my5
Sevimli

Esnash xavfli xastaliklar alomatimi?

Salomatlik 25.04.2021, 12:34
Esnash xavfli xastaliklar alomatimi?

Ko`pgina insonlar esnashni mutlaqo zararsiz va hatto foydali refleks deb hisoblaydi. Aslida tez-tez va asossiz esnash xavfli kasalliklarning alomati bo`lishi mumkin. Xo`sh, esnashning foydali jihatlari ham bormi? Odatda insonning qancha esnashi me`yor hisoblanadi? Depressiyaga moyil insonlar ko`p esnaydimi? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori Baxtiyor G`ofurov javob berdi.

—  Esnashning foydali jihatlari ham bormi?  

—  Bu odatning insonga foydali jihatlari juda ko`p: u orqali mushaklar bo`shashib, miya va tananing boshqa a`zolari kislorod bilan to`yinadi, organizmdagi jismoniy charchoq va ruhiy yuk engillashadi, eng asosiysi, esnash miyani “sovutish”ga yordam beradi.

Esnash paytida eng ko`p jag` mushaklari zo`riqib, ular to`g`ridan-to`g`ri insonning ko`rishiga ta`sir qiladi. Olimlarning aytishicha, uyqusida tishini g`ijirlatadiganlarga esnash foydali ekan. Ko`pchilik esnashni tezroq uxlashga ko`maklashadi, deb o`ylaydi. Bu notug`ri, aksincha, u uyquni qochirib, tanani tetiklashtiradi.  

— Odatda insonning qancha esnashi me`yor hisoblanadi?  

— Odatda inson bir kunda 7-15 martagacha esnashi me`yor hisoblanadi. Biroq undan ortiq esnash, avvalo, surunkali charchash sindromi hisoblanib, bu holatni kunlik 7-8 soatlik uyqu bilan engib bo`lmaydi.  

Boisi, bu sindrom uzoq davom etgan og`ir ish jarayoni, to`yib uxlamaslik, noto`g`ri ovqatlanish, sport va jismoniy mehnat bilan muntazam shug`ullanmaslik oqibatida rivojlanadi. Mutaxassislar tomonidan bunday esnash qonda kortizol (stress) gormonining miqdori orttishi bilan tushuntiriladi.  

Shuningdek, inson surunkali charchaganda ko`krakda og`riq, nafas olish va yurak urishining tezlashishi, bosh og`rig`i va hatto, hushdan ketish holatlari ham kuzatiladi.

—  Depressiyaga moyil insonlar ko`p esnaydimi?

—  Bilamizki, bugungi kunga kelib, insoniyatning intensiv hayot tarzi, orzu-havaslar ortidan quvish, hayotda o`zimiz o`rnatgan yuqori maqsadlarga eta olmaslik natijasida ruhiy zo`riqishlar va depressiya kuchayib bormoqda.  

Tez-tez va betartib esnash ushbu xastalikning alomati bo`lishi mumkin. Boisi, depressiya paytida insonda kortizol gormonining ortib ketishi kuzatiladi va bunda bemor ko`p esnaydi.  

Qolaversa, antidepressantlar ichish va buning natijasida serotonin gormoni miqdorining ortishi hisobiga ham bunday holat kuzatilishi mumkin. Depressiya vaqtida bemor umidsiz va xomush kayfiyat ta`siridan chiqib keta olmaydi hamda atrof-muhitga qiziqishi yo`qolib, bosh og`rig`i va ixtiyorsiz agressiya kuchayadi. Shu bois, bunday vaziyatlarda shifokorga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.

 

Шарҳлар