my5

Adiblar hiyobonidagi gips haykallar bronzaga almashtirilmoqda

Madaniyat 28.10.2020, 20:27
Теглар: Adiblar hiyoboni
287
Adiblar hiyobonidagi gips haykallar bronzaga almashtirilmoqda

Adiblar hiyobonidagi gips haykallar bronzaga almashtirilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

 Mana, bir necha oydirki, “Milliy bog`” metro bekatining kunchiqar tomonidagi Adiblar xiyoboni Toshkentning eng so`lim va sokin go`shalaridan biriga aylandi. U erda yigirma besh nafar yozuvchi-shoirimizga bronza, mis va gipsdan haykallar o`rnatildi. Ular o`n uch nafar haykaltarosh tomonidan ishlangan san`at asarlaridir. Xususan, bu yil yangi o`rnatilgan haykallarning aksari gipsdan ishlangan edi. Bilasiz, gipsdan yasalgan yodgorlikning umri qisqa, yomg`ir-qorga chidamsiz bo`ladi. Shu bois ularning tezda to`kilish ehtimoli katta. Bundan o`n yillar avval Oybek, Abdulla Qahhor, G`afur G`ulom, Zulfiya, Said Ahmad va Saida Zunnonovaga gipsdan o`rnatilgan yodgorliklar uzoq yillar turib qolgani bois to`kilib ketganini ko`pchiligimiz bilamiz. Keyinchalik bu haykallar mis va bronzaga almashtirildi. 

Qorli-qirovli kunlar boshlanmasdan avval, ya`ni ayni kunlarda Adiblar xiyobonidagi Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Mahmudxo`ja Behbudiy, To`lepbergen Qayipbergenov, Aleksandr Faynbergning gipsdan yasalgan haykallari bronzga almashtirilmoqda.

 – Masalan, Muqumiyning bronzadan ishlangan haykali 2,5 tonna, – deydi haykaltarosh, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Javlon Annazarov yodgorlik o`rnatilayotgan mahal. – Uni 20 nafarli jamoa boshqa haykallar bilan birgalikda bir oy davomida ishladik. Men ularning texnik tomonlariga yordam beraman. Ushbu yodgorliklar asrab-avaylansa, hadeb silliqlanavermasa (shlifovka) asrlar davomida saqlanadi.

  Aytishlaricha, noyabr oyida Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Abdulla Avloniy, Ibroyim Yusupov singari yozuvchi-shoirlarning gipsdan ishlangan haykallari bronzaga o`zgartiriladi. O`zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzodaga esa birato`la bronzadan haykal o`rnatiladi.

Ustoz yozuvchi-shoirlarning ruhlari shod, oxiratlari obod bo`lsin. Adiblarimizning ijodini o`rganishdan sira to`xtamaylik. Ishonamizki, bugun shu zaminda ularning davomchilari ulg`ayyapti. 

 

Шарҳлар