Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimligi binosi oldida fuqarolar bilan yuzaga kelgan tartibsizliklar aks etgan videolavha tarqaldi.
Holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati quyidagilarni ma`lum qildi:
"Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada fuqarolar o`zlarining shaxsiy murojaatlari bilan viloyat hokimligi binosi oldiga norasmiy manbalarga ishongan holda, viloyat hokimi qabuli o`tkazilayotganini aytib, ushbu qabulda ishtirok etish maqsadida kelganliklari ma`lum bo`ldi. Ushbu fuqarolar yo`l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmaganligi uchun tartibsizlik yuzaga kelgan.
Shu kunning o`zida viloyat hokimining birinchi o`rinbosari A.Egamberdiev boshchiligida barcha o`rinbosarlar tomonidan fuqarolar qabuli tashkil etildi. Shuningdek, ushbu fuqarolarga viloyat hokimining qabuli tasdiqlangan jadvalga asosan har oyning oxirgi shanba kunida o`tkazilishi tushuntirildi.
Ma`lumot uchun: Murojaat bilan kelgan aholining murojaatlari ro`yxatga olinib, ijrosini ta`minlash maqsadida tegishliligi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga yuborildi va nazoratga olindi", deyiladi rasmiy munosabatda.