my5
Sevimli

Soch to`kilishi qanday sodir bo`ladi?

Salomatlik 10.10.2021, 13:19
Soch to`kilishi qanday sodir bo`ladi?

SSV Matbuot xizmatining soch kasalliklari va ularni davolashdagi zamonaviy yondashuvlar haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o`rinbosari Ilhom RAHIMOV javob berdi.

—  Patologik, ya`ni biror kasallik yoki salbiy asoratlar sabab paydo bo`ladigan soch to`kilishiga olib keladigan omillar haqida so`zlab bersangiz.

—  Patologik soch to`kilishining chandiqsiz shakli uchoqsiz, subtotal, total, universal, lentasimon, androgen soch to`kilishi kabi turlarga bo`linadi.

O`choqli soch to`kilishi – yosh bolalarda va kattalarda uchrovchi soch kasalligi bo`lib, boshning sochli qismida yoki soqol sohasida chegaralangan, dumaloq, oval shakldagi soch to`kilishi o`choqlari paydo bo`ladi. Kasallikning bu turida soch terisi deyarli o`zgarmaydi.

Subtotal soch to`kilishi – mayda o`choqlarga yana boshqa soch to`kilishi o`choqlari qo`shilishi natijasida paydo bo`ladi. Kasallikning bu turida bosh terisida uzun sochlar saqlanadi.

Total soch to`kilishi – boshda soch tolalari kuzatilmaydi, ammo tananing boshqa sohalarida soch va tuklar saqlanadi.

Universal soch to`kilishi – butun bosh terisida sochlar, qosh, kiprik, soqol va tanada tuklarning kuzatilmasligi ushbu kasallik belgisidir.

Lentasimon soch to`kilishi – kasallik ensa sohasida soch to`kilishi bilan boshlanib, uzun lenta shaklida quloq supralari yoki chakka sohasi tomon rivojlanadi.

Androgen soch to`kilishi – boshning sochli qismida androgenlar metobolizmining buzilishi natijasida va buning soch follikulalariga ta`siri oqibatida ushbu kasallikka irsiy moyilligi bo`lgan  insonlarda kuzatiladi.  

—  Androgen soch to`kilishi erkaklar va ayollarda bir xil kechadimi?

—  Aksincha, alopesiya ikki jins vakillarida o`zaro farqli kechadi. Erkaklarda kasallik, odatda 20-22 yoshda boshlanib peshona ustki qismida va tepa qismlarda kuzatiladi. Soch to`kilishi aksariyat hollarda bosh sohasida yog` bezlari faoliyatining buzilishi (seboreya) va seboreyali dermatit bilan birga kechadi. Ayollarda esa soch to`kilishi o`choqlari tepa va chakka sohalarida uchraydi, ammo to`liq soch to`kilishi bilan kechmaydi.

Alopesiyani keltirib chiqaruvchi sabablar quyidagilar:  

  • androgen yoki anabolik steroid garmonlar qabul qilish;
  •  sochlarga turli xil tashqi ta`sirlarning ko`pligi;
  • irsiy moyillik va boshqalar.

Soch to`kilishi kasalliklari anamnez, tibbiy ko`riklar, instrumental tekshiruvlar (dermatoskopiya, trixogramma), laborator tekshiruvlar, gistologik tekshiruvlar natijasida tashxislanadi va shunga ko`ra davo muolajalari olib boriladi.

 

Шарҳлар