my5
Sevimli

DXA "Shavkat Miromonovich Mirziyoev", "Jo Bayden" kabi nomlar ostida korxonalar ochilayotganiga munosabat bildirdi

Jamiyat 22.01.2021, 20:50
DXA "Shavkat Miromonovich Mirziyoev", "Jo Bayden" kabi nomlar ostida korxonalar ochilayotganiga munosabat bildirdi

So`ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda tadbirkorlik sub`ektlarining firma nomlarida mashhur shaxslarning nomlaridan foydalanilayotganligi haqidagi xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Xususan, sal Samarqanddagi oilaviy korxonalardan biriga "Shavkat Miromonovich Mirziyoev" va yana bir “Jo Bayden" nomli MChJ ochilgani xabar berilgan edi. 

Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro`yxatidan o`tkazuvchi vakolatli organ sifatida mazkur masalaga oydinlik kiritdi.

"Birinchidan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan, yuridik shaxs bo`lgan tadbirkorlik faoliyati sub`ekti firma nomiga bo`lgan huquqqa ega, bu nomni uning o`zi mustaqil ravishda belgilaydi va o`z ta`sis hujjatlarida ko`rsatadi.

Ikkinchidan, 2017 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub`ektlari Tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali (o`zi kelgan holda yoki onlayn usulda) davlat ro`yxatidan o`tkaziladi.  

Uchinchidan, O`zbekiston Respublikasi “Firma nomlari to`g`risida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan Firma nomida:

- davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to`liq nomi;

-tarixiy yoki O`zbekiston Respublikasida mashhur bo`lgan shaxsning to`liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;

-firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste`molchini chalg`itishi mumkin bo`lgan belgilar;

-jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo`lgan belgilar ko`rsatilmasligi kerak.

To`rtinchidan, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yishning avtomatlashtirilgan tizimida “Firma nomlari to`g`risida”gi Qonunga asosan firma nomlarida ishlatilishi mumkin bo`lmagan so`zlardan foydalanish bo`yicha cheklovlar qo`yildi. Ushbu ro`yxat mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda yangilanib boriladi.

So`nggi kunlarda muhokamaga sabab bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlarining firma nomlari, tadbirkorlar bilan olib borilgan tushuntirishlardan so`ng, belgilangan tartibda o`zgartirildi.  

O`z navbatida, tadbirkorlardan firmalariga nom tanlashda, uni o`zgartirishda yuqoridagi qonun talablariga qat`iy rioya etishlarini so`rab qolamiz", deyiladi DXA Axborot xizmati xabarida. 

Шарҳлар