Ijtimoiy tarmoqlarda bolaga 2 yoshgacha nafaqa pulini tayinlash masalasi ham keng muhokama bo`layotgan mavzulardan biri... Bugun yana shu mavzu “jonlana” boshladi...
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev bu masalaga o`z munosabatini bildirdi.
Shundan so`ng "Darakchi" gazetasi Moliya vazirligi bilan bog`lanib holat bo`yicha izoh oldi.
Farrux Sulaymonov, Moliya vazirligida bo`lim boshlig`i o`rinbosari:
— Tabiyki, aholini, xususan ayollar va bolalarni ijtimoiy himoya qilish har bir davlatda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, boshqa har qanday masala kabi ushbu masalaning echimi ham o`z iqtisodiy narxiga ega. Ushbu masala bilan bog`liq boshqa muammolar mavjudligini va shu muammolarni hal etmasdan asosiy, ya`ni barcha ayollarni homiladorlik va bola parvarishi bo`yicha nafaqalar bilan qamrab olish maqsadiga etish imkoni bo`lmasligini tushuntirishga harakat qilamiz.
Birinchidan, ko`plab mamlakatlarda homiladorlik va tug`ish hamda bola parvarishi bo`yicha nafaqalar O`zbekistonda mavjud bo`lmagan ijtimoiy sug`urta jamg`arma mablag`lari xisobidan to`lanishini ta`kidlash zarur. Mazkur jamg`armalarning mablag`lari turli mamlakatlarda ish beruvchilar yoki mehnat faoliyatini yuritayotgan shaxslar va davlat tomonidan ko`rsatiladigan ijtimoiy yordam mablag`lari (ya`ni ijtimoiy ta`minotning kafolatlangan minimal darajasidagi to`plami) hisobidan shakllantiriladi.
Bunday jamg`armani O`zbekiston Respublikasida ham qayta tiklash mumkin. Ammo shu erda 2019 yilda O`zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi doirasida soliq yukini kamaytirish va tadbirkorlik sub`ektlarini soliqqa tortishdagi nomutanosibliklarni qisqartirish hamda norasmiy iqtisodiy faoliyatni rasmiylashtirish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirilganligini unutmaslik zarur. Shu jumladan:
a) barcha yuridik shaxslar uchun (byudjet tashkilotlari bundan mustasno) yagona ijtimoiy to`lov (hozirgi kunda ijtimoiy soliq) stavkasi 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi;
b) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i hisoblash va soliqqa tortish bo`yicha yangi tizimi ishga tushirildi. Natijada, daromad solig`ining maksimal stavkasi 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi;
v) fuqarolarning mehnatga haq to`lash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga ushlab qolinadigan 8 foiz miqdordagi sug`urta badallari bekor qilindi.
Shunday qilib, Ijtimoiy sug`urta jamg`armasiga sug`urta badallarini kiritishni joriy etish xususiy sektorga yaqindagina kamaytirilgan soliq yukini qayta ko`paytiradi va “domino effekti” natijasida xususiy biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish joylarini yaratish va yashirin iqtisodiy faoliyatni rasmiylashtirishga salbiy ta`sir ko`rsatib, umumiy iqtisodiy rivojlanish sur`atiga putur etkazadi va Davlat byudjeti tushumlarining kamayishiga olib keladi.
Ikkinchidan, ushbu masalaning echimini qidirishda milliy iqtisodiyotning xususiyatlariga alohida ahamiyat berish lozim. Xususan, 13,2 milliondan ortiq iqtisodiyotning turli sektorlarida mehnat faoliyatini yuritayotgan yurtdoshlarimizdan faqat 5,7 millionigina (band bo`lgan aholining 43 foizini tashkil etadi) rasmiy sektorda ish bilan ta`minlangan. Aholining aynan shu kamchilik qismi Davlat byudjeti mablag`larini shakllantiruvchi soliq va yig`imlar to`lovini amalga oshiradi. Band bo`lgan aholining qolgan qismi esa iqtisodiyotning norasmiy sektorida mehnat faoliyatini yuritayotgan shaxslar va xorijiy davlatlarga chiqib ketgan mehnat migrantlaridan iboratdir. Tabiiyki, bunday holat Davlat byudjeti imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi.
Ya`ni ayollarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish bo`yicha choralar davlat xarajatlarini oshirishi tufayli qo`shimcha mablag` manbalarini izlash majburiyatini tug`diradi. Qo`shimcha mablag`larni ikki yo`l bilan jamlash imkoniyati bor: soliq stavkalarini ko`tarish yoki tashqi va ichki qarz mablag`larini jalb etish orqali. Birinchi yo`l haqida yuqorida gap yuritildi, ikkinchi yo`l esa ma`lum xavf-xatarlarning mavjudligi tufayli nomaqbul hisoblanadi.
Tabiyki, ushbu muammolar echimsiz emas, ammo ularni hal etishda xolisona va ehtiyotkorlik bilan yondashish tavsiya etiladi. Oddiy qilib ta`riflaganda, etti o`lchab bir kesish lozim. Yuqoridagi muammolar va masalalardan kelib chiqqan xolda, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan BMTning O`zbekiston Respublikasining ijtimoiy tizimni mustahkamlash bo`yicha Qo`shma dasturi bilan hamkorlikda (YuNISEF, XMT va BMTning rivojlanish dasturini jalb etgan dastur) 2022–2030 yillarda O`zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyiha doirasida: 1) Ijtimoiy sug`urta jamg`armasini tashkil etish; 2) birinchi bosqichda homiladorlik va tug`ish nafaqalar Ijtimoiy sug`urta jamg`armasi mablag`lari hisobidan to`lanishi masalalari ko`rib chiqilmoqda.
Maftuna JO`RAEVA
"Darakchi" gazetasi 2021 yil 25 noyabr sonidan