Roppa-rosa 2 yil avval, 2018 yil 12 noyabr kuni taniqli tele va radio boshlovchi, so`nggi yillarda BMTning O`zbekistondagi Axborot ofisi rahbari bo`lgan Bobur Komilov uzoq davom etgan kasallikdan so`ng vafot etgan edi. Ayni paytda, marhum Bobur Komilovning ukasi, xonanda O`tkir Komilov ham "jigar sirrozi" bilan kasallanib, murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo`lib turibdi. Eng achinarlisi, O`tkir Komilov, ikki yil avval nafaqat akasi Bobur Komilovni yo`qotgan, balki undan avvalroq, kasallik sabab yana bir akasi Jahongir, undan keyin esa otasidan ayrilgan. Ayni paytda u uch ro`zg`orga mas`ul yagona erkak bo`lib qolmoqda. Hozirda og`ir xatalikni boshidan kechirayotgan bu yigit haqida, marhum jurnalist Bobur Komilovning ustozi Ra`no Alieva o`zining Feysbuk sahifasida ming istihola bilan yozib, yaxshilardan ko`mak so`radi:
"Ochig`i, bunday ishga birinchi bor qo`l urishim... Ammo, hech imkon qolmaganda majbur bo`lar ekansan...
O`zingizga ma`lum, xalqaro jurnalist Bobur Komilov menga shogirddan ortiq, farzandimday edi. Yaqinligimiz sabab, uning hayoti, oilasi bilan bog`liq barcha muammolardan xabardorman.
Boburjonning otasi Ahmad aka va onasi Muslima opalar besh farzandni dunyoga keltirishgan - Jahongir, O`tkir, Bobur, Fotima va Zuhra.
Dastlab to`ng`ichlari Jahongir dardga chalindi. 12 yoshida gepatit bilan og`rigach, jigarida muammolar boshlandi. Onaning bor e`tibori to`ng`ichiga qaratildi. Boburjon o`sha yillarni o`kinch bilan eslardi... Oiladagi barcha farzandlar san`atga qiziqar, ayniqsa, Jahongirda katta iste`dod bor edi. Balog`at davrida Jahongir musiqa yoza boshladi. She`rlarga kuylar bastaladi. Oranjirovka ilmini o`rganib, mahalliy xonandalarning repertuarlarini yangi- yangi qo`shiqlar bilan boyitdi. Uning ortidan O`tkir ham ergashdi. To`ylarda, xalq xizmatida yurib, xonanda sifatida tanildi. Shu orada bir muddat Jahongirdagi xastalik chekinganday bo`ldi. Uylandi, ikkita o`g`il farzand ko`rdi. Onaizorning ko`ngli endi tinganda ma`lum bo`ldiki, Jahongirning jigari serrozdan zahalanib borayotgan ekan. Ko`rilgan choralar yordam bermadi. 29 yoshida olamdan o`tdi. Ota-ona, jigarlar bo`zlab qolaverishdi... Farzand dog`ini ko`tarolmagan ota ham 62 yoshda dunyodan ko`z yumdi. Bir yildan keyin esa butun oilaning suyanchi Boburjon boqiy dunyoga ketdi... Ayriliqlardan bag`ri kuygan onaizor, ikki mushfiq singil, Jahongirdan qolgan ikki o`g`il, o`zining uch o`g`liga bosh bo`lib yolg`iz O`tkir qoldi. Ammo bu sinovlar uning sog`lig`iga ham ta`sir qilgan ekan. O`tgan yili to`satdan ma`lum bo`ldiki, uning ham jigari serrozga uchrabdi. Toshkentga kelib shifokorlar tekshiruvidan o`tdi. Ular birdan-bir chora jigar almashtirish deyishdi. Ammo Hindistonga borib jigar almashtirish uchun avvalo donor topish, qolaversa, juda katta mablag`, taxminan 35-40 ming dollar kerak edi. Men o`shandayoq hayriya yo`li bilan mablag` yig`ishni taklif qilgandim. Ammo O`tkirning oriyati baland: " qo`ying, opa, o`zim bir chora izlab toparman... "- dedi.
O`tgan yil yozda tekshiruvga kelganida axvol yana ham jiddiylashgani ma`lum bo`ldi. Shifokor, bu axvolda uzoqqa bormasligini, albatta operasiya zarurligini aytdi. Qani endi o`zimda o`sha pul bo`lsayu, qo`liga tutqazsam... Ammo, o`zim oylikka kun ko`radigan oddiy bir jurnalist bo`lsam... Hayriya masalasini yana taklif qildim. O`tkir uzooq o`ylab qoldi. Keyin:" opa, bilasiz, tirikchiligim to`ylardan, siz mening xastaligimni e`lon qilib hayriya yig`sangiz, ro`zg`orga kelib turgan ozgina mablag` ham yo`q bo`ladi. Qancha to`ylarni o`tkazishni bo`ynimga olib qo`yganman. Ularni o`tkazish burchim, siz buyoqda mening jiddiy xastaligimni aytsangiz, men to`yda ashula aytib tursam, qandoq bo`larkin, odamlardan uyalaman... Buyog`i Allohga tavakkal, davolanib yuraveraychi, bir gap bo`lar... "-deb yana ko`nmadi. Axvol esa kun sayin yomonlashmoqda. Dori-darmonlar qimmat. O`tkirning topgani ana shu dori- darmonga ketyapti. Biroq yaxshi tomonga o`zgarish yo`q. Bundan ikki hafta avval O`tkir yana Toshkentga keldi. Jigar fibroskoniyasi jigarning 36 foizi serrozga uchraganini ko`rsatdi... Shifokorlar tezroq radikal chora ko`rilmasa bo`lmasligini aytishdi.
Xullas, hayriya yo`li bilan mablag` yig`ishdan o`zga chora qolmadi. "Kun uz" va yana shunga o`xshash saytlarga ham murojaat qildik. Afsuski, ularda ham navbat bor ekan. Yana bir qancha hujjatlar kerakligini aytishdi. Hayriya mablag`i yig`ishni o`z sahifamda e`lon qilishdan o`zga choram qolmadi.
Do`stlar, ehtimol orangizda mutaxassislar bordir. Yoki sahovatpesha insonlarni tanirsiz. Juda bo`lmasa, o`zingiz Alloh yo`lida ehson uchun deb, ataganingiz bordir. Hech biri bo`lmaganda ham O`tkirning salomatligini so`rab chin dildan duo qilarsiz. Yordamingiz, e`tiboringizga muhtojmiz!
Quyida shifokorlar qo`ygan tashhis, oxirgi tekshiruv natijalari va karta raqamini ilova qilaman... Imkoni boricha guruhlarda repost qilsangiz xursand bo`lardim..."
Biz ham ushbu xayrli ishga bosh qo`shish maqsadida, avval ikki o`g`lidan ayrilgan onaning so`nggi ilinjini saqlab qolishga ko`mak ko`rsatishingizni so`raymiz!
Agrobankdan O`tkir Komilov nomiga ochilgan plastik karta raqami:
8600 0417 3502 9358
Alloh barchamizdan rozi bo`lsin !
