my5
Sevimli

Raqamli iqtisodiyot bizga kerak(mi?). Tahlillar nima deydi?

Erkin minbar 15.06.2021, 23:56
Теглар: kompyuter
Raqamli iqtisodiyot bizga kerak(mi?). Tahlillar nima deydi?

Besh yoki olti yoshligimda amakivachcham bir tanlovda g`olib bo`ldi. “Elyor kompyuter yutibdi”, – degan xabar shov-shuvga aylandi. O`shanda ilk bor kompyuter daragini eshitgandim. Uni ilk bor hindlarning bir filmida ko`rganman. 

Men ham o`sha "matox"ni o`rganishni xohlardim. “Maktablarda bo`ladi”, – degan so`z bu xohishni vaqtincha bosib turdi. Payti kelib maktabga ham bordik. Kompyuter haqida so`rasam, “5-sinfdan informatika fani o`tiladi, o`shanda o`rganasizlar”, – deyishdi. 5-sinf ham bo`ldik. Ammo maktabda kompyuter yo`q. Ixtisoslashtirilgan maktabda pul to`lab o`qisang-u kompyuter nimaligini bilmasang, og`ir botarkan. Tenderda yutgan kompaniyaning bankrotga uchragani ma`muriyatning yagona bahonasi. Kuz kelsa qishda, qish kelsa bahorda, bahor kelsa yozda “Kompyuter keladi”, – deb ishontirishardi. Shunday qilib 9-sinfni bitirdik. Ungacha faqat kitoblardagi kompyuterni ko`rib, shahar bolalariga havas qilib o`qiyverdim. 

Keyinchalik aka-opalarim yordamida kompyuterdan oddiy dasturlarda ishlashni o`rgandim. Ne-ne umidlarda maktabdan so`ng o`qishni shaharda davom ettirdim. Afsuski, u erda ham kompyuterlar buzuq va eski. Yangilari esa g`ij-g`ij virus. Soddaroq dastur ham qo`yilmagan.

Buni yozishdan maqsad o`sha joylarda ahvol haliyam o`zgarmagan. “Yangi O`zbekiston”, “Raqamli iqtisodiyot” deymiz. Biroq, islohotlar totini, asosan “buloq boshi”, ya`ni poytaxt tatiydi. Qishloqlarga esa tomchi tomib turadi, xolos.

Jamiyat kamchiliklardan xoli emas. Ularni bartaraf etish uchun ko`plab davlatlar raqamlardan foydalanmoqda. Jumladan, O`zbekiston ham 2020-yildan raqamli iqtisodiyotga jadal o`tishni boshladi. Joriy yilning 24-yanvar sanasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga qilgan Murojaatnomasida “2020-yil – Ilm-ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e`lon qilindi. Shundan so`ng “raqamli iqtisodiyot” atamasi keng o`rganila boshlandi.  

Raqamli iqtisodiyot nima?

Raqamli iqtisodiyot – iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qollash asosida amalga oshirish tizimi. U “internet iqtisodiyoti”, “yangi iqtisodiyot” yoki “veb-iqtisodiyot” atamalari bilan ham ifodalanadi.

1995 yilda amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte “raqamli iqtisodiyot”ni amaliyotga kiritdi. Hozirda bu istiloh dunyo ahli tomonidan keng qo`llanmoqda. Uning asosiy belgilari:

  • yuqori darajada avtomatlashtirilganlik;
  • elektron hujjat almashinuvi;
  • buxgalterlik va boshqaruv tizimlarining elektron integrasiyalashuvi;
  • ma`lumotlar elektron bazalari;
  • CRM (mijozlar bilan ozaro munosabat tizimi) mavjudligi;
  • korporativ tarmoqlar.

Qulayliklari:

1. To`lovlar uchun xarajatlar kamayadi (masalan, bankka borish uchun yo`lkira va boshqa resurslar tejaladi).

2. Tovarlar va xizmatlar haqida ko`proq va tezroq ma`lumot olinadi.

3. Raqamli dunyodagi tovar va xizmatlarning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlari katta.

4. Fidbek (iste`molchi fikri)ni tez olish hisobiga tovar va xizmatlar jadal takomillashtiriladi.

5. Tezroq, sifatliroq, qulayroq.

“Alibaba” elektron savdo tizimiga ega Xitoy kompaniyasini raqamli maydonning rivojlanish sohasiga misol qilish mumkin. Raqamli iqtisodiyotdan kutilayotgan eng katta natija – korrupsiyani yo`qotish va ortiqcha qog`ozbozlikning oldini olish. Agar foydalana olsak, raqamli shaklda xizmatlarni amalga oshirish juda qulay. Buning uchun etarli sharoit bo`lsa bas. Biroq mamlakatimiz bu bosqichga osonlik bilan o`tolmaydi. Sababi har bir yangilik bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Biz raqamli iqtisodiyotdan avval tarmoq operatorlari sifati haqida o`ylashimiz kerak. Texnologiya kuchli bo`lsa-yu uning generatori talabga javob bermasa, ko`zlangan marra uzoqlashaveradi.

O`zbekistonda juda ko`plab xorijiy texnikaga ixtisoslashtirilgan kompaniyalar mavjud. Ularning faoliyatini o`rganish jarayonida ishlab chiqargan texnik mahsulotlari hamda raqamli iqtisodiyot rivoji uchun xizmat qiluvchi loyihalarini ko`rib chiqdik. Shunda ma`lum bo`ldiki, bizda texnika jihatidan muammo bo`lmaydi. Masala yana tarmoq sifatiga borib taqaladi. Qishloq ahli raqamli iqtisodiyot mazmunini hali-beri tushunmaydi. To`g`ri, ular bugungi kunda smartfonlardan yaxshi foydalanishadi. Biroq elektron tizimga ishonchi past. Sababi bu boradagi bilimlari etarli emas. Ahvol maqola boshida keltirilgan misol kabi bo`lsa va o`zgarmasa aholining axborot kommunikasiya texnologiyalari borasidagi savodi pastligicha qolaveradi.

Pandemiya bizni raqamli iqtisodiyot sferasiga qisman olib kirdi. Ehtimol, u bo`lmaganida raqamli iqtisodiyotga kirish jarayoni uzoq kechishi mumkin edi. Shu o`rinda elektronlashtirishning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyatiga to`xtalsak. Bu borada “Raqamlar hech qachon aldamaydi va ular inson emas”, – degan qarash ko`pchiligimizga taskin beradi. Lekin kommunal to`lovlar tizimidagi bir misol meni taajjublantirdi. Ya`ni 2020 yilning yoz oyida uyimizga bir odam kelib, issiq suvdan besh yuz ming qarzdorlik borligini aytdi. Mas`ul “Qarzdorlik hali kompyuterga tushmagan. Agar shu summaning yarmini menga bersangiz, hisoblagichni teskari aylantirib beraman. Shunda uncha ko`p to`lamaysiz”, – dedi. Biz “yo`q, shu paytgacha bank orqali to`laganmiz. Hech qachon bunday qilolmaymiz”, – deya javob berdik. Biz-ku u odamning nafs qarmog`iga ilinmadik. Lekin tuzog`iga tushganlar yo`q emas. Inson fitrati o`zgarmas ekan, raqamlashtirish orqali korrupsiya va poraxo`rlikka barham berish ilojsiz.

Raqamli iqtisodiyot, tabiiyki, ishchi kuchi qisqarishiga sabab bo`ladi. Biroq u o`z ortidan yangi sohalarni etaklab kelaveradi. Raqamli iqtisodiyot, jaydari tilda aytganda, aholi va davlat, bozor hamda xaridor o`rtasidagi vositachilarni kamaytiradi. Mablag`larning elektronlashtirilishi natijasida to`lovni amalga oshirishning yangidan-yangi turlari ishlab chiqiladi.

Har qanday vaziyatda ham “qimirlagan qir oshar”. Bugun davlat dunyo hamjamiyatidan ortda qolmaslik uchun mablag` hamda kuchni ayamayapti. Agar mamlakatni tog` deb tasavvur qilsak, cho`qqidagi rahbar xalq uchun mablag`ni to`la ajratayapti. Biroq o`sha mablag` cho`qqidan yumalatilgan tosh kabi qirilib, yo`nilib egalariga etib kelmoqda. Ba`zan esa uni “g`or”lar yutmoqda.

Raqamli iqtisodiyot asrida ixtiyorimiz to`laqonli kompyuterlarga o`tmoqda. Odamzot texnikani yaratdi… aslida biz uni boshqarishimiz kerak. Bugun esa kompyuter bizni nazorat qilyapti...

Dilshodaxon OLIMOVA,

O`zJOKU talabasi

Шарҳлар