Avval xabar berilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 24 sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Yig`ilishda yangi korxonalar tashkil etish, borlarini qo`llab-quvvatlash masalalari ko`rib chiqildi.
Joriy yilning 8 oyida 60 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub`ektlari faoliyat boshladi. Ularning har biri o`rtacha 38 million so`m soliq tushumini ta`minlab, kamida 2 tadan ish o`rni yaratmoqda. Lekin 31 mingdan ziyod korxona faoliyati haligacha tiklanmagan. O`z biznesini ochish harakatidagi insonlar ham juda ko`p.
Savdo-sanoat palatasi rahbarlari va Biznes-ombudsman joylarga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga xalaqit berayotgan muammolarni hal etishi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tashabbuslarini ro`yobga chiqarishga ko`maklashishi kerakligi ta`kidlandi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish, banklar tomonidan mablag` berilgan, lekin xomashyo, energiya resursi yoki logistika kabi sabablarga ko`ra to`xtab qolgan loyihalarni ishga tushirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Tijorat banklari tadbirkorlarning biznesdagi natijalariga qarab ularga “imtiyozli xizmatlar paketi”ni taklif qilishi muhimligi aytildi.
Ma`lumki, kichik biznes va mahalliy resurs soliqlari to`liq hududlar ixtiyorida qoldirilmoqda. Ya`ni, hududlarning byudjet barqarorligi, rivojlanishi tadbirkorlik faoliyati bilan bevosita bog`liq.
Masalan, Konimex tumanida mahalliy byudjetga soliq tushumlari joriy yilning 8 oyida o`tgan yilning mos davriga nisbatan 141 foizga oshgan. Pandemiya davrida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 20 ta korxonaga soliq ta`tili berilishi natijasida 100 ta ish o`rni saqlab qolingan.
Davlat soliq qo`mitasiga barcha viloyatlarda ishni shunday tashkil etib, mahalliy byudjetlarni mustahkamlash yuzasidan ko`rsatma berildi.
Yig`ilishda bu yil kutilayotgan byudjet taqchilligini imkon qadar qisqartirish uchun qo`shimcha tushumlarni ta`minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Hududlarning soliq salohiyatini tahlil qilib, qo`shimcha daromadlarni aniqlash, byudjet tashkilotlarining pullik xizmatlardan daromadlarini ko`paytirish va bino-inshootlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Oxirgi 4 yilda biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida ko`plab kichik korxonalar faoliyati kengaygan. Davlatimiz rahbari bunday intilishlarni rag`batlantirish, korxonalarni yiriklashishga undaydigan qulay muhit yaratish zarurligini ta`kidladi.
Shu maqsadda, tadbirkorlik sub`ektlariga berilayotgan imtiyozlarni tabaqalashtirish kerak. O`rta biznes toifasiga kirishi mumkin bo`lgan korxonani aniqlab, Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasidan maqsadli mablag`lar ajratish, mahsulotini sertifikatlash, ilm va innovasiya xarajatlarini qisman qoplab berish kabi choralar orqali ularga ko`maklashish muhimligi aytildi.
Videoselektor yig`ilishida so`zga chiqqan hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirish, qo`shimcha zaxiralarni ishga solishga doir rejalarini bayon qildi.
Mavzuga doir: