my5
Sevimli

O`zbekistonda har yili 3,5 ming nafardan ziyod bemorda sun`iy gavhar implantasiyasi amalga oshirilmoqda

Salomatlik 16.09.2021, 19:57
Теглар: Sog`liqni saqlash vazirligi
O`zbekistonda har yili 3,5 ming nafardan ziyod bemorda sun`iy gavhar implantasiyasi amalga oshirilmoqda

Bugun yurtimizda oftalmologlarning birinchi xalqaro Kongressi o`z ishini boshladi. Sog`liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan “Ko`z mikroxirurgiyasining dolzarb muammolari” mavzuida tashkil qilingan tadbir onlayn va oflayn formatida o`tkazilmoqda.

Aytish lozimki, anjumanda ishtirok etish uchun ming nafardan ziyod oftalmolog onlayn ro`yxatdan o`tgan, shuningdek, yurtimizning 150 nafardan ziyod oftalmologlari – tibbiyot oliy ta`lim muassasalari oftalmologiya kafedralari mudirlari, professor olimlari, oftalmologik shifoxonalar, xususiy klinikalar rahbarlari, hududlarning bosh oftalmologlari taklif qilingan.

Anjuman mazmunli va to`laqonli o`tishi uchun dasturda oftalmologiyaning deyarli barcha yo`nalishlaridagi dolzarb muammolar, keng tarqalgan ko`z kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari bilan bog`liq mavzular qamrab olingan. Bu esa ishtirokchilarning yanada chuqurroq tajriba almashish va malakasini oshirish imkonini yaratadi.

Tadbirda ta`kidlanishicha, yurtimizda tibbiyotga, xususan, oftalmologiya yo`nalishiga katta e`tibor qaratilayotgani sababli hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo`lib, birgina 2018-2020 yillarda 139 ta shunday uskunalar bilan ta`minlandi.

— Markaz oftalmologiya sohasi bo`yicha mamlakatimiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordamni tashkil etishni muvofiqlashtiruvchi va uslubiy muassasa hisoblanadi. Respublikada jami 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash bo`yicha 172 turda tibbiy xizmatlar ko`rsatiladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov. — Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 150 qatnovga mo`ljallangan konsultativ-diagnostik poliklinika, 50 o`rinli stasionar, kuniga 50-60 ta operasiya bajarish imkonini beradigan 8 ta avtomatik jarrohlik stoli bir vaqtda ishlaydigan jarrohlik bloki mavjud. 

Uning investisiya dasturi doirasidagi qurib bitkazilgan 50 o`ringa mo`ljallangan stasionar binosi, jarrohlik bo`limi to`liq ishga tushiriladigan bo`lsa, qo`shimcha yana 40 ta stasionar o`rin va 1 ta jarrohlik bloki qo`shiladi. Buning natijasida bemorlarga tibbiy xizmat ko`rsatish qamrovi yanada kengayishiga erishiladi.

Markaz faoliyatining asosiy yo`nalishlari katarakta va glaukoma jarrohligi, rekonstruktiv jarrohlik, shox parda jarrohligi, lazer jarrohligi, bolalar ko`zining mikroxirurgiyasi, plastik jarrohlik, bolalar ko`zlarini zamonaviy maxsus kompyuter dasturlari asosida davolash, shuningdek, individual ko`z protezlarini yasash va qo`yishdan iborat.

Katarakta kasalligida fakoemulsifikasiya usulini qo`llab, turli sun`iy gavharlar, shuningdek, multifokal, ya`ni uzoq va yaqinni ko`zoynaksiz ko`rish imkonini beradigan sun`iy gavhar implantasiyasi amalga oshirilmoqda. Har yili 3,5 mingdan ortiq shunday jarrohliklar bajarilmoqda.

Markaz kasallangan shox pardani tiniq donor shox pardaga almashtirish jarrohlik amaliyotini amalga oshiradigan yagona ko`z klinikasidir. Donor AQShning Florida shtati, Tampa shahridagi “Lions Eye Institute for Transplant and Research” nomli ko`z bankidan keltiriladi. Har yili 40 ga yaqin og`ir shox parda kasalliklarida uni ko`chirib o`tkazish jarrohlik amaliyoti bajariladi. Bu texnologiyalarni tatbiq etishdan avval bunday bemorlar ko`rlikka, nogironlikka mahkum yoki katta mablag` sarflab, horijga borib davolanishga majbur bo`lar edi.

Glaukoma kasalligi bo`yicha esa markazda yiliga 700 ga yaqin jarrohlik amaliyoti zamonaviy texnologiyalar asosida bajarilib, uning 45 foizi lazer usullari bilan amalga oshiriladi.

Lazer jarrohligi bo`limida yiliga diabetik retinopatiya, glaukoma, ko`zning old va orqa qismlarida 2000 dan ziyod jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda. Har yili 800 dan ortiq optiko-rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan “ISUZU” rusumidagi avtobus negizida 13 ta mobil poliklinika tashkil etilgan bo`lib, ular 5 xil zamonaviy oftalmologik uskunalar bilan jihozlandi. Hududiy sog`liqni saqlash boshqarmalari tomonidan reja asosida haftada bir-uch marta ehtiyojga qarab, reja asosida mahalliy mutaxassislar shahar va tumanlarga, ishlab chiqarish korxonalariga chiqib, aholini tibbiy ko`rikdan o`tkazmoqda.

2019-2020 yillar davomida RIKMIATM xodimlarining joylarga chiqqan holda mahorat darslari, tibbiy ko`riklar va murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishi natijasida, hududlardan markazga murojaatlar soni 20 foizgacha kamaygan.

Hozirda yurtimizning 7 ta hududi (Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Farg`ona viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasi)da markazning filiallari faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning barchasi yuqori texnologik uskunalar bilan ta`minlangan. O`tgan davr mobaynida markazning Xorazm, Termiz filiallarida fakoemulsifikasiya, lazer jarrohliklarini davolash usullari, optik kogerent tomografiya, ultratovushli biomikroskopiya diagnostika usullari keng joriy qilindi.

Qoraqalpog`iston, Samarqand, Qarshi, Buxoro va Farg`ona filiallarida ham fakoemulsifikasiya, lazer jarrohliklari davolash usullari, optik kogerent tomografiya diagnostika usuli, vitreoretinal, lazer jarrohliklari davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi.

“Ko`z mikroxirurgiyasining dolzarb muammolari” mavzuidagi oftalmologlarning birinchi xalqaro Kongressi 17 sentyabrga qadar davom etadi.

Шарҳлар

Kecha yurtimizda 450 nafardan ortiq kishida koronavirus, 17 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi

15.10.2021, 10:20

Kecha yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni 450 nafardan oshdi, birgina Toshkent shahrida 190 nafarga yaqin bemor qayd etildi. 2021 yil 14 oktyabr holatiga ko`ra, O`zbekistonda...
Turmush qurishdan avval emlanish kerakmi? SSV javob berdi

08.10.2021, 17:39

Sog`liqni saqlash vazirligi oila qurishdan avval koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanish kerak yoki kerakmasligi to`g`risidagi savolga javob berdi. Har bir ota-ona o`zidan sog`lom zurriyod qoldirishni istaydi....
Qarshi shahar tug`riqxonasida 3 nafar egizak tug`ildi. Ularga Shavkat, Mirziyo va Miromon ismlari qo`yilgani aytilmoqda

02.10.2021, 16:16

Qarshi shahar tug`ruqxonasida 1 oktyabr kuni Murodovlar oilasida 3 nafar egizak dunyoga keldi.  Egizaklarning uchalasi ham o`g`il bola.  Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.Chaqaloqlar...
Sirdaryolik onkologlar 160 dan ortiq bemorga distansion nur terapiya muolajalarini o`tkazdi

30.09.2021, 14:50

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali shifokorlari onkologik kasalliklar bilan og`riyotgan bemorlarni davolash, ularni umr ko`rish davomiyligini uzaytirish maqsadida Chexiya davlatida...