Avval xabar berilganidek, bugun, 22 sentyabr kuni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, taniqli suhandon va san`atkor Shuhrat Qayumov 51 yoshida vafot etdi. Xonanda Mohira Asadova o`zining feysbukdagi sahifasi orqali marhum san`atkorning bevaqt o`limi sababi haqida yozdi:
«Bundan ikki yilcha avval Shuhrat Qayumov bilan bir s`yomka davomida ancha suhbatlashib qolganimizda, u kishi ko`p vaqtdan beri betobligi va bu betobligining sababi esa ‘oblast’larning birida o`tkazgan to`y marosimida ochiq va sershamol bo`lgan erda terlab turib, qo`shiq aytgani va shu tadbirdan so`ng ikki tomonlama pnevmoniya bo`lgani, bu kasallikning davomi esa saraton kasalligiga ulanib ketgani va bu kasallikka davo izlab Moskva shahriga borib kelgani haqida tushkun bir kayfiyatda so`zlab berib, meni g`amgin qilgan edi.
Ming afsuski, bu bedavo dard bugun safimizdan yana bir do`stimizni olib ketdi. Yaxshi suxandon, xonanda, samimiy va kamtarin inson Shuhrat Qayumov o`z muxlislari qalbida abadiy yashaydi.
Ruhingiz shod, oxiratingiz obod bo`lsin do`stim, diydor qiyomatga qoldi», — deb xotirlaydi xonanda Mohira Asadova.