my5

Tamaki qaramligidan qanday xalos bo`lish mumkin?

Salomatlik 10.03.2016, 12:36
10023
Tamaki qaramligidan qanday xalos bo`lish mumkin?

Farzand ko`rishni rejalashtirayapsiz. Shifokor ko`rsatmasi bilan turli vitamin va dori-darmonlarni qabul qilasiz, sog`lom turmush tarzi tarafdorisiz. Xo`sh, bu ishlarda juftingizning hissasi bormi? So`raganimiz bejiz emas. Norvegiyalik olimlar tomonidan o`tkazilgan ilmiy tadqiqot xulosasiga ko`ra homila sog`lom rivojlanishi uchun nafaqat ayol balki erkakning ham zararli odatlari xususan spirtli ichimliklar va tamaki maxsulotlaridan voz kechishi lozim ekan. 13 ming erkak va ayol ishtirokida o`tkazilgan kuzatuvda aynan erkakning kashandalik balosiga mubtalo bo`lgani tug`ilajak bolada astma xastaligi rivojlanish ehtimoli borligini ko`rsatgan. 

Fahmlaganingizdek, bugun tamakining sog`liqqa ta`siri va undan halos bo`lish choralari to`g`risida suhbatlashamiz. Mavzu yuzasidan Respublika narkologiya markazi, Narkologiya 2 bo`limi shifokori O`ktam Tadjibaev ma`lumot beradi.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, sayyoh Xristofor Kolumb Markaziy Amerikadan Evropaga noma`lum turdagi o`simlikni keltiradi. Avvaliga o`simlikdan hosil bo`lgan tutun jiddiy bezovtalik keltirib chiqarmaydi. O`simlik barglarini quritib, naycha qilib chekishga odatlanishgach esa asta-sekinlik bilan unga tobelik yuzaga keladi. Chinakamiga tamaki ko`rinishini olishi esa shved olimi Karl Linney tomonidan o`simlikni xonakilashtirish natijasida sodir bo`lgan. Undan olingan moddaga esa nikotin deb nom berishgan. Bir qarashda hech qanday g`aliz niyatlarni ko`zlamay amalga oshirilgan ishlar alal oqibat insoniyatning jiddiy muammosiga aylanishini kim ham o`ylabdi deysiz. 

QURBONLAR SONI  ORTAYaPTI...

Har bir chekuvchi kishi tamaki sog`lig`i uchun naqadar xavfli ekanligini yaxshi biladi. Ammo o`rgangan ko`ngil o`rtanib qo`ymas qabilida ish tutib, kashandalik balosiga bas deyisholmaydi. Statistik ma`lumotlarga yuzlansak, er yuzida har yili ikki-uch milliondan ortiq  insonlar chekishga ruju qo`yish oqibatida hayotdan erta ko`z yumishadi. Jaxon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumoti esa yanada daxshatli hodisalarni bashorat qilmoqda: olimlarning taxminlariga ko`ra 2030 yilga borib bir yilda 10 millionga yaqin kishi tamaki qurboniga aylanishi mumkin. Aytishga oson, ammo tasavvur qilinsa manzara juda ayanchli. 
 
Tamaki chekish umringizni 5-10 yilga qisqartiradi. Nahot shu yillarni asrab qolishni istamasangiz. Oilangiz, farzandlaringiz, asosiysi o`zingiz uchun....

OXIRI «VOY» ...

Chekish dastlab o`pkani zararlaydi. O`pka alveolalari va mayda bronxlar tamaki zaharidan ishdan chiqadi. Kilorod etishmovchiligi yuzaga kelgach, bronxlardagi surunkali yallig`lanish uzoq va davomli yo`tal xurujlarini keltirib chiqaradi. Bu esa ko`p hollarda obstruktiv o`pka bronxiti – og`ir surunkali o`pka xastaligiga sabab bo`ladi.  Eng yomoni kashandalik o`pka saratoni rivojlanishini yuzaga keltiradi. Tamaki tutunida 3 mingdan ziyod kimyoviy moddalar bor, ulardan 60 ga yaqini saraton hujayralarini faollashtirishi mumkin. Shu bilan birga chekish asorati halqum, og`iz bo`shlig`i, qizilo`ngach, me`da osti bezi, buyrak va siydik pufagiga ham nojo`ya ta`sir etib, turli xastaliklarni qo`zg`atishi  hech gap emas. 

SARIQLIKNI SEZDINGIZMI?

Tish emalining sarg`ayishi tamaki ta`sirining  belgisidir. Buni chekuvchilar yaxshi bilishadi. Biroq bu hali hammasi emas. Tamaki zaharidan teri silliqligi yo`qolib, bora-bora sarg`ayadi. Ajin tushib, erta keksayish alomati boshlanadi. «Erkakka chiroyni kim qo`yibdi» deysizmi? U holda egan luqmangiz bekorga ketayotganini ham bilarsiz? Bir dona sigaret organizmdan 25 mg S vitaminini o`g`irlab, D vitaminining singishiga to`sqinlik qiladi. Oddiy shamollash yoki tumov ham bir necha haftalab davom etishi, teri jarohatlari 4-5 oygacha bitmasligiga javobingiz bormi? 

YaQINLARINGIZ HAM XAVFDA!

«Cheksam zarari menga, sizga nima» deyishga shoshilmang. Zero tamaki faqat chekuvchilarga emas, ularning yaqinlari ya`ni atrofidagi insonlarga ham zarar etkazadi. Tamakidan ajralib chiquvchi tutun kattalarda o`pka va nafas yo`llari, turli allergik ta`sirlar hamda yurak faoliyati bilan bog`liq bezovtaliklarga sabab bo`lsa, bolalarda esa o`tkir respirator kasalliklar qo`zg`alishiga zamin yaratadi.

ChEKIShNI QANDAY TAShLASh MUMKIN?

Rostini aytamiz, oson bo`lmaydi. Nikotinga o`rganga organizmingiz uni yana xumor qilganida jizzaki, asabiy bo`lib qolishingiz, ishtahangiz yo`qolishi yohud haddan ko`p ovqat eyish, bosh og`riqlari yoki kayfiyat o`zgaruvchanligi, uyqusizlik kuzatilishi mumkin. Ammo tarozuning bir pallasida sog`lig`ingiz turganida bular nima degan gap. Engib o`tolasiz, to`g`rimi?

Sog`lom hayotga qaytish yo`lida quyidagi besh yo`lni taklif etamiz:

1.  Chekishni tashlash kuni: qachondan boshlaysiz – ertaga yoki indin? Aniqlashtirib oling. Uy, ishxona hatto mashinadagi sigaretlarni ham yo`q qiling. Sport bilan shug`ullaning. Yugurish, suzish kabilar o`pka tozalanishida asqotadi. 
2.  O`zingizni chalg`itishga harakat qiling. Agar sigaret chekish xumor qilaversa yalpiz ta`mli konfet yoki shunga o`xshash biror shirinlik yoki saqich bilan ta`m bilish sezgisini aldashga urining. Kun davomida ko`proq suyuqlik iching, meva va sabzaot sharbatlari ayni muddao. 
3.  Shifokorga murojaat eting. Hozirda tamaki qaramligidan halos bo`lishning bir qancha samarali usullari bor. Psixoterapiya, dori – darmonlar hamda ko`makchi vositalar yordamida norkolog mutaxassis mushkulingizni oson qiladi. 
4.  Yaqinlaringizdan yordam so`rang. Bu illat birgina sizning tashvishingiz emas. Shunday ekan tamakiga qarshi kurashishda ular ham faol bo`lishsin. 

EPLOLMASAM-ChI?

Bo`lishi mumkin. Aksariyat chekuvchilar 3-6 oydan so`ng  yana chekishni boshlashadi. Ammo bu hammasi tamom degani emas. Ma`lumotlarga ko`ra bir necha martalik urinishlardan keyin tamakidan mutlaqo halos bo`lganlar juda ko`p. O`ylaymizki siz ham ko`pchilik qatoridasiz.

Шарҳлар