my5
Sevimli

Eksklyuziv: Tohir va Zuhraning qo`shqabri Namanganda ekanligini bilasizmi? 

Moziydan sado 24.10.2020, 01:06
Eksklyuziv: Tohir va Zuhraning qo`shqabri Namanganda ekanligini bilasizmi? 

Bilmasangiz bilib oling! Ertaklar hayotdan olinadi. Xalq og`zaki ijodining yuksak namunasi bo`lmish ushbu sevgi qissasi aynan Namangan zaminida ro`y bergan.

Buni namanganlik arxeologlarning To`raqo`rg`on tumani Fayzabod qishlog`i, Xo`ja mahallasida olib borgan qazishma ishlari tasdiqlamoqda. Namangan viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan muqaddas qadamjo va qadimiy manzilgohlarni aniqlash va ularni turizm marshrutiga kiritish loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida ikki dil dostoni haqiqat ekanligi isbotini topmoqda.

- Yoshim etmishga etmoqda. Bolaligimizdan bobo-buvilarimiz Tohir va Zuhra aynan shu zaminimizdan ekanini aytishsa, e`tibor bermay o`tib ketardik. Keyinchalik, bunga qiziqib qoldim, mustaqil izlanishlar olib bordim, yoshi ulug` keksalar suhbatida bo`ldim. Ularning bari yakdil bir fikrdaliklari meni hayratda qoldirdi. So`nggi ikki oy ichida qadimshunoslarning qazishma ishlari bizning gipotezalarimizni tasdiqladi. Qo`shqabr atrofi qazilganda, uning poydevori ochildi. Ikki qabrning fundamentida uzilish yo`q. Ular bir butun yaxlit qabrdek. Tarixchilar esa bu qabrlar, IX-X asrga oid ekanligini ta`kidladilar, - deydi O`zbekiston Xalq o`qituvchisi, mahalla faxriysi Vohidxon Qodirov. 

Darhaqiqat e`tibor beradigan bo`lsak, shundoq ushbu qadamjoning quyi qismidan katta daryo oqib o`tadi. O`zbek kinematografiyasi oltin fondidan o`rin olgan Tohir va Zuhra badiiy filmining aynan shu erda olingani yuqoridagi so`zlarimiz tasodif emasligini yaqqol isbotlab turibdi. Namanganda bunday manzilgohlar ko`p, ayni paytda viloyatda tarixiy, me`moriy, madaniy meros ob`ektlarini tadqiq qilish, turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Namanganga keling, azizlar!

Anvar Ikrom

Шарҳлар