AsosiyDunyo

«Amir Temurning strategik etakchiligi: Tuzuklarga izohlar» kitobi polyak tilida chop etildi

'«Amir Temurning strategik etakchiligi: Tuzuklarga izohlar» kitobi polyak tilida chop etildi'ning rasmi

Varshavada akademik Vladimir Kvintning «Amir Temurning strategik etakchiligi: Tuzuklarga izohlar» kitobi polyak tilida chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Siyosatchi, tarixchi, diplomat va «Poznanie» nashriyotining rahbari, professor Vladislav Sokolovskiy tarjimasidagi ushbu kitob Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag`ishlab nashr etildi.

Kitobda buyuk arbob, sarkarda, strateg va faylasuf Amir Temurning fikrlari, uning davlat qurilishi, o`sha davr strategiya nazariyasi nuqtai nazaridan boshqaruv borasidagi dolzarb qarashlari o`z ifodasini topgan.

«Poznanie» nashriyoti ushbu kitobning noyob mazmun-mohiyati, yuksak ilmiy va ijtimoiy ahamiyatini hisobga olgan holda uni kitobxonlarga yaxshi tanish bo`lgan «Strateg kutubxonasi» turkumi doirasida chop etdi. Bu Amir Temurga bag`ishlab polyak tiliga tarjima qilingan birinchi kitobdir. Uni nashrga tayyorlash, tarjima va tahrir qilish, terish va chop etish ishlari 3 oy davomida amalga oshirildi.

Illyustrasiya va sharhlar bilan o`quvchilarga taqdim etilgan ushbu kitob 287 betdan iborat bo`lib, akademik formatda qalin muqovada nashr qilindi.

Unda muallif - akademik Vladimir Kvint hamda tarjimon va noshir - Vladislav Sokolovskiyning, shuningdek, jahondagi mashhur va e`tirof topgan olimlar, tadqiqotchilar, jamoat arboblari va publisistlarning sharhlari polyak, ingliz, o`zbek va xitoy tillarida o`quvchilarning e`tiboriga havola etilgan. Ular orasida akademik Dilorom Yusupova, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetining dekani, professor Elena Vartanova, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziev, O`zbekiston Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o`rinbosari Saida Mirziyoeva bor. Sharhlarda Amir Temur O`rta, Janubiy va G`arbiy Osiyo tarixida muhim rol o`ynagan, feodal tarqoqlik va ijtimoiy guruhlar o`rtasidagi ichki nizolarga nuqta qo`ygan hamda mamlakat rivojlanishi uchun tinchlik o`rnatgan, bor kuch-g`ayratini sarflagan davlat arbobi sifatida mashhur ekanligi ta`kidlanadi.

Qayd etilganidek, Amir Temur o`zidan tarixiy ahamiyatga molik strategik asar – davlatni idora etishda qo`llaniladigan ma`muriy va harbiy qonun-qoidalar va tartiblarni o`zida mujassam etgan Tuzuklarni qoldirgan. U «xulq-atvor va davlatni boshqarishda qo`llanma» bo`lgan 12 qoida tizimini shakllantirgan. Bu qoidalar rejalashtirish, rag`batlantirish va nazorat qilish kabi strategik boshqaruvning asosiy vazifalarini o`z ichiga oladi va birlashtiradi.

Mualliflar «Temur tuzuklari»ni zamonaviylik nuqtai nazaridan sharhlab, 600 yil avval ifodalangan fikrlarning dolzarbligini ko`rsatuvchi strategiya falsafasini bugungi kun bilan bog`laydi.

Ularning fikricha, ushbu kitobning asosiy jihatlari tizimlilikdan iborat bo`lib, alohida muammolarni yaxlit tarzda ko`ra bilish demakdir. Bu esa, o`z navbatida, strategik tahlil va boshqaruvga doir qarorlar qabul qilishning metodologik asosini anglatadi.

Ekspertlar Amir Temurning olimu ulamolarga bo`lgan munosabatiga alohida e`tibor qaratadi. Binobarin, buyuk sarkarda doim ularning maslahatlariga quloq tutgan holda ish qilgan. U nafaqat tarixdan ma`lum bo`lgan buyuk etakchilarning muvaffaqiyatlarini, balki mag`lubiyatlarining sabablarini ham tahlil etishlarini talab qilgan.

Amir Temurning yana bir muhim va o`ziga xos xususiyati vaziyatni to`g`ri baholashidir. Qoidalar joriy qilishda Amir Temur ijtimoiy va iqtisodiy voqelik hamda xalqning turmush sharoitini doimiy o`rganish muhimligiga e`tibor qaratadi. U viloyatlardagi eng yuqori lavozimlarga aholiga ularning an`ana va urf-odatlari bilan yaxshi tanish bo`lgan rahbarlarni tayinlash zarurligini alohida ta`kidlagan.

Sharhlarda Amir Temurning o`z maslakdoshlari, sheriklari va g`animlariga nisbatan bag`rikengligi va teng huquqliligi qayd etilgan. Amir Temurning eng muhim hayotiy tamoyili adolat bo`lib, uni davlatning asosi va hukmdorlar shiori, deb atagan.

Oktyabr oyida Varshavada tarixchilar, jamoat arboblari, siyosatshunoslar, harbiy ekspertlar va jurnalistlar ishtirokida ushbu kitobning taqdimotini o`tkazish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar