my5
Sevimli

“Erim bolalarimning ruhini sindiradi”

Mutolaa 28.06.2021, 18:05
“Erim bolalarimning ruhini sindiradi”

Inson dardini kimgadir aytishi kerak, aks holda ichidan quriydi. Yillar mobaynida g`amlarimni yutib keldim, bo`g`zimga kelgan achchiq allanimani ortga qaytaraverdim. Kimga ham yorilardim? Mendan battar kuyib ketadigan ota-onamgami yoki achinish va kulishdan o`zga hech narsa qila olmaydigan dugonalarimgami? Yo`q, yolg`iz sirdoshim qog`oz bo`ldi. Bugun esa jilla qursa meni tanimaydigan begonalarga ochilgim kelyapti.

Erta turmush qurganman. Yoshgina, faqat uy ishlarini o`rniga qo`yuvchi, juda sodda qiz edim. Muomala bilan yutib ketish, ayyorlik qilish, erni o`z “yo`rig`i”ga yurdirish degan ming bir uslublardan begona, hayotda faqat go`zal rang bor deya ishonuvchi qiz! She`rlar yozishni, she`rlarimni kimgadir o`qib berishni yoqtirardim. Erim bilan mutlaqo ikki dunyo edik. Uning qo`polligi, o`zini boshqacha tutishini “hamma erlar shunday” degan fikr bilan xaspo`shlaganman. Ammo vaqt o`tib, atrofimdagi oilalarni kuzatib men shunchaki o`zimni ovutib yashaganimni anglay boshladim. Erimning fe`lida tushunib bo`lmas, haddan ortiq kuchli asabiylik bor. Eng achinarlisi esa u o`z bolalarini xushlamaydi. Ha, ha, aynan xushlamaydi. Ehtimol gapim kimgadir g`alati eshitilar, “odam degan o`z bolasini ham xushlamas ekanmi?” dersiz. Xudo bizga uch farzand in`om etgan. Ammo bolalarimning birortasi otasiga mehr berolmaydi, sababi ular otasidan mehr ham olisholmagan. Hatto ular chaqaloqlik paytida ham “O`chir bularning ovozini, bo`lmasa bo`g`ib qo`yaman” deya baqirardi. Hatto bir kuni kichkina o`g`limiz hadeb yig`layvergani uchun, uning ustiga yostiq ham bosib turgan. Xonaga yugurib kirganimda bu manzaradan oyoq-qo`lim titrab ketgan. 

— Esingiz joyidami, axir bola-ku, bilasiz boshida chanoq ichi bosimi bor-ku, o`zidan-o`zi yig`lamaydi, nahot rahmingiz kelmasa? 

— Hadeb yig`layveradi! — baqirardi u. — O`zimning ham boshim og`riyapti, shunchaki qo`rqitib qo`ymoqchi edim… 

— U buni tushunmaydi, nega shunday qilaverasiz? Buncha betoqatsiz? 

— Kattalarini ham shunday qilsam qo`rqib jim bo`lardi, buni ham o`rgatish kerak, sen tarbiyamga aralashma! Uning gapidan tushundimki, katta farzandlarimizga kichikligida ham shunday “hunarlar” qilga-nu, men ko`rmay qolganman. 

Bir necha yil avval esa qizimning ruhiyatiga ta`sir qiluvchi ishi hammasidan o`tib tushdi. Sakkizinchi sinfda o`qiydigan qizim navbatchilik vaqtida sinfdoshining qo`l telefonini topib olib uyga olib kelgan edi. Keliboq bolam bechora menga “oyi, kimdir o`g`irlamasin deb uyga olib keldim, ertaga qaytaraman” deb turgan erida dadasi vajohat bilan kirib keldi. 

— Nima bu? Qaerdan keldi? — baqira ketdi ko`zlari olayib. — O`g`ri! Qaerdan olding bu matohni, o`g`ri! 

— Dadasi nimalar deyapsiz? — asablarim chidamay men ham baqirishga tushdim. 

— O`z qizingizni bilmaysizmi? Aytyapti-ku sinfdoshiniki ekan, ertaga qaytaradi.

— E-ey bu seni aldayapti — meni turtib qizimning sochiga yopishdi. 

— Ayt, qaysi “o`ynashing” berdi buni, gapir? 

Qizimning holatini tasvirlab berolmayman. Bechoraning oyoqlari titrar, yig`layverib ko`zlari shishib ketgan edi. Qo`rqqanidan gapira olmas, shundoq ham yuragini oldirib qo`ygan bolam dadasining qo`lida tipirchilardi. Dod-voyimizga qaramasdan ertasiga qizimni maktabga sudrab olib bordi va butun sinf oldida tomosha ko`rsatdi. 

— Sizmi qizimning ustozi? Mana, ko`rib qo`ying —bu o`g`ri! Men shunaqa o`g`ri qizni katta qilibman. 

— Nimalar deyapsiz, biz bu qizni bilamiz, qo`yib yuboring uni, ahvolini qarang, uning tobi yo`q-ku! 

Qizimning holatiga hatto o`qituvchisi, sinfdoshlari chidolmay ketishar, uni o`ziga keltirishga urinishardi. Erim esa erga bir tupurdi-yu, ko`chaga chiqib ketdi. Bolaginam o`sha erda “sindi”! Uning ruhiyati aynan o`sha kundan so`ng salbiy tomonga jiddiy o`zgardi. O`z otasini shunchalar yomon ko`radiki! Boshqa nima ham qilsin? Bunday otani qanday sevsin? Tushundimki, erimning it fe`liga yolg`iz men o`rganib, ko`nikib ketibman, tabiiy qabul qilish ichimga singib ulguribdi. Lekin bolalarim… Ularning hech bir yutug`i otasini xursand qilmaydi. Ortiqcha shovqin, arzimas vaziyatlar uchun kaltak eyaverishadi. 

— Men bularni ko`chadan sudrab olib kelmaganman-ku! Odam degan o`z zurriyodlariga ham shunchalik bemehr bo`ladimi? — deyman janjallarda yig`idan to`xtamay. 

— Ularga yaxshi ko`rishingni bildirsang boshingga chiqib olishadi. O`rgildim shu erkatoy bolalaringdan, hammasi mol! 

— O`zingizdan bezdirib tashlagansiz. Ular sizni umuman yaxshi ko`rmaydi… 

— N o n k o` rl a r ! — baqiradi u. — Hammang nonko`rsanlar. Aslida hammangni urib o`ldirishim kerak. Mana shu diydasi qattiq inson bilan yashab kelyapmiz. Hech bir kunimiz janjalsiz o`tmaydi. Odamlarning oldida sharmanda qilmasin-da deb yuragimizni hovuchlab turamiz. Kimlardir “shunchalik ekan, nega ajrashib ketmaysiz” deyishi mumkin. Bizga yoshlikdan shunday uqtirilgan: “Borgan eringdan o`liging chiqsa chiqsin, tiriging qaytmasin!” Ochig`ini aytsam ajrimdan qo`rqaman! Odamlarning gaplaridan, qo`llarini bigiz qilib ko`rsatishlaridan qo`rqaman. Bundan keyingi hayotim qanday kechishini, qaysi pulga, qaerda kun kechirishimni o`ylayman. Axir hech qaerda o`qib, ishlamagan bo`lsam… Butun umr erining qo`liga qaragan ayolman-ku. Qolaversa “Yomon bo`lsa ham bolalarimning otasi bor-ku” deya ovutaman o`zimni. Shunday deymanu yana bolalarimga qarayman, ularni kundan-kunga so`nib borayotganlari meni ezadi, xo`rligim keladi. Balki barchasiga mening kuchsizligim, qaror qabul qilishga qo`rqishim sababdir. Men o`zim uchun o`ylashga ham kech qoldim, nazarimda! Bor-yo`q istagim — bolalarim xursand bo`lishsa, bas. Ruhlari sinmasa, erkin yashashsa va hech nimadan qo`rqmay tinch uxlashsa kifoya! Men sizlarning maslahatlaringizga muhtojman, o`tinaman, to`g`ri yo`lni topishimda menga maslahat bering!


Mohigul DIYoRXO`JAEVA tayyorladi, 25 (1152) 24 iyun 2021y

Шарҳлар