Mamlakatimiz tarixidagi muhim siyosiy voqea – 2021 yil 24 oktyabrda o`tkaziladigan O`zbekiston Prezidenti saylovini keng yoritishga ko`maklashish maqsadida O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA) tashabbusi bilan tashkil qilingan“Xalqaro media-xoll”da “Renessans TV” telekanali ijodiy-tashkiliy yo`nalishlarining jamoatchilik muhokamasi bo`lib o`tdi.
“Renessans TV” telekanalini tashkil etish joriy yilning 2 aprel kuni O`zEOAVMA konferensiyasida qabul qilingan “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media-dasturidan o`rin olgan edi. O`zEOAVMA a`zolarining umumiy yig`ilishida barcha hududiy nodavlat telekanallar bilan hamkorlikda yagona teletarmoq yaratish rejasi bir ovozdan qo`llab-quvvatlangan edi.
Ma`lumki, O`zEOAVMA ellikka yaqin nodavlat markaziy va hududiy teleradiokanllarni o`zi ichiga oladi. “Renessans TV” teletarmog`i mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat ko`rsatayotgan 14 ta nodavlat telekanalni o`zida birlashtiradi. “Renessans TV” orqali ushbu telekanallar tomonidan uzatilgan, hududlardagi yuz berayotgan voqea-hodisalarhaqidagi xabar va yangiliklar, tahliliy materiallar butun respublika bo`ylab tarqatiladi. Shuningdek, “Renessans TV”ning markaziy tahririyati suratga olingan media-mahsulotlar, siyosiy-ijtimoiydasturlar, film va ko`rsatuvlar hududiy telekanallar efiri orqali tarqatilishi mumkin.
Ayni paytga qadar “Renessans TV”ni davlat ro`yxatidan o`tkazish, tegishli chastotalarga ulanish bilan bog`liq tashkiliy masalalar hal etildi. O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligiga qarashli, foydalanilmay turgan bino Agentlik rahbariyati bilan kelishilgan holda qayta ta`mirlandi. Zarur jihozlar, texnika vositalari keltirildi. Telekanalning ijodiy va texnik jamoasi shakllantirilmoqda.
2021 yilning 1 sentyabridan “Renessans TV” telekanali test rejimida ish boshladi. Hoziri kunda telekanal orqali muhim yangiliklar, saylov xabarlari, o`zbek kinoijodkorlari tomonidanyaratilgan filmlar, konsert dasturlari ijtimoiy roliklar muntazam berib borilmoqda. Tez orada telekanal to`liq formatda ish boshlaydi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari, xalqimizning turmush tarzi, yurtimizda va xorijda yuz berayotgaan hodisalar tezkor va xolisona tarzda yoritib boriladi.
Telekanal ijodiy jamoasi taqdim etayogan dasturlarni “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi markazi”, O`zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va boshqa bir qator nodavlat tashkilotlar rahbarlari va vakilliari, shuningdek taniqli jurnalistlar, yozuvchichilar, olimlar, soha ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida yangi telekanalni jamoatchilik minbariga aylantirish taklifi ilgari surildi.
“Xalqaro media-xoll”da o`tkazilgan taqdimot marosimida O`zEOAVMA boshqaruvi a`zolari, mutasaddi idoralar vakillari, taniqli madaniyat va san`at arboblari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar, ijodkor yoshlar ishtirok etishdi. Telekanal xodimlari “Renessans TV”ning ijodiy va texnik imkoniyatlaari xususida atroflicha ma`lumot berishdi.