my5
Sevimli

Toshkent viloyatidan Qoraxoniylar davriga oid xazina topildi(foto)

Moziydan sado 19.04.2021, 17:11
Теглар: Qoraxoniylar davri, xazina
Toshkent viloyatidan Qoraxoniylar davriga oid xazina topildi(foto)

Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanida 427 dona mis tangalar jamlanmasi topildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, tangalar tumanning Shohruxiya mahalla fuqarolari yig`ini Hosildor mahallasining janubidagi Sirdaryoning o`ng qirg`og`ida joylashgan Shohruxiya arxeologik yodgorligining daryoga tutash jarligidan shu erli fuqaro tomonidan topilgan. Topilma ko`kimtir tusga kirib qolgan bo`lib, tangalar jamlanmasi mato qopcha ichiga solingan bo`lgan. Qopcha tangalar olinayotgan paytida titilib, kukunga aylanib ketgan.

Topilma haqidagi murojaat akademiyaga xabar qilingach, 18 aprel, yakshanba kuni ilmiy jihatdan o`rganish maqsadida Institutga olib kelingan. Ko`rinishidan zang bosib, ko`kimtir tusga kirib qolgan mis tangalarning bir nechtasi tozalangan. O`rganishlar natijasida ularning og`irligi 4 grammdan, diametri 31–33 millimetrdan iborat ekanligi aniqlangan. Shuningdek, tangalarning har ikkala tomoniga bo`rtma shaklida arab yozuvida matnlar bitilib, bezaklar tushirilgan. Old tomoniga qavariq ko`rinishdagi ikki qatorli, sakkiz qirrali geometrik shaklli hoshiya ichiga arab harflaridagi «لا اله الا / الله محمد / رسول» – «Allohdan o`zga iloh yo`q, Muhammad Allohning rasuli» so`zlari bitilgan.

Hoshiyadan tashqarida, tanganing chetiga ham aylanasiga arab harflarida so`zlar yozilgan bo`lib, ular o`chib ketgani sabab nimalar yozilganini aniqlashning imkoni bo`lmagan. Tanganing orqa tomoniga ham qavariq ko`rinishda ikki qator halqa ichiga nuqtachalar tushirilgan bo`lib, hoshiya ichiga to`rt tomonidan tashqariga bargsimon bezatilgan kvadratcha ichiga esa arabiy harflarida «ارسلاب / خاقان?» — «? Arslon xoqon» so`zlari bitilgan. Tanganing bu tomonidagi hoshiya tashqarisidagi arabiy harflar chekilgan yozuvlar ham o`chib ketgan.

Ma`lumot o`rnida, mazkur tanganing zarb etilish davri Qoraxoniylar hukmdori Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (?-1130/1131) nomi bilan bog`liq bo`lib, u 1102–1130 yillarda Movarounnahrni boshqargan. Tanganing zarb etilish davri unda qayd etilgan Arslon xoqon nomi orqali o`z tasdig`ini topadi. Tanganing tahlili o`sha davrda bu hukmdor «Arslon xoqon» deb nomlanganini ifodalaydi. Bu ma`lumot ham tarixni oydinlashtirish uchun muhim dalil hisoblanadi.

Topilmalar aniqlangan Shohruxiya yodgorligi milodiy I asrlardayoq mustahkam boshqaruv tizimi, ya`ni qarorgoh – ark va aholi yashaydigan qism – shahristondan iborat shahar bo`lgan. IX-XII asrlarda shahar rivojlanib, Banokat nomi bilan mashhur bo`lgan va shu nom bilan tangalar ham zarb qilingan. Mo`g`ullar davrida vayron etilgach, Amir Temur  davrida qayta tiklanib, Shohruxiya nomini olgan. Ma`lumotlarga ko`ra, XVIII asrlarga kelib yodgorlik yana xarobaga aylangan. Ushbu shahar o`z vaqtida janubdan Toshkent vohasiga kirib kelinadigan karvon yo`lini va Turonning shimoliy o`lkalari nazorat qilinadigan qo`rg`on-shahar vazifasini bajargan. Shaharning o`sha davr aholisi orasidagi savdogar yoki amaldorlar bu topilgan tangalarning egasi bo`lishi ehtimoli mavjud.

Шарҳлар