my5
Sevimli

Hududlarni rivojlantirish bo`yicha tobora yangi marralar belgilanmoqda

Siyosat 20.11.2020, 11:45
Hududlarni rivojlantirish bo`yicha tobora yangi marralar belgilanmoqda

Avval xabar berilganidek, bugun, 20 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to`qqizinchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda. Yalpi majlisda bir qator dolzarb masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbaeva o`z kirish so`zida bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda boshlangan tizimli islohotlar izchillik bilan davom etayotganiga urg`u berdi.

– Yaqinda davlatimiz rahbarining O`zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta`lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlariga oid Farmoni tom ma`noda Uchinchi Renessans poydevoriga asos soldi, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Hududlarni rivojlantirish bo`yicha tobora yangi marralar belgilanmoqda.

Prezidentimizning Qoraqalpog`iston Respublikasini kelgusi uch yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga doir yaqinda qabul qilingan qarori qoraqalpoq diyorining ravnaqiga xizmat qilishi shubhasiz. Xususan, Qaror bilan hudud aholisining hayot darajasini ko`tarish, respublika iqtisodiyotini, ijtimoiy sohalarni va infratuzilmani  rivojlantirish, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadlariga 21 trln. so`mdan ziyod mablag` yo`naltirilgani Qoraqalpog`iston tarixida bo`lmagan yangilikdir.

Shuningdek, yaqinda Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, hudud aholisining turmush farovonligini oshirish borasida belgilab berilgan vazifalar ham tez fursatlarda o`zining amaliy natijalarini bera boshlaydi.

Yana bir jihat. Davlatimiz rahbari, qaysi soha, tarmoq yoki hududni rivojlantirish masalalariga to`xtalmasin, albatta, xalq vakillari – deputatlar va senatorlarni faollikka chaqirib, katta ishonch bildirmoqdalar. Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasida amalga oshirilishi belgilangan keng ko`lamli bunyodkorlik ishlarining o`z vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan qat`iy parlament nazoratini o`rnatishni bevosita Senatga ishonib topshirganlari ham xalq vakillariga bo`lgan ishonchning nechog`lik yuksak ekanligini anglatadi va zimmamizga katta mas`uliyat yuklaydi.  

Shu ma`noda, nafaqat qoraqalpog`istonlik senatorlar,
balki joylardagi barcha senatorlardan o`z hududini rivojlantirishda dahldorlik xissi bilan yashash, eskicha ishlash va muammolarga ko`z yumishdan butunlay voz kechib, yangi g`oya va tashabbuslarni dadil ilgari surish talab etiladi. 

Шарҳлар