AsosiyJamiyat

Jizzax, Marg`ilon va Toshkent shahrida qonunga zid ravishda shirkat boshqaruvi raislari tayinlab kelingan

'Jizzax, Marg`ilon va Toshkent shahrida qonunga zid ravishda shirkat boshqaruvi raislari tayinlab kelingan'ning rasmi

Yalpi majlisda Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirining ko`p kvartirali uy-joylarga xizmat ko`rsatilishi va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi bo`yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi, deya xabar bermoqda Senat Axborot xizmati. 

Unda ma`lum qilinishicha, 2021 yil 1 sentyabr holatiga respublikada jami 38 373 ta ko`p kvartirali uy mavjud bo`lib, shundan 25 985 tasi 4 185 ta uy-joy mulkdorlari shirkati va 9 840 tasi 290 ta boshqaruv tashkiloti, 714 tasi mulkdorlar, tashkilotlar (balansida bo`lgani uchun) tasarrufida boshqariladi.

1 834 ta ko`p kvartirali uy boshqaruvsiz bo`lib, ularning aksariyati yangi qurilgan ko`p qavatli uylardir.

Respublikadagi jami 4 185 ta shirkatning 1 351 tasi yaxshi, 1 658 tasi o`rta va 1 176 tasi og`ir toifadagi shirkatlar sirasiga kiradi.

Shu bilan birga, ko`p qavatli uylarga xizmat ko`rsatish bo`yicha aksariyat shirkatlar faoliyati samarasiz ekanligi, boqimanda tarzda ishlashi natijasida qarzdorlik yildan-yilga oshib borayotganligi, qonun hujjatlarida ko`rsatilgan majburiyatlar bajarilmayotganligi kabi holatlar aniqlangan.

Natijada mulkdorlar (aholi) orasida o`tkazilgan so`rovnomalarda ularning 27,6 foizi shirkatlar faoliyatidan norozi ekanligi, shirkat raisini saylashda 58,9 foiz mulkdor qatnashmagani, majburiy badalni belgilashda 57,2 foiz mulkdor umumiy yig`ilishda ishtirok etmagani, 43,9 foiz mulk egasi majburiy badalning qaerga sarflanayotganini bilmasligi, 30 foizi olingan kredit mablag`lari to`g`risida xabari yo`qligi va 34 foizi esa shirkatlar tomonidan bajarilgan ishlardan qoniqmaganligini bildirgan.

Jizzax, Marg`ilon shaharlari va Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida qonunchilik talablariga zid ravishda mahalla fuqarolar yig`inlari raislari buyruqlari bilan shirkat boshqaruvi raislari tayinlab kelingan.

Shuningdek, shirkat boshqaruvi raisining tegishli malaka sertifikatiga ega bo`lishi kerakligi to`g`risidagi qonun talabi ham bajarilmagan.

 

    Boshqa yangiliklar