my5
Sevimli

Turkiya. Moziy va bugun: “Tingla, nay andoq hikoyalar qilur..."

Moziydan sado 16.12.2020, 10:48
Turkiya. Moziy va bugun: “Tingla, nay andoq hikoyalar qilur..."

Bugun Er yuzida koronavirus tahlikasi hukm surayotganiga qaramay, Turkiyada hayot hamon o`z oqimida davom etmoqda. Albatta, hammasi oldingidek emas. Bugun bu mamlakatning qaysi burchagiga borsangiz,  o`xshash manzaralarga duch kelasiz. Niqob taqqan odamlar, har zamonda quloqqa chalinib qoladigan “Tez yordam” mashinalarining vahimali qichqirig`i, ogohlikka chaqiruvchi e`lonlar...

Ammo, bugungi kunda hukumat mamlakat iqtisodiyotini tiklash uchun turli choralarni ko`rmoqda, xususan turizm sohasidagi yo`qotishlarni tezda bartaraf etish uchun xorijiy sayyohlar uchun xavfsiz va maqbul xizmatlarni taklif qilayotir.  

Ayni kunlarda Turkiyaning eng qadimiy madaniyat markazlaridan biri – Konya shahrida an`anaviy “Shabi arus” kechasiga tayyorgarlik ko`rilmoqda. So`zma-so`z tarjima qilinganda, bu kalima  visol kechasi ma`nosini beradi. Buning uchun biroz moziyga sayohat qilamiz...

      “Nega g`amginsiz, azizlar?”

Milodiy 1273 yil 17 dekabr, Konya. Shaharning eng fayzli maskanlaridan bo`lgan Mavlono Jaloliddin Rumiyning muborak oshyonlarida ul zotning oila a`zolari, muridlari, izdoshlari jamuljam. Hammaning ko`zida yosh, dilida qayg`u. Mavlono so`nggi nafaslarini olmoqdalar.  

 -Nega yig`laysiz, azizlarim? – dedilar mavlono xastahol ovozda. – Mening o`limim uchun ko`z yosh to`kyapsizmi? Axir buning uchun yig`lash emas, quvonish kerak-ku? Bu kecha  ayriliq kuni emas, balki visol kechasi – shabi arusdir. Men bugun Yor visoliga muyassar bo`laman. Haq taoloning huzuriga yo`l olaman. Meni ko`z-yosh  emas, quvonch bilan kuzating...

Oradan 747 yil o`tgan bo`lsa-da, mavlononing izdoshlari bu vasiyatni unutmadilar. Har yili dunyoning turli nuqtalarida, mavlaviylar tariqati tomonidan bu kun munosib nishonlanadi. Bu tariqatga mansub darvishlar tasavvufiy ohanglar ta`sirida xuddi Er sayyorasidek gir aylanib, raqsi samo qiladilar. Bu raqs o`zining sirliligi, jozibasi, nafosati ila dunyo ahlini lol qilmoqda. Shu bois, 2006 yilda bu qadriyat YuNESKOning Nomoddiy madaniyat merosi ro`yxatiga kiritilgan.

       Kez dunyoni, ko`r  Konyani!

 Konya – Kichik Osiyoning ko`hna va boqiy shaharlaridan biri. Bugungi kunda ikki million uch yuz mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan bu shahar o`tmish va bugun, tarixiylik va zamonaviylikning Sharq va G`arbning ko`pgina jihatlarini o`zida mujassam etgan.   Xalq orasida “Kez dunyoni, ko`r Konyani” degan maqol bor. Bu naql bejiz emas. Konya Turkyaning eng yirik viloyati, U 34 ta tumanni o`z ichiga oladi. (Qizig`i bu tumanlardan biri Toshkent deb ataladi).

 Konya bugun Turkiyaning nafaqat madaniy, balkri iqtisodiy markazlaridan biri. Bu erda o`nlab zavod va fabrikalar ishlab turibdi. Mamlakatning asosiy g`alla manbai ham aynan Konya viloyatidir.

Ma`lumotlarga ko`ra, bu erda bundan ibtidoiy jamoat tuzumi davrida ham insonlar manzil qurganlar. Viloyat hududina topilgan qadimiy ashyolar, xarobalar bu erda Vizantoiya dvrida ham hayot va madaniyat yashnaganini ko`rsatadi.  

Ma`lumotlarga ko`ra, Konya so`zi ham yunon tilidagi “Ikonium” atamasidan kelib chiqqan. Tarixda bu zaminda nasroniy madaniyati ham gullab yashnagan, Konya hududida Iso Masih simosi – ikonalarni mahorat bilan ishlaydigan ustalar yashaganlar.

1071 yilda Kichiki Osiyo – Onalo`liga saljuqiy turklar kirib kelishi bilan, ko`plab antik shaharlar qatori Konya ham islom olamining buyuk markazlaridan biriga aylandi.  Albatta Konyaning ma`naviy kamolotida buyuk mutfakkir Jaloliddin Rumiyning tengsiz xizmatlari bor.

   Balxdan to Rumgacha

 Ona tomonidan Xorazmshohlar avlodiga mansub bo`lgan mavlono Jaloliddin Rumiy, ma`lumotlarga ko`ra, 1207 yilda  Balx shahrida tavallud topgan. Tarixchilarning aytishicha, ul zot buyuk sarkarda Jalolidin Manguberdining jiyani bo`lgani bois, ota-onasi kichik  shahzodaga havas qilib, o`g`illariga uning ismini berishgan. Rumiy va Manguberdi orasidagi farq 7-8 yilni tashkil qilgan. Rumiyning otasi Bahouddin Valad o`z zamonasining etuk donishmandi, fiqh va tasavvufning zukko  namoyandalaridan edi.

1220 yilda  oila Kichik Osiyodagi Konya  shahriga keladi. Mavlono Jaloliddin avval shu erda, keyin Halab, Damashq va Bag`doddagi madrasalarda tahsil oladi va talabalarga saboq beradi.  Rumiyning kamolot cho`qqisini zabt etishida o`z zamonasining buyuk allomalaridan biri  shayx Shams Tabriziy bilan uchrashuvi juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu tarixiy voqea milodiy 1244 yilning kech kuz oylarida Konya  shahrida yuz beradi.

 Hazrat Navoiy «Nasoiymul-muhabbat» asarida Rumiy va Tabriziy uchrashuvini quyidagi rivoyat bilan bog`laydi: Mavlono Rumiy Konyada  bir hovuz bo`yida ko`p kitoblarni mutolaa qilib o`tirganida, Shams Tabriziy bir darvesh qiyofasida uning yoniga keladi va  «bu qanday kitoblar?» deb so`raydi. Shunda mavlono «bu qiylu qoldir, bu bilan sening nima ishing bor» deya tanbeh beradi. Shunda  Shams Tabriziy bu kitoblarni hovuzga tashlaydi. Rumiy g`azab ila qo`zg`olib, «nima qilib qo`yding, bu kitoblarning ko`pchiligi otamdan menga yodgor bo`lib qolgan edi, endi ularnit qanday topaman» deya faryod soladi. Shunda Shams Tabriziy hamma kitoblarni qup-quruq holatda suvdan chiqarib beradi. Rumiy hayratlanib, «bu ne sinoatdur» deya so`raydi. Shunda Shams Tabriziy «Buni zavqi hol derlar,  bu bilan sening  ne ishing bor» deya javob qaytaradi. Shundan so`ng bu ikki buyuk zot o`rtasida unsiyat yuzaga keladi.  

Ustoz va shogird orasidagi munosabatlar Rumiyning izdoshlari, muxlislariga uncha yoqmasdi. Ular ustoz va shogirdni bir-biridan uzoqlatishga harakat qila boshlaydilar. Alaloqibat, Shams Tabriziy ayrim g`alamis kimsalarning bosimi ostida Konyani  tark etadi. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, Tabriziy xoinona o`ldirilgan, boshqa tarixchilar fikricha, u Tabrizga qaytib umrining oxirigacha o`sha erda yashagan.

 Konyadagi Mavlono turbasi yaqinidagi bir maqbarani ham Shams Tabriziyga nisbat berishadi.  

     “Yo havrati mavlono!”

 Mavlon Rumiy maqbarasi ertayu kech dunyoning turli burchaklaridan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum. Mazkur yodgorlik majmuasi Mavlononing hayotlik chog`ida makon tutgan xonaqohlari, muzey, masjid va maqbarani o`z ichiga oladi. 

Maqbaraga kiraverishda, nasta`liq xati bilan bitilgan “Yo Hazrati Mavlono!” xitobi ostida   bu maskan xususidagi bir bayt darj etilgan:  

Ishq elining ka`basidur  bu  maqom,

Bunda har dard chorasin topgay tamom.

Bu nurli maskanga qadam qo`yishingiz bilan chindan butun borlig`ingizni ajib bir tarovat qamrab oladi. Maxsus karnaylardan taralayotgan hazin nay navolari ruhingizga ohista kiradi. Beixtiyor Mavlononing o`lmas misralari yodga tushadi:

 Tingla, nay andoq hikoyatlar qilur,

Ayriliqlardan shikoyatlar qilur...

Majmuani kezarkansiz, har qadamda bir hikmat mag`zini chaqqandek bo`laverasiz. Muzey eksponatlari orasida Mavlono Rumiyga tegishli bo`lgan shaxsiy ashyolar, qo`lyozmalar, kiyim-kechaklarni ham uchratish mumkin. Shuningdek, majmua muzeyida saljuqiylar va usmoniylar davrida ko`chirilgan nodir qo`lyozmalar, mavldaviy darvishlarga oid uy-ro`zg`or buyumlarini ham ko`rish mumkin. Majmua yaqinida barpo etilgan “Panorama muzkyi” g`am zamonaviy imkoniyatlar darajasida barpo qilingan. Aylana gumbaz ostidagi muzeyining devorlarida Mavlononing davrini esga soluvchi manzaralar ishlangan, ularga mos haykallar joylashtirilgan. Muzyni aylanarkansiz, baayni 7 asr ortga qaytasiz, o`sha paydagi Konyani ko`rgandek bo`lasiz. Qadimiy uylar, ko`chalar, bozorlar, o`z tashvishlari bilan band  odamlar... Hammasi haqiqiydek.  

Majmua hududida faqat Konyaga xos bo`lgan turli kasb-hunar ustaxonalariga kirib, hunarmandlarning ish jarayoni bilan tanishasiz. Naqqoshlar, cholg`u asboblari yasovchilar, xattotlar, qadimiy abru san`ati ustalari... Darvoqe, abro` san`ati bir necha yuz yillik tarixga ega. Bu san`atning mohir ustalari sizning ko`z oldingizda turli shakllarni suv ustiga maxsus buyoqlar bilan ishlab, qisqa fursatda qog`ozga ko`chirib beradilar.

Xullas, yuz bor eshitgandan, bir bor ko`rgan yaxshi...  

 Rustam Jabborov, Turkiya, Konya.

Шарҳлар