Ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzax Zomin tumanida dahshatli jinoyat sodir bo`lgan lekin IIB xodimlari ishni nega yopishga urindi?” sarlavhali video tarqaldi.
Jizzax viloyati prokuraturasi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning 9 iyul kuni Zomin tumani markazida “Lasetti” rusumli avtomashina haydovchisi N.I hamda “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi X.I.lar o`rtasida kelishmovchilik yuzaga kelganligi oqibatida fuqaro N.I vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Holat yuzasidan tayinlangan sud tibbiy ekspertizasining 2020 yil 5 avgust kungi xulosasiga ko`ra, marhum N.I.ning o`lim sababi: bosh miya yopiq jarohati, miya pardalari ostiga va miya to`qimasiga qon quyilishi oqibatida sodir bo`lganligi; tan jarohatlari: bosh miya yopiq jarohati, miya pardalari ostiga va miya to`qimalariga qon quyilishlari, peshona sohasi yirtilgan jarohati, burun usti shilinmalari, ikkala lab qontalashlari qattiq o`tmas predmetlar bilan etkazilgan bo`lishi, marhum o`zining ehtiyotsizligi oqibatida yiqilib olgan bo`lishi mumkinligi inkor etilmasligi va boshqalar ko`rsatilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha avgust oyida “Qayta sudga oid tibbiyot ekspertizasi” tayinlanib, qayta ekspertiza uchun murdadan ekspert tekshiruvi namunalar olishi uchun Zomin tumanidagi “Ho`ja-Said” qabristoniga ko`milgan marhum N.I.ning murdasi eksgumasiya qilinib, tegishli tergov harakatlari o`tkazilgan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi bo`yicha viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlarini to`liq, xolisona va har tomonlama o`tkazish va qonuniy qaror qabul qilish haqida yozma ko`rsatma berilib, nazoratga olingan, - deyiladi bayonotda.