mazkur shaxslar ham qo`lga olinganlar.

Tergov davom etmoqda. Kelishmovchilikning boshqa ishtirokchilarini qo`lga olish bo`yicha choralar ko`rilmoqda", deyiladi rasmiy xabarda.

Шарҳлар