Bugun, 26 sentyabr kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlari uchun tantanali “Vatanga qasamyod” tadbirlari bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik Darakchi.uz ga ma`lum qildi.
Qayd etilishicha Qasamyod qabul qilganlarning 4 nafari “To`maris izdoshlari” bo`lgan, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga yangi qabul qilingan va Vatan himoyasiga hayotini bag`ishlashga ahd qilgan qizlardir.
Kursantlar davlatning muqaddas ramzi bo`lgan bayroqni o`pib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog`lab, vijdoni, or-nomus va sha`nini o`rtaga qo`yib, O`zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq bo`lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichganlar.
Qurolli Kuchlar akademiyasida kursantlarni Vatanga qasamyodga keltirishga bag`ishlangan marosimda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov qatnashib, nutq so`zlagan va qasamyod qabul qilgan kursantlarni tabriklagan.
Vatanga qasamyodga keltirish marosimidan so`ng tadbir qatnashchilari uchun konsert dasturlari, harbiy xizmatchilarning ko`rgazmali qo`l jangi chiqishlari namoyish etilgan.