O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Anvar G`aniev «Daryo» internet-nashriga to`yda biqiniga xanjar tiqishgani, bu holatni guruhidagi yigit ko`rib tursa-da, ko`rmaslikka olgani haqida gapirib berdi.
" - Eski shaharda to`y bo`lgan, o`shanda qo`shiq aytib turganimda, to`yxonaga ustoz Xayrulla Lutfullaev kelib qoldilar. Menda shunaqa odat borki, ustozlar kelib qolsa darrov qo`shiq aytishni to`xtataman, iloji bo`lsa ustozga choy quyib berib, yonlarida turaman. Endi Xayrulla aka kelib qolganlaridan keyin, qo`shiq aytishim g`alati edi, qo`shiq aytishni to`xtatdim.
O`sha vaqtda bitta bola keldi, Muxriddin akani «Qiz bola» degan qo`shig`ini so`radi, «Xo`p, ustozdan keyin aytamiz» dedim. Keyin borib burchakda o`tirdim. Bu 90 yillardagi gaplar. Stolni burchagida o`tiribman, haligi bola kelib yonimga o`tirdi, yoz kuni edi, kostyum kiymaganman, engi kalta ko`ylakdaman. Qo`lida xanjar. Uzun stul, u paytlarda uzun stul bo`lardi, ko`rpacha bog`lab qo`yilardi, to`y hovlida bo`lyapti, hovli esa kichkina. Xanjarni o`ng tarafimga jigar tomonimga tirab turib, «Nimaga aytmading qo`shiqni?» deyapti. «Ustoz keldilar, hozir tugatsinlar, aytib beraman» dedim. «Nega hozir aytmading» deb gapga ko`nmayapti. Borgan sari xanjarni biqinimga botiryapti. Najot izlayapman. Guruhimizdagi bir yigit to`g`rimda o`tiribdi, vaziyatni bilib turibdi, ko`rib ko`rmaslikka olib, boshqa joyga qarab turibdi. Uning bu ishi rosa alam qilgandi. Sekin borib to`y egasini aytib kelsa bo`lardi-ku. U esa yuzini burib, ko`rmaganga olib turibdi. Nima bo`lsa bo`ladi endi, dedim.
Shu paytda bizni kimdir ko`rib qoldi, to`y egasi obro`li kishi ekan, xanjarli yigitni yoqasidan ushlab ko`chaga chiqarib tashlashdi.
Lekin o`shanda xanjar biqinimga 2-3 sm kirgan edi. Allohga shukr qilaman, o`sha payt sekingina kelib xanjarni bir suqib ketishi ham mumkin edi, Alloh o`zi asradi. Birga yurgan odamlarimizning ham asl yuzini ko`rganmiz. Hayotda shunday vaziyatlar ham bo`larkan" , - dedi Anvar G`aniev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist.