Internet tarmog`ida 18 yoshli talabaning vafoti to`g`risida xabar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan Toshkent shahar IIB ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, kecha, 25 noyabr kuni taxminan soat 13.00 da Turin politexnika universitetining darvozasi yonida bir nechta yosh yigitlar uchrashishgan. Kelishmovchilik natijasida 18 yoshli A.R. (talaba emas) 18 yoshli Sh.R.ning (Turin politexnika universiteti talabasi) yuziga musht bilan urgan.
Zarba natijasida Sh.R. erga yiqilgan va etgan shikastlar oqibatida hayotdan ko`z yumgan. Mazkur fakt asosida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi ("Qasddan badanga og`ir shikast etkazish") bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi. Gumonlanuvchi qo`lga olindi, tergov davom etmoqda.