Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanining Qipchoq daryo ovuli hududiga osmondan ichi bo`sh shar shaklidagi metall erga tushdi. Bu haqdagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo`ldi.
Tarqalgan videoda guvohlik bergan ayolning so`zlariga ko`ra, shar ikki tomonidan qavariq belgili va issiq bo`lgan. U osmondan tushganda atrofda yurug`lik paydo bo`lgan.
Ushbu xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida "yuz.uz" Mo`ynoq tumani hokimligi Axborot xizmati boshlig`i Darig`a Ablaeva bilan telefon orqali bog`langan. Ablaevaga ko`ra, u voqea joyiga borib, guvohlar bilan gaplashgan.
Mo`ynoqlik Feruza Karamullaevaning so`zlariga ko`ra, shar ko`rinishidagi jismning bir tomoni biroz o`yilgan. Feruza opa bolalariga sharni rasmga olishni so`ragan. Keyin bu suratlarni internet tarmog`iga tarqatgan.
Voqeaga guvoh «Osmonda nimaningdir qattiq yorilgan ozovi eshitildi. Bu 3-4 marta sodir bo`ldi. So`ng osmonga qarab turdim. Bir payt noma`lum jism katta tezlikda uchib kelib erga urildi. Birdan yaqinlashishga qo`rqib, 10 daqiqa vaqt o`tgandan keyin borib ushlab ko`rsam, hali issiq ekan», degan.
Mo`ynoqqa tushgan sharning nima ekani soha mutaxassislari tomonidan o`rganilishi kutilmoqda.