my5
Sevimli

Atrof-muhit muhofazasi jahon hamjamiyati e`tibor markazida

Erkin minbar 02.07.2021, 18:58
Теглар: atrof-muhit
Atrof-muhit muhofazasi jahon hamjamiyati e`tibor markazida

Bugungi kunda er sharidagi ko`plab ekotizimlar zaxirasi deyarli butkul tugab, ortga qaytarib bo`lmaydigan darajaga yuz tutgan, boz ustiga aholi nufusi o`sib borayotgan, iqtisodiy taraqqiyotga ehtiyoj kun sayin ortayotgan vaziyatda atrof muhitni saqlash har qachongidan ham dolzarb vazifa sanaladi.

Ushbu maqolada atrof-muhitni muhofaza qilishga bag`ishlangan huquqiy asoslar xalqaro, mintaqaviy va milliy standartlar asosida ko`rib chiqildi.

Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishning xalqaro standartlari.

Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishda xalqaro doirada qo`yilgan birinchi qadam 1913 yilda Bern (Shvesariya)da 18 ta davlat ishtirokida "Tabiatni muhofaza qilish" bo`yicha xalqaro konferensiya o`tkazish bo`ldi. 1923 yilda esa Parijda birinchi xalqaro tabiatni muhofaza qilish kongressi bo`lib o`tdi. 1928 yilda Bryussel (Belgiya)da "Tabiatni himoya qilish xalqaro byurosi" ochildi. Ushbu xalqaro tadbirlar doirasida Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishga e`tibor bir muncha kuchaydi.

1945 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilishi munosabati bilan atrof-muhitni himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik ushbu xalqaro tashkilot faoliyatining muhim tarkibiy qismi sifatida rivojlana boshladi. BMT dastlab 1948 yilda "Tabiatni himoya qilish xalqaro byurosi" "Tabiatni muhofazalash xalqaro ittifoqi" ga aylantirdi. Hozirgi kunga kelib ushbu ittifoq faoliyatida dunyoning 118 mamlakatidan 636 tadan ziyod davlat va jamoatchilik tashkilotlari ishtirok etmoqdalar.

Shuningdek, bugungi kunda BMTning mavjud 14 ta ixtisoslashgan tashkilotlaridan 6 tasi atrof-muhit muhofazasiga aloqador masalalar bilan shug`ullanadi. Xususan: 

  • YuNESKO - ta`lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug`ullanuvchi tashkilot faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri atrof-muhit muhofazasi sohasida maorif va kadrlar tayyorlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo`yicha ijobiy tajribalarni ommalashtirish, ilmiy tadqiqotlar o`tkazishga qaratilgan. 
  • FAO - oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi bo`yicha tashkilot. U er, suv, o`simlik va hayvonlardan kompleks foydalanish, ularning unumdorligini oshirish muammolari bilan shug`ullanadi. 
  • JST - xalqaro sog`liqni saqlash tashkiloti. Atrof-muhit muhofazasining sanitar gigienik masalalari bilan shug`ullanadi. 
  • XMT - xalqaro meteorologik tashkilot. Iqlimdagi umum sayyoraviy o`zgarishlar bilan shug`ullanadi. 
  • DMT - dengizlar bo`yicha davlatlararo maslahat tashkiloti. Bu tashkilot dunyo dengiz va okeanlaridan foydalanishning ekologik jihatlari bilan shug`ullanadi. 

Yuqoridagilardan tashqari BMTning ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bilan shug`ullanuvchi kengashi - EKOSOS faoliyatida ham atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e`tibor beriladi.

Xalqaro atrof-tabiiy muhitni muhofazalash kuni

1972 yilda Stokgolm (Shvesiya)da 113 mamlakat, turli davlatlararo va nodavlat tashkilotlari ishtirokida BMTning atrof-muhit muhofazasi bo`yicha konferensiyasi o`tkazildi. Uning natijalari asosida "Atrof-muhit to`g`risida deklarasiya" qabul qilindi.

Stokgolm konferensiyasi qarorlari BMTning 32 -Bosh Assambleyasida ko`rib chiqildi va ular asosida 11 ta rezolyusiya qabul qilindi. Bu rezolyusiyalarda BMTning atrof-muhit muhofazasi sohasidagi tadbirlarining tashkiliy ma`muriy va huquqiy asoslari yoritib berildi.

Atrof-muhit muhofazasi masalalariga dunyo jamoatchiligi e`tiborini yanada kuchaytirish maqsadida 1972 yil BMTning 1-jahon kongressida har yili 5 iyunni "Xalqaro tabiatni muhofazalash kuni" deb e`lon qilindi. Shu yili BMT Bosh Assambleyasining 27-sessiyasida davlatlararo hamkorlikning tashkiliy va moliyaviy tadbirlarini belgilovchi "Tashqi muhit bo`yicha BMTning ish dasturi" (YuNEP) va uni boshqaruvchilari Kengashi ta`sis etildi. 1973 yil (Stokgolm) mazkur kengashning 1-sessiyasida "Atrof-muhit sohasidagi harakat dasturi" muhokama qilinib, unda XEHning 7 ta eng asosiy yo`nalishlari belgilab berildi.

1982 yilda BMT "Umumjahon tabiat Hartiya"sini tasdiqladi. Uni insonning tabiatga munosabatini belgilovchi o`ziga xos kodeksi deyish mumkin.

Shuningdek, BMTning 2030 yilgacha bo`lgan davrda Barqaror Rivojlanish sohasidagi 17 ta milliy maqsad va vazifalarning 13, 14, 15 maqsadlari bevosita atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi vazifalarni va yo`nalishlarni belgilab bergan.

Bunda:

  • 13-maqsad: Iqlim o`zgarishiga qarshi kurash – Iqlim o`zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurash bo`yicha tezkor choralarni ko`rish;
  • 14-maqsad: Dengiz ekotizimlarini asrash – Barqaror taraqqiyot yo`lida okeanlar, dengiz va dengiz resurslarini asrash va ulardan oqilona foydalanish;
  • 15-maqsad: Er ekotizimlarini asrash – O`rmonlardan oqilona foydalanish, qumlanishga qarshi kurash, erlarning tanazzulga uchrashi jarayonini to`xtatib, erlarni qayta tiklash, biologik xilma-xillikning yo`qolib ketishini to`xtatish.

Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishning milliy standartlari

Atrof-tabiiy muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslari birinchi navbatda O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida o`z aksini topgan. Konstitusiyaning 50, 54, 55 va 100-moddalarida fuqarolaring ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari, atrof-muhitga munosabat va boshqaruv tizimi bo`g`inlarining faoliyati belgilangan. Jumladan, 50-moddada "Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo`lishga majburdir"lar deyiladi. 100-moddada atrof-muhitni muhofaza qilish mahalliy hokimlik organlari vazifasiga kirishi ta`kidlangan.

Shuningdek, 1996 yil 27 dekabrda O`zbekiston Respublikasining "Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida"gi qonuni qabul qilingan. Qonun 30 ta moddadan iborat bo`lib, atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlari, fuqarolarining huquq va majburiyatlari, standartlar va me`yoriy hujjatlar, havo muhitiga zarar etkazganlik uchun javobgarlik kabi moddalar mavjud.

1994 yil 23 sentabrda O`zbekiston Respublikasining "Erosti boyliklari to`g`risida"gi qonuni qabul qilingan. Qonun 10 ta bo`lim va 51 ta moddadan iborat.

1993 yil 6 mayda O`zbekiston Respublikasining "Suv va suvlardan foydalanish to`g`risida"gi qonuni qabul qilingan.

1999 yil 14 aprelda O`zbekiston Respublikasining "O`rmon to`g`risida"gi qonuni qabul qilingan.

2000 - yilda O`zbekiston Respublikasining "Ekologik ekspertiza to`g`risida" gi qonuni qabul qilingan.

2001 yil 6 dekabrda O`zbekiston Respublikasining "Chiqindilar to`g`risida” gi qonuni qabul qilingan. 

Atrof-muhitni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida atrof-muhitni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikka tortish masalalari O`zbekiston Respublikasining ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksida tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik uchun ma`muriy javobgarlik me`yorlarida belgilangan. Ma`muriy kodeksda jinoyat turiga qarab turli miqdorda jarimalar to`lash va ma`lum huquqdan mahrum qilish jazolari ko`rsatilgan. O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 
4-bo`limi "Ekologiya sohasidagi jinoyatlar" deb yuritiladi. Jinoyat kodeksida Ekologiya sohasidagi turli jinoyatlar uchun jarima to`lash, muayyan huquqdan mahrum qilish, mol-mulkni musodara qilish, axloq tuzatish ishlari, qamoq va ozodlikdan mahrum qilish choralari belgilangan.

Iqbolbek Abdumajidov, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markaz

Inson huquqlari bo`yicha xalqaro hamkorlik bo`limi

Шарҳлар