my5
Sevimli

Inson a`zolari va to`qimalarini ko`chirib o`tkazuvchi maxsus markaz faoliyati yo`lga qo`yiladi

Salomatlik 17.09.2021, 11:36
Теглар: Inson a`zolari
Inson a`zolari va to`qimalarini ko`chirib o`tkazuvchi maxsus markaz faoliyati yo`lga qo`yiladi

Kuni kecha Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi tomonidan Samarqand viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasida “Inson a`zolari va to`qimalari transplantasiyasi to`g`risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati xususida davra suhbati o`tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati ma`lum qildi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil qilingan tadbirda mahalliy Kengashlar deputatlari, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi va uning tuman-shahar bo`limlari rahbarlari, mutasaddi idoralar mas`ullari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishgan.

Muloqot davomida mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati, shu jumladan, sohada olib borilayotgan islohotlar aniq maqsadlari xususida so`z yuritilgan.

– Birgina misol, buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyotini xorijda katta mablag` va vaqt sarflamasdan Samarqand viloyatida ham amalga oshirish mumkin bo`ldi, – dedi Oliy Majlis Senatining Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi Odiljon Iminov. – Biroq inson a`zolari va to`qimalari transplantasiyasi borasida qonunchiligimizda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emas. Qonun loyihasida qayd qilingan amaliyot bilan bog`liq aniq chegara va tartiblar belgilab berilmoqda. Shu bois, loyiha, avvalo, mahalliy Kengashlar deputatlari, olimlar, mutaxassislar, qolaversa, keng jamoatchilik ishtirokida bugungiday davra suhbatlarida atroflicha muhokama qilinmoqda.

– Qonun loyihasida asosiy maqsad odamlarimiz salomatligini tiklash uchun zarur mablag` topish, xorijiy davlat tilini tushunmaslik kabi qiyinchiliklarga duch kelmasligini ta`minlashga qaratilgan, – dedi Samarqand viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i D.Jumaniyozov. – Misol uchun, bugungi kunda viloyatimizda 67 ta buyrak, 8 ta jigar transplantasiyasi amalga oshirilgan. Ushbu bemorlarning bor-yo`g`i 3 nafari Samarqand shahrida operasiya qilingan. Buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti kengaytirilishi kelgusida ana shunday bemorlar uchun katta qulaylik bo`ladi.

Shuningdek, yaqin vaqt ichida viloyatda jigar va yurak transplantasiyasi yo`lga qo`yilishi, shu bilan birga hozirda inson a`zolari va to`qimalarini ko`chirib o`tkazish bilan shug`ullanuvchi maxsus markaz faoliyatini yo`lga qo`yish ham rejalashtirilayotgani ham ta`kidlanmoqda.

Шарҳлар