my5
Sevimli

Surunkali gastrit, oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yara kasalliklari kelib chiqishining asosiy sabablari nimalar?

Salomatlik 02.09.2021, 17:33
Surunkali gastrit, oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yara kasalliklari kelib chiqishining asosiy sabablari nimalar?

SSV matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Olim G`ulomovga murojaat qildi:

— Surunkali gastrit — oshqozon shilliq qavati yallig`lanishi hamda o`zgarishlari oqibatida undagi qayta tiklanish jarayonining buzilishi, bezlar atrofiyasi va harakat faoliyatining o`zgarishi bilan kechadigan surunkali kasallik.

Surunkali gastrit aholi orasida keng tarqalgan xastaliklar gypyhiga kiradi va ko`proq (50-80 foiz hollarda) katta yoshdagi erkaklarda uchraydi.

Bu xastalik ham o`tkir gastrit kabi qator omillar ta`sirida yuzaga keladi.

Surunkali gastritning alimentar sabablari quyidagilar:

  • taom iste`mol qilish tartibi va sifatining buzilishi;
  • ovqatlanish oralig`ining uzoq muddat cho`zilishi, taomni yaxshi chaynamasdan tez-tez eyish;
  • issiq suyuqliklar va qattiq ovqatlarning oshqozon shilliq qavatiga bevosita salbiy ta`siri;
  • achchiq ziravorlar hamda spirtli ichimliklarni iste`mol qilish, tamaki va nosvoy chekish;
  • qiyin hazm bo`ladigan, dudlangan, yog`li taomlarni muntazam iste`mol qilish, och yurish, uyqudan oldin to`yib ovqatlanish;
  • iste`mol qilinadigan taomlarning kaloriyasi past bo`lishi, muntazam ravishda issiq choy va qahva ichish.
  •  kasbga bog`liq salbiy ta`sirlar (issiq sex, kimyoviy bo`yoq, sement va paxtani qayta ishlash zavodlari kabi joylarda)
  • ba`zan dorilar va qishloq xo`jaligidan ayrim kimyoviy vositalardan uzoq muddat hamda noto`g`ri foydalanish oqibatida oshqozon shilliq qavati zararlanadi.

Oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yara kasalligi — surunkali, qaytalanuvchi, qo`zish va tinch davrlar almashinib keluvchi kasallik bo`lib, uning asosi — shilliq qavatda yara hosil bo`lishi hisoblanadi.

Oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yara kasalligining kelib chiqishi ko`p omilli bo`lib, uning kelib chiqishiga nasliy, ruhiy, alimentar (ovqatlanish bilan bog`liq), mexanik, xelikobakter pilori bakteriyasi, zararli odatlar va ayrim dori vositalaridan uzoq muddat foydalanish kabilar sabab bo`ladi.

Shuningdek, asabiylashish, stress, oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi achchiq, dudlangan, xamirli taomlar, pishiriqlar, quruq va sovuq ovqatlar, ovqatlanish muntazamligining buzilishi, shakar mahsulotlari, qahva va boshqalar ham kasallik yuzaga kelishiga sabab bo`lishi mumkin.

 

Шарҳлар