O`rnatilayotgan yangi hisoblagichlar har 10 yilda bir marotaba HETK tomonidan davriy qiyoslovdan o`tkaziladi. Iste`molchi hisoblagichni almashtirishi majburiy hisoblanadi. Yangi tartibdagi hisoblagich almashtirilmagan taqdirda tarmoqdan uziladi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliev ishtirokidagi brifingda qayd etilgan ma`lumotlar asosida UzA xabar berdi.
Mutaxassisning ta`kidlashicha, o`rnatilgan yangi hisoblagichlar ko`p hisoblamaydi. Balki avvalgi hisoblagichlar kam hisoblagani uchun va bu hisoblagichlar aniqlik sinfi yuqori bo`lganligi uchun fuqarolar nazarida shunday tushuncha paydo bo`lgan. Elektr ta`minoti bo`lmaganda ham tizim bilan aloqa mavjudligini bildiruvchi chirog`i o`chib yonishi va xotira batareykasi borligi sababli raqamlarni ko`rsatib turishi tufayli ishlayveradi, degan fikr tug`ilgan.
Bugungi kunda, ASKUE tizimi joriy etilish jarayonida bo`lib, iste`molchilar tomonidan mavjud qarzdorlik to`liq bartaraf etilishi bilan birga, foydalanadigan elektr energiyasi uchun oldindan to`lov amalga oshirilishi lozim.