Joriy yilning 7 yanvar kuni Jizzax viloyati hududida joylashgan "Manas-14" muntazam YPX maskanida xizmat olib borgan YPX xodimlari tomonidan ushbu maskandan harakatlanib o`tayotgan davlat raqam belgisi ustiga "Gruz-200" yozuvi yozilgan qog`ozni yopishtirib olgan "Kobalt" rusumli avtomobil to`xtatildi, deya xabar bermoqda IIV YHXBB Axborot xizmati.
Unda haydovchi avtomobilda inson jasadini ayrim sabablarga ko`ra olib ketayotganligini aytgan. Xolislar ishtirokida avtomobil saloni va yukxonasi tekshirilganda, haydovchining so`zlari yolg`on ekanligi, haydovchi yo`llardagi fotoradarlarga tushib qolmaslik, tezlikni me`yoridan oshirib transport vositasini boshqarish maqsadida ana shunday yolg`onni o`ylab topganligi ma`lum bo`lgan.
Avtomobil haydovchisiga nisbatan Yo`l harakati qoidalarining 3-ilovasi, 7.15-bandi (transport vositasida ro`yxatdan o`tkazish davlat raqami belgilarini ko`rinishini cheklaydigan, to`g`ri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar o`rnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan bo`lsa)da belgilangan talablarni buzganliklari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 127-moddasi 2-qismi (davlat raqam belgilarini ko`rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to`sqinlik qiladigan turli ashyolar o`rnatish va qoplama surtish) tartibida ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.