Sudlanuvchi Nazira (ismlar o`zgartirilgan) o`zi ishlab kelayotgan klinik shifoxona qabulxonasida bo`la turib, sha`riy nikohidagi turmush o`rtog`i Jasur bilan o`rtalarida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida, qo`lida bo`lgan oshxona pichog`i bilan qasddan Jasurning chap ko`krak qismiga bir marotaba urib, tan jarohati etkazgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasi bergan xulosaga ko`ra, Jasurda ko`krak qafasi chap tomoni 7-qovurg`a sathidan ko`krak bo`shlig`iga kirib, diafragmani jarohatlab, qorin bo`shlig`iga o`tuvchi sanchilgan-kesilgan yara, chap tomonlama qovurg`alararo arteriyaning jarohatlanishi, ko`krak bo`shlig`iga qon quyilishi (gemotoraks) kabi jarohatlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu jarohatlar etkazilish vaqtida hayot uchun xavfli bo`lgan, og`irlik darajasi bo`yicha og`ir tan jarohatlari toifasiga kirishi ko`rsatilgan.
“Jiddiy jarohat olganligini kasalxonaga tushganidan so`nggina bildim...”
Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan Nazira e`lon qilingan aybiga iqror emasligini bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi:
— Jasur bilan 2019 yil noyabr oyidan beri shar`iy nikohdan o`tib, yashab kelaman. Turmushimizdan bir nafar farzandimiz bor. O`sha voqea sodir bo`lgan kuni turmush o`rtog`im ishxonamga keldi. Birgalikda ishxonam yaqinida joylashgan oshxonada ovqatlanib o`tirganimizda telefonimga “Instagram” ijtimoiy tarmog`i orqali audio-xabar keldi. Buni ko`rgan erimning jahli chiqib, baqirgancha haqorat qila ketdi. Begona odamlar oldida sharmanda qilganidan uyalib, ishxonamga kirib ketdim. U esa orqamdan kelib, tahdid qilgancha, janjalni davom ettirdi. Erimdan ketishni, sharmanda qilmaslikni iltimos qilib, qabulxonaga kirdim. U erga kirganimda pichoqqa ko`zim tushib, uni qo`limga oldim. Agar pichoqning o`rnida boshqa narsa turganida ham jahl ustida qo`lga olgan bo`lardim. Erimdan yana bir bora ketishni talab qildim, ammo uning o`zini bosa olmayotganini ko`rib, pichoqni bir-ikki marotaba silkitdim. Erim yaqinlashib, qo`limdan pichoqni olib qo`ydi. Talashish jarayonida ikkalamizning qo`limizni pichoq kesib ketdi. Shundan so`ng ham erim bir soatlar davomida ishxonamda bo`lib, keyin ketdi. Uning jiddiy jarohat olganligini kasalxonaga tushganidan so`nggina bildim. Janjal vaqtida erim meni qattiq haqorat qilgani uchun shok holatiga tushib qolganim sababli, bo`lib o`tgan voqeani to`liq eslay olmayman. O`sha paytda erimning kiyimidagi qonni ko`rib, o`zimning kesilgan qo`limdan oqqan qon tekkan, deb o`ylabman. Shu kuni turmush o`rtog`imga qasddan tan jarohati etkazish niyatim yo`q edi. Hozirda biz yarashib, bir oila bo`lib yashab kelyapmiz. Shularni inobatga olib, menga engillik berishingizni so`rayman.
Hukm o`qildi
Sudlanuvchi Nazira Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismining “l” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Unga nisbatan JKning 72-moddasini qo`llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilandi.
Abror SAIDOV, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi raisi,
Lola ShOIMOVA, jurnalist.