my5
Sevimli

Parlamentlararo ittifoq O`zbekiston parlament islohotlarini qo`llab-quvvatlaydi

Siyosat 08.09.2021, 13:39
Parlamentlararo ittifoq O`zbekiston parlament islohotlarini qo`llab-quvvatlaydi

Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Avstriya poytaxtida Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMT va Avstriya parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ayol spikerlarning 13-sammiti va Parlamentlar rahbarlarining 5-butunjahon konferensiyasi bo`lib o`tmoqda.

Ularda Senat Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi O`zbekiston parlament delegasiyasi ishtirok etmoqda.

Senat rahbari Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi M.Chungong bilan uchrashuv o`tkazdi. Unda O`zbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi, kun tartibidagi eng ustuvor masalalar muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Prezident Sh.M.Mirziyoev tashabbusi bilan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizasiya qilishda parlament va siyosiy partiyalarning rolini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berdi. U xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish bo`yicha respublika davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlarini qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq ma`lum qilinganidek, 2022 yilda parlamentlar ayol spikerlarining navbatdagi 14-sammiti Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk bor O`zbekistonda o`tkaziladi. Mazkur tadbir tashkil etilishini gender muvozanatni ta`minlash sohasidagi O`zbekiston yutuqlari e`tirofi sifatida baholash mumkinligi alohida ta`kidlandi. Uchrashuvda bo`lajak sammitni tashkiliy va mazmun jihatidan yuqori darajada o`tkazish bo`yicha Oliy Majlis Senati va Parlamentlararo ittifoq kotibiyati o`rtasida yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish to`g`risida kelishuvga erishildi.

M.Chungongning fikricha, joriy yilning iyun oyida Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda Parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumining muvaffaqiyatli o`tkazilishi, uning yakunlari bo`yicha qabul qilingan Buxoro deklarasiyasi bu jarayonlarga qonun chiqaruvchi organlarning bevosita jalb etilishida barqaror rivojlanish kun tartibini yanada keng qamrovli, ochiq va oshkora amalga oshirishga xizmat qiladi.

Parlamentlararo ittifoq rahbari O`zbekiston Oliy Majlisiga parlamentning mamlakat ijtimoiy hayotidagi rolini yanada mustahkamlash bo`yicha islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda, eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishda tashkilot zarur yordam ko`rsatishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Шарҳлар