my5

1 oktyabrdan qonunchilikda qanday o`zgarishlar kutilmoqda?

Jamiyat 28.09.2020, 00:37
1642
1 oktyabrdan qonunchilikda qanday o`zgarishlar kutilmoqda?

«Kun.uz» 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab O`zbekiston qonunchiligida ro`y beradigan ayrim o`zgarishlarni eslatib o`tdi.

Alohida soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinmoqda.

2020 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan «Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish to`g`risida»gi  Prezident farmoniga ko`ra, O`zbekiston norezidentlari bo`lgan yuridik shaxslardan sotib olinadigan ishlar (xizmatlar) uchun QQS bo`yicha berilgan imtiyozlar, O`zbekistonda doimiy muassasalar orqali faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar — norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan ishlar (xizmatlar)ga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etgan holda tashkil etilgan korxonalarga qaysi soliqlar bo`yicha imtiyozlar qo`llanishi Soliq kodeksi bilan belgilanmoqda.

Kichik tadbirkorlik sub`ektlariga soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo`lib-bo`lib to`lash) huquqi berilgan muddat tugaydi

O`z faoliyatini to`xtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizasiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi o`rtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan ko`proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo`lib-bo`lib to`lash) huquqi taqdim etish muddati tugamoqda.

Asos: «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident farmoni.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasini BHMning 50 foiziga qadar kamaytirish to`xtatiladi

Shuningdek:

tashqi savdo operasiyalari bo`yicha muddati o`tgan debitor qarzdorlik uchun xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga jarimalar qo`llash davom ettiriladi;

soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga mol-mulk solig`i, er solig`i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo`yicha penyalar hisoblashni davom ettiradi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralarini ko`rishni boshlaydi.

Asos: «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident farmoni.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro`yxatidan o`tkazish to`liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi

Prezident farmoniga asosan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro`yxatidan o`tkazish 2020 yil 1 iyuldan boshlab sinov tariqasida, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab esa to`liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Asos: «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident farmoni.

Respublika byudjeti mablag`lari hisobidan darsliklar va o`quv-metodik majmualarni nashr etishda narxlarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi

«Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident qaroriga ko`ra, respublika byudjeti mablag`lari va Respublika maqsadli kitob jamg`armasi mablag`lari hisobidan ta`lim muassasalari uchun darsliklar va o`quv-metodik majmualarni nashr etishda (qayta nashr etishda) narxlarni davlat tomonidan tartibga solish (rentabellikning cheklangan darajasini belgilash) bekor qilinadi.

Fondlarga beg`araz beriladigan pul mablag`lari va tovarlar (xizmatlar) foyda solig`ini hisoblashda chegirilmaydi

O`zbekiston Respublikasi prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoniga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib bekor bo`lmoqda:

a) O`zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondiga, «Saxovat va ko`mak» fondiga, «O`zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga, ularning bo`linmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga muhtoj bo`lgan jismoniy shaxslar ro`yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg`araz beriladigan:

pul mablag`lari va tovarlar (xizmatlar)ga foyda solig`ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qarash;

tovarlarni (xizmatlar) qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilish va aylanmadan olinadigan soliq bo`yicha soliq solish ob`ektiga kiritmaslik.

b) O`zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondidan, «Saxovat va ko`mak» fondidan, «O`zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondidan, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan beg`araz yordam (pul mablag`lari, tovarlar va xizmatlar)ga, agar yordam oluvchi shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga muhtoj bo`lgan jismoniy shaxslar ro`yxatiga kiritilgan bo`lsa, jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaramaslik.

Chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo`l qo`ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo`llash to`g`risidagi arizalarni sudlar tomonidan ko`rib chiqish amaliyoti tiklanadi

Shuningdek, karantin joriy etilgan paytdan boshlab va 2020 yil 1 oktyabrgacha bo`lgan davrda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov choralari tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan qarzdor — yuridik shaxsning bankrotligi to`g`risida ish qo`zg`atish haqida arizalar kelib tushganda bunday arizalarni IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo`lsa, ish bo`yicha ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga mos holda tugatilishi lozimligi haqidagi qoida ham kuchini yo`qotmoqda.

Asos: «Sudlar tomonidan O`zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralar joriy etilishi munosabati bilan qonun hujjatlarini qo`llashning ayrim masalalari to`g`risida»gi Oliy sud Plenumi qarori.

Neft-gaz tarmog`idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «komplaens-nazorat» tizimi joriy etiladi.

«Neft-gaz tarmog`ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident qarorida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar neft-gaz tarmog`idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «komplaens-nazorat» tizimi joriy etilishini ta`minlash vazifasi yuklatilgan.

Er uchastkalariga bo`lgan huquqlarning vujudga kelishi, o`zgarishi, boshqa shaxsga o`tishiga oid yangicha tartib kuchga kiradi

Prezident farmoniga ko`ra, er uchastkalariga bo`lgan huquqlarning vujudga kelishi, o`zgarishi, boshqa shaxsga o`tishi, cheklanishi va bekor bo`lishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar O`zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida davlat ro`yxatidan o`tkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Asos: «Er hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident farmoni.

Шарҳлар