my5
Sevimli

"Olmatadamiz. Iltimos, yordam bering!" Ish izlab Qozog`istonga ketganlar qullikka tushib qoldi

Jinoyat 23.10.2021, 13:33
"Olmatadamiz. Iltimos, yordam bering!" Ish izlab Qozog`istonga ketganlar qullikka tushib qoldi

2021 yilning oktyabr oyida Toshkent shahar IIBB xodimlari Facebook ijtimoiy tarmog`idagi idoraning rasmiy sahifasi orqali foydalanuvchilarning biridan xabar qabul qilishdi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati. 

Unga ko`ra, Samarqand viloyatilik J.E. o`z ma`lumotlarini taqdim qilgan holda og`ir ahvolga tushib qolganini aytdi. Tanishining taklifi bilan Qozog`istonga ishlashga ketgan J.E.ga uch oydirki pasportini ham, oyligini ham berishmayapti. “Hozir biz Olmatadamiz. Iltimos, yordam bering” deb xabarini yakunladi.

Bu kabi xabarlar minglab murojaatlardan o`z ahamiyati, og`irligi bilan ajralib turadi. Bundan murojaatlarning mualliflari ko`pincha odam savdosi qurboniga aylanib qolishganini anglab etishmaydi. Ammo muammodan xabar topgan xodimlar tezkor chora ko`rish zarurligini tushunishadi.

Murojaat qilgan 31 yoshli J.E. bilan aloqa o`rnatildi: uning telefon raqami va bir qator tafsilotlar qabul qilindi. Ma`lum bo`lishicha, joriy yilning iyun oyida uni tanishi Sheroz N. Shimkentga qurilish ishlariga chaqirgan. Bajargan ishlari uchun haqini olmagan J.E. boshqa bir vatandoshi – Ali E.ning taklifiga rozi bo`lib, Olmaota viloyatiga borishga majbur bo`lgan. Manzilgan etib kelgan J.E.dan uning pasportini “vaqtinchalik ro`yxatdan o`tish” bahonasida so`rab, bir necha oy davomida hujjatlarini qaytarib bermasdan oylik ham berishmagan. Suhbat davomida aniqlanishicha, J.E. bilan birga xuddi shu holatga O`zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari – 1998-yilda tug`ilgan D.A. va 2000-yilda tug`ilgan O.U.lar ham tushib qolishgan.

Mazkur xabar Toshkent shahar IIBB JQB xodimlari va “Istiqbolli Avlod” Respublika ijtimoiy-axborot markazi tomonidan o`rganib chiqildi. Umumiy sa`y-harakatlar natijasida uch nafar O`zbekiston fuqarolari ekspluatasiyadan ozod qilinib, zarur yordam va huquqiy maslahat olishdi. Ularga O`zbekistonning Qozog`istondagi elchixonasiga hamda Qozog`istonning Olmaota viloyati policiyasiga ariza bilan murojaat qilishda ko`mak berildi. Hozirgi vaqtda qozog`istonlik hamkasblarimiz mazkur holat bo`yicha tergovga qadar tekshiruv o`tkazmoqda.

"Hurmatli fuqarolar! Ogoh bo`ling. Xorijda ishlash haqida so`z borganda qaror qabul qilishga oshiqmang, ayniqsa “ish beruvchi” sizni shoshiltirsa sergak bo`ling, internet orqali majburiy mehnatdan himoyalanish yo`llarini o`rganing. Bu kabi holatga tushib qolganingizda – bu haqida “Istiqbolli avlod” RIAMga yoki ichki ishlar organlariga xabar bering", - deyiladi xabarda.

Шарҳлар