my5

Sobiq shifokorning birgina xatosi 3 yoshli qizchaning o`limiga sabab bo`ldi

Jinoyat 29.09.2020, 12:57
1682
Sobiq shifokorning birgina xatosi 3 yoshli qizchaning o`limiga sabab bo`ldi

Kim ham adashmaydi, deysiz. Hattoki, inson salomatligi va hayotiga javobgar kasb egalari — shifokorlar ham ba`zida adashishiga guvoh bo`lamiz. Aslida bu kasb egalarining xato qilishga haqqi yo`q! Birgina noto`g`ri tashxis yoki muolaja bilan bemorning hayotiga nuqta qo`yib qo`yishlari hech gapmas. So`nggi pushaymon, bir umrlik vijdon azobi va tajribasizlik, kasbiga sovuqqonlikning qurboni bo`lgan bemorning yaqinlari hayotidagi bo`shliq o`rnini esa hech kim va hech nima to`ldira olmaydi...

3 yoshli qizaloqning tana harorati 37 S dan oshgani bois uyidagilari tez yordamga qo`ng`iroq qilishadi. Yangiqo`rg`on tuman tibbiyot bo`limi ixtiyoridagi qishloq oilaviy poliklinikasining 61 yoshli terapevti chaqiruv tushgan xonadonga etib boradi. Shifokor borguniga qadar, bemor qizaloqning tana harorati 36,9 S ga tushib bo`lgandi. Shunga qaramay, shifokor unga “No-shpa” 0,5 ml., “Dimedrol” 0,5 ml. va 12 yoshgacha bo`lgan bolalarning mushak ostiga qo`llanishi mumkin bo`lmagan 2 foizli “Lidokain” 0,5 ml. eritmasidan foydalangan holda muolaja o`tkazadi. Vaholanki, bemorning buvisi dori berishga-
nidan so`ng nabirasining tana harorati pasaygani, unga ukol qilish shart emasligini aytgan. Shifokor “Ukoldan so`ng kechasi bezovtalanmay, yaxshi uxlaydi”, deya so`zida qat`iy turgan. Hatto bemorning yaqinlari shifokorga “Odatda 2 foizli “Lidokain” 0,5 ml. dorisini stomatologlar kuchli og`riqni qoldirish maqsadida foydalanishadi-ku?! “Analgin” va “Dimedrol”dan foydalansangizchi?” ham deyishgan. Biroq shifokor ushbu dorilar ularda yo`qligini aytgan. Shifokor xato ustiga yana bir xato qiladi. Aniqrog`i, muolaja ta`sirini kutmay, xonadonni tark etadi. Oqibatda bolada anafilaktik shok holati kuzatiladi. Natijada terapevt uning o`limiga sababchi bo`ladi. Qiziq, shifokorning bu boradagi haqiqatlari qanday ekan?

        "12 YoShGA TO`LMAGAN BOLALARGA FOYDALANISh MUMKIN EMASLIGINI BILMAGANDIM"

Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`lgan...

  — Bemorning harorati 36,9 S bo`lgani sababli, tanasini qaynatib sovitilgan suv bilan artdim. So`ng haqiqatdan hamshiraga “No-shpa”, “Dimedrol” va “Lidokain” eritmasini qizning yonboshidan jo`natishga ko`rsatma berdim. Chaqiruvlar ko`p bo`lgani bois bemorning yaqinlariga “Agar yana bezovtalik sezilsa chaqiringlar”, deya xonadondan chiqib ketdik. Oradan biroz vaqt o`tib, o`sha uyga qayta chaqiruv bo`ldi. Borganimizda bolani qo`shnisining mashinasida shifoxonaga olib bormoqchi bo`lib turishgan ekan. Ular gapimga ko`ra, bolani uyga olib kirishdi. Hamshiraga “Magniya sulfat”, “Firosemid”, “Prednizolon”, “Mezaton” ukollarini bemorning yonboshidan jo`natishiga ko`rsatma berdim. Lekin qizaloqning sog`lig`i yaxshilanmagani uchun uni tez yordam mashinasiga chiqarib, tilini shpatel yordamida bosib olib ketdik. U erda bemorga “Magniya sulfat”, “Prednizolon”, “Mezaton” ukollarini yonboshdan jo`natdik. Shunda ham holati yaxshilanmagani bois tuman tibbiyot bo`limiga olib ketildi. Yo`lda ketishayotganida bemorda biologik o`lim holati kuzatilgan. Shifoxonaga olib kirishganida shifokorlar bolani vafot etganini aytishgan. “Lidokain” eritmasini 12 yoshga to`lmagan bolalarga foydalanish mumkin emasligini bilmagandim. “Gomk” va “Sibazon” dorilari yonimda bo`lmagani sababli og`riqsizlantirish maqsadida “Lidokain” dorisidan foydalangandim. Aslida tana haroratini ukol qilmay ham tushirish imkoniyati bor edi. Sovuqqonligim uchun ushbu holat yuz berdi. Marhumning oila a`zolaridan kechirim so`rayman. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Xatomni tushunib etdim, qaytib bu holat takrorlanmaydi.

Sultonmaqsud XOLBATIROV, Jinoyat ishlari bo`yicha Chortoq tuman sudi raisi:

— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi (JK)ning 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sudlanuvchiga JKning 116-moddasi 3-qismi bilan JKning 45-moddasini qo`llab, 3 yil tibbiyot sohasida ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bugungi pandemiya davrida ko`ryapmizki, tibbiyot xodimlari qanday jonbozlik ko`rsatishyapti, oilasi va farzandlari bilan uzoq vaqt ko`rishmasdan, qilgan qasamayodiga sodiq qolgan holda koronavirusga chalinganlar hayoti uchun kechayu-kunduz jonini fido qilib ishlashyapti. Bunday tibbiyotchilarga harqancha ta`zim qilsang kam. Ammo afsuski hamma sohada bo`lganidek, tibbiyot sohasida ham ushbu bir jinoiy qilmish tafsilotida keltirilgani kabi kasb mas`uliyatini to`liq anglamaganlar ham topiladi.

                                                                                                                                                 Sadoqat ALLABERGANOVA

Шарҳлар