AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaeva ishtirokida o`tgan brifingda ushbu savolga javob qaytarildi:
«-- Dunyo olimlari, xususan, respublikamiz olimlari tadqiqotlariga ko`ra, bu virus boshqa viruslarga nisbatan issiq havo yoki sovuq havoda nobud bo`lmasligi tasdiqlanib kelinmoqda.
Ya`ni, havo harorati qanchalik sovuq bo`lsa, virusning yashash imkoniyati kuchayishi kuzatilishi ta`kidlab kelinmoqda.
Koronavirus havo haroratining o`ta yuqori bo`lishida, ya`ni 70 darajadan yuqori haroratda suvda qaynatilsa, 5-15 daqiqada nobud bo`lishi kuzatilgan.
Lekin havo harorati qanchalik past bo`lsa, u sovuqda deyarlik uyqu holatiga ketadi, lekin o`lmaydi, u yoki bu sathlarda, havoda organizmga tushishini kutadi, issiq organizmga tushishi bilan hayot faoliyatini davom ettiradi.
Ya`ni, koronavirus havo tomchi, fekal-oral va kontakt yo`llari bilan yuqadi, demak, issiqroq kunlarga nisbatan sovuq kunlarda bunday muhitda saqlanishi uzoqroq bo`ladi. Bu esa inson organizmiga tushishi imkoniyatini kuchaytiradi.
Masalan, inson organizmiga virus tushgan va hali kasallik alomatlari paydo bo`lmagan. Ya`ni yashirin-inkubasion davri kechmoqda. Bu davrda u virus tarqatuvchi hisoblanadi, ya`ni u o`zidan virus ajratmoqda.
Havoga ajralgan virus yozgi kunda 3 soat turishi tasdiqlangan bo`lsa, bugungi sovuq kunlarda u ko`proq, ya`ni 5-6 soatgacha saqlanadi. Xitoy, Evropa va AQSh olimlari koronavirus sathlarda esa 3-5 kungacha, suv kabi suyukliklarda 9 kungacha saqlanishi to`g`risida maqolalarida yozmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, agarda Siz odam gavjum joylarga borsangiz va u erda niqob, qo`lqop kabi himoya vositalaridan foydalanmasangiz, masofa saqlanmasa hamda qo`llarga tez-tez ishlov berilmasa, koronavirus organizmga tushishi aniq va ayniqsa odamlar ko`p joylarda kasallanish juda ham yuqori bo`ladi.
Bugungi sovuq kunlarda eng yaxshisi alohidalanish va imkon qadar uyda qolish muhimdir. Lekin agar ish yuzasidan uydan tashqariga chiqsangiz, albatta niqob va qo`lqoplarni qoidaga rioya qilgan holda taqib yuring, masofani saqlang, doimiy ravishda qo`llarni sovunlab yuving yoki antiseptiklar bilan ishlov bering. Uyga qaytganda esa, tashqarida kiyilgan ustki kiyimlarni daxlizda qoldiring, uyda birinchi qo`llarni uzoq muddat sovunlab yuving, yuzni, ko`zlarni, tomoqlarni va burunlarni issiqroq suvda kamida 3 marta chayib tashlang.
Shu tariqa uyingizga virusni olib kirishdan saqlanasiz».