AsosiySiyosat

Nig`matilla Yo`ldoshev Qozog`istonda bo`lib o`tgan MDH davlatlarining Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashining 31-yig`ilishida ishtirok etdi

'Nig`matilla Yo`ldoshev  Qozog`istonda bo`lib o`tgan MDH davlatlarining Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashining 31-yig`ilishida ishtirok etdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig`matilla Yo`ldoshev Qozog`iston Respublikasining Nur-Sulton shahrida bo`lib o`tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi (MDH)ga a`zo davlatlarning Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashining 31-yig`ilishida ishtirok etdi. 

Mazkur yig`ilishda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va O`zbekiston Bosh prokuraturalari delegasiyalari, shuningdek Muvofiqlashtiruvchi kengash Kotibiyati, MDH Ijroiya qo`mitasi hamda Prokurorlar xalqaro assosiasiyasi vakillari ishtirok etdi.

Yig`ilishga raislik qilgan Rossiya Federasiyasi Bosh prokurori Igor Krasnov tadbirni kirish so`zi bilan ochgan holda, barcha ishtirokchilarni MDHning 30-yilligi bilan samimiy qutladi.

Yig`ilishga sharafli mehmon sifatida taklif etilgan Prokurorlar xalqaro assosiasiyasi Prezidenti Chxol-Kyu Xvan tadbir qatnashchilariga kirish so`zi bilan murojaat yo`lladi.

Tadbir davomida kun tartibiga qo`yilgan masalalar muhokama etilib, prokuratura organlarining xavfsizlikni ta`minlash, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlash kabi ustuvor yo`nalishlariga doir tajriba almashildi.

Ishtirokchilar tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida sa`y-harakatlarni birlashtirish, xususan, Muvofiqlashtiruvchi kengash a`zolarining hamkorlik aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish dolzarbligi qayd etildi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig`matilla Yo`ldoshev o`z ma`ruzasida xorijiy hamkasblarni prokuratura organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish sohasidagi tajribasi bilan o`rtoqlashdi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan «Raqamli O`zbekiston — 2030» Strategiyasi ma`qullanib, hududlarni raqamli transformasiya qilish bo`yicha 13 ta va tarmoqlarni raqamli transformasiya qilish bo`yicha 7 ta dasturlar tasdiqlanganligi va bu orqali davlat idoralari faoliyatini raqamlashtirish bo`yicha sa`y-harakatlariga yangi turtki berganligi ta`kidlandi.

Bosh prokuror prokuratura organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish bo`yicha olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar xususida to`xtalib o`tdi.  

Ushbu jarayonda quyidagilarga alohida e`tibor qaratilganligiga urg`u berildi:

– onlayn-nazorat instrumentlarini joriy etish;

– ma`muriy tartib-taomillar shaffofligini oshirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning to`g`ridan-to`g`ri aloqalarini cheklash;

– idoralararo elektron hamkorlik usullarini takomillashtirish.

Elektron hujjat almashinuv tizimini joriy etish sohasidagi tajriba tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Yig`ilish yakuniga ko`ra, tegishli qarorlar, jumladan MDHga a`zo davlatlarning Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi yig`ilishini 2022 yilda Belarus Respublikasida o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar