my5
Sevimli

Amir Olimxonning otasi qaysi shaharda dafn qilinganini bilasizmi? (fotosayohat)

Moziydan sado 19.11.2020, 18:34
Amir Olimxonning otasi qaysi shaharda dafn qilinganini bilasizmi? (fotosayohat)

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi homiyligida tashkil etilgan ijodiy safarimiz chog`ida biz ham bu xonaqohning qaerda joylashganini bilib oldik. Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Qosim Shayx Azizon yodgorligi majmuasida Buxoro amiri Abdulahadxon (Amir Olimxonning otasi) ham dafn etilgan ekan. 

QOSIM ShAYX AZIZON KIM BO`LGAN?

Mustafo YuNUSOV, “Qosim Shayx” jom`e masjidi imom xatibi:

"Qosim Shayx hazratlari bizning yurtimizda azaldan e`tiqod qilinadigan tariqat yo`nalishlari naqshbandiya, yassaviya, kubroviya tariqati bo`lgan bo`lsa, “silsilai Yassaviya”, ya`ni Yassaviya tariqatining o`n ikkinchi pirlaridan hisoblanadilar. Bu kishi o`sha paytlar, o`n oltinchi asrda Buxoro amiri Abdullaxon II ning ustozlari bo`lganlar. Bu kishining hayotlariga nazar tashlaydigan bo`lsak, o`sha paytlarda xonliklar o`rtasida janglar bo`lib turgan va Qosim Shayx hazratlari ishtiroki bilan sulh tuzilib, tinchlik yo`li bilan janglarni to`xtatishga erishilgan. 1558 yilda Buxoro amiri Abdullaxon II u kishining hurmatlariga mana shu xonaqohni barpo etadilar. Bu xonaqohning atrofida o`sha paytlarda madrasa, xujralar, Haj va Umraga ketuvchilar uchun qulayliklar bo`lgan". 

Ma`lumotlarga ko`ra, ul zot 1534 yilda Karmana yaqinidagi Ofarinkentda (hozirgi Xatirchi tumani atrofida) tug`ilib, hayotining ko`p qismi Karmana bilan bog`liq. Abdullaxon IIva uning otasi Iskandarxon davrida Buxoro xonligi, jumladan, uning ajralmas qismi bo`lgan Karmana ham rivojlangan, obod mavzelardan biriga aylangan. XVI asrning ikkinchi yarmida Buxoro poytaxtga aylanib, gullab-yashnashida mamlakat hukmdori Abdullaxon IIning xizmatlari salmoqli bo`lgan bo`lsa, zabardast hukmdorning xarbiy-siyosiy muvaffaqiyatlarida esa karmanalik mashhur so`fiy hazrat qutb ul-avliyo Qosim Shayx Azizonning hissasi beqiyos bo`lgan. Qosim Shayx salkam 80 yoshni qarshilab turganida vafot etadi.  

“MUSTABID HUKMROKLIK DARIDA BU ER TRAKTOR PARKIGA AYLANTIRILGAN”

Bu bino boshidan anchayin voqealarni o`tkazdi. Mustabid tuzum davrida anchagina xarob holatga kelib qolgan. Atrofidagi binolar buzilib ketgan. Bu erning o`zi esa mineral o`g`it va kerosin saqlanadigan traktor parkiga aylantirib qo`yilgan. Mustaqillikka erishganimizdan so`ng 2000 yil qaytadan bunyod etilib, yana 2017 yilda ham qaytadan ta`mirlanib, atrofidagi binolar qurildi”, - deya qo`shimcha qiladi imom Mustafo Yunusov.

AMIR OLIMXON BITGAN MARSIYa

Ushbu me`morchilik majmuiga Qosim Shayx honaqosi, dahma ziyoratxona va Buxoro Amiri Abdullaxon qabri kiradi. 1910-1911 yillarda Buxoro amiri Olimxon otasi Amir Abdulahadxonning qabrini Qosim Shayx dahmasi yoniga unga monand qilib qurdirgan. Ikkinchi honaqoh Qosim Shayx honaqohidan 300 yil keyinroq qurilgan bo`lsa-da, yaxlit bir-biriga monand ulkan bir yodgorlik majmuasi tashkil qilingan.

Eshik peshtoqida Amir Olimxon tomonidan otasi Amir Abdulahadxonga atab arab tilida marsiya bitilgan bo`lib uning mazmuni quyidagicha:

  “Ey dil, bu yorug` jahonda xotirjamlik yo`q. Shu bois bu dunyoning har xil tamannosiga ko`ngil bog`lama! Qaragil, zamonaning Xusravi (shohi) bo`lgan Sayyid Amir Abdullaxon ham ravzai na`imga qarab ravona bo`ldi. Hayot dengizida u kabi gavhar yo`q edi. Xayfki, bu gavhar qora tuproq bag`riga ko`mildi. U fazilat va suxan gulistonining bulbuli edi. Vo darig`o, shunday bulbul o`z gulistonini tark etdi. Uning umr daraxti so`ldi, yaproqlari hazon bo`ldi. Shu sabab falakning yuzi qayg`u va nadomatlardan qaro bo`ldi. Uning vafoti tufayli ko`zlardan yosh o`rniga qon arig`i oqdi. Musibatdan yoshgina valiahd g`am dengiziga g`arq bo`ldi. Ey ko`ngil, bilgilki, hech kim ham abadiy emas. Hammamiz ham tuproqdan yaraldik, yana tuproqqa qayturmiz. Darhaqiqat, taqdir olamida Olloh buyurgan ishlargina bo`lur, Olloh buyurmagan ishlar amalga oshmas. Kimki shoh qabrini ziyorat aylab, Ollohdan o`tinib, u uchun jannatdan joy so`rasa, uning ruhini nihoyatda shod etgan bo`ladi.

Muqaddas muharram oyining oltinchi kuni, 1329 hijriy, 1910 milodiy yil”. (Axtam Xotamov tarjimasi) 

Ko`hna Samarqand va Buxoro ko`prigi sifatida tan olinadigan Karmana tumanida joylashgan mazkur majmuaga siz ham tashrif buyurib, aziz va muhtaram insonlarni ziyorat qilib, ularning ruhi poklariga taskinlik ulashing.

 

Sardorbek Rahmonqulov tayyorladi 

 

Шарҳлар