my5

400 milliard so`mdan ortiq mablag` ajratish evaziga sinf rahbarlari uchun qo`shimcha to`lov 1,5 baravar oshiriladi

Siyosat 30.09.2020, 23:50
519
400 milliard so`mdan ortiq mablag` ajratish evaziga sinf rahbarlari uchun qo`shimcha to`lov 1,5 baravar oshiriladi

O`qituvchilar kuniga bag`ishlangan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev sinf rahbari uchun qo`shimcha to`lov 2020 yil 1 oktyabrdan 1,5 baravarga oshirilishini ma`lum qildi: 

“Yashirib nima qildik, ko`p yillar davomida o`qituvchiga e`tibor borasida so`zimiz boshqa, ishimiz boshqa bo`lib keldi. Oqibatda soha xodimlari go`yoki keraksiz va himoyasiz qatlamga aylanib qoldi. Maktab o`qituvchilarining asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o`zlariga mutlaqo aloqasi bo`lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz oldi. Yanayam ochiqroq aytsak, muallimlarning “xo`jayini” ko`payib ketdi. Bunday nojo`ya ishlar nafaqat ta`lim sifatiga, balki soha xodimlarining o`z kasbiga bo`lgan munosabatiga ham salbiy ta`sir ko`rsatdi. Qanchadan-qancha tajribali o`qituvchilar dili og`rib, sevgan kasbini noiloj tashlab ketganini ham bilamiz.

Yaqin-yaqingacha o`qituvchi-muallimlar, ayrim joylarda o`quvchilar ham, to`rt oylab paxta yig`im-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilgani sir emas. Natijada o`qituvchi bir oyda o`rtacha 80 soat dars o`tishi kerak bo`lsa, to`rt oyda 320 soat yo`qotadigan vaziyat vujudga keldi. O`z navbatida, o`quvchi bir oyda 136 soat saboq oladigan bo`lsa, to`rt oyda 544 soat darsni boy berishga majbur bo`ldi.

Agar bu raqamlarni o`n bir yilga ko`paytirsak, bilasizmi, qancha bo`ladi? Bu, axir, yuqori sinf o`quvchilari uchun belgilangan 8,5 ming soatlik o`quv dasturining qariyb 3 ming soati – 30 foizi dalada majburiy mehnatda o`tdi, degani emasmi? Boshqacha aytganda, bola 11 yil o`rniga atigi 7 yil o`qishga majbur bo`ldi.

Yaratganga shukrki, bunday salbiy holatlar endi tarixda qoldi. Hamma sohani o`z egasiga, jumladan, qishloq xo`jaligini ham fermer va klasterlarga topshirayotganimiz tufayli bunga erishmoqdamiz”.

“15 ming nafar erkak o`qituvchi maktablarga qaytdi”

“O`zingiz o`ylang, to`rt yil oldin bunday o`zgarishlarni tasavvur qilib bo`larmidi? Jamiyatda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan e`tibor tufayli qariyb 15 ming nafar erkak o`qituvchi maktablarga qaytdi. Ammo, shuni ta`kidlash kerakki, hali bu borada ko`zlangan natijaga erishganimiz yo`q. Hozirgi kunda ham xalq ta`limidagi pedagoglarning qariyb 70 foizini ayol o`qituvchilar tashkil etmoqda”.

“242 ming nafar sinf rahbari uchun qo`shimcha to`lov miqdori bir yarim barobar oshiriladi”

“Albatta, hammamiz maktab davrini eslaganimizda, ko`z oldimizga avvalo, talabchan va mehribon sinf rahbarimiz keladi. Nima uchun? Chunki, maktabdagi har bir qadamimiz mana shu aziz va olijanob insonlarning doimiy e`tibori va g`amxo`rligida bo`lgan. Hayotga ilk yo`llanmani ham bizga mana shu ustozlarimiz bergan. Shu sababli biz sinf rahbarlarining mashaqqatli va mas`uliyatli mehnatini munosib rag`batlantirish chorasini ko`ryapmiz. Xususan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab 242 ming nafar sinf rahbari uchun qo`shimcha to`lov miqdori bir yarim barobar oshiriladi. Mazkur maqsadlar uchun yillik 400 milliard so`mdan ziyod qo`shimcha mablag` yo`naltiriladi.

O`rni kelganda aytmoqchimanki, men bugun imzolagan farmon bilan birinchi marta 14 nafar sinf rahbari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi”.

“Yangi O`zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi”

“O`qituvchilarning doimiy va uzluksiz psixologik ko`nikmalarini rivojlantirish maqsadida Xalq ta`limi vazirligi qoshidagi hududiy malaka oshirish institutlarida sinf rahbarlarini tayyorlash bo`yicha alohida o`quv kurslarini tashkil etish kerak.

Bugungi kunda jamiyatimizda o`qituvchi va murabbiylarning qaddi, sha`ni va g`ururi tiklanayotgani barchamizni quvontiradi.

Ayni vaqtda bu o`ta muhim masala eng dolzarb vazifamiz ekanini alohida ta`kidlab, uni amalga oshirish butun jamiyatimizning burchiga aylanishini istardim.

Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli bo`lib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, ko`plab ijtimoiy muammolarni echish imkoni tug`iladi. Shunday ekan, Yangi O`zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, o`ylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qo`llab-quvvatlaydi”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Шарҳлар